O‘zA O`zbek

10.07.2020 Chop etish versiyasi

“Qoʻqon” EIZda import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda

“Qoʻqon” EIZda import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda

“Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasida “KHAT DESOR” xususiy korxonasi va “Grand Art class” masʼuliyati cheklangan jamiyati ish boshladi.

Pandemiya barcha sohalarga oʻz taʼsirini oʻtkazmasdan qolmayapti. Shu bois karantinga moslashish va shunday sharoitda ishlashga oʻrganishni hayotni oʻzi taqazo etmoqda. Fargʻona viloyatida ham kichik biznes va tadbirkorlik muhitiga qulaylik yaratish, korxonalarni qoʻllab-quvvatlash, investitsiya loyihalarini oʻz muddatiga amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratilyapti.

Korxonalarning barqaror ishlashi yoʻlida barcha saʼy-harakatlar ishga solinyapti. Karantin davrida viloyatda 6 mingdan ortiq sanoat korxonalari faoliyat koʻrsatayotgan boʻlib, belgilangan talablarga rioya qilinmoqda. Shuningdek, joriy yilning oʻtgan davri mobaynida 205 million dollarlik xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirilib, 480 ta loyiha ishga tushirildi.

photo_2020-07-09_20-51-53.jpg

“Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasi bugungi kunda viloyatning qaynoq nuqtasiga aylangan. Hozirga qadar bu yerda umumiy qiymati 279 million AQSH dollari miqdoridagi 85 ta investitsiya loyihalari joylashtirildi. 43 ta loyihalar amalga oshirilishi natijasida iqtisodiy zona ishtirokchilari tomonidan joriy yilning yanvar-iyun oylarida 627,8 milliard soʻmlik mahsulotlar ishlab chiqarildi. 12,9 million dollarlik mahsulotlar eksportga yoʻnaltirildi. Mazkur loyihalarni amalga oshirilishi natijasida 2 ming 480 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi.

Bugun mazkur hududda 2 ta yangi korxona foydalanishga topshirildi. Uning ochilish marosimida Fargʻona viloyati hokimi Shuhrat Gʻaniyev ishtirok etdi.

“KHAT DESOR” xususiy korxonasida 1,5 million dollarlik loyiha evaziga melamin qogʻoz, LDSP, LDMF mahsulotlari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan korxonada yiliga 70 milliard soʻmlik mahsulotlar ishlab chiqarish imkoni bor. Sifatli va raqobatbardosh mahsulotlarga ichki bozorda talab katta.

photo_2020-07-09_20-51-57.jpg

Ayni kunlarda bu yerda 50 nafar mahalliy yoshlar mehnat qilishmoqda.Korxona rahbari Alponjon Tolipovning aytishicha, loyihaning ikkinchi bosqichi boʻyicha ham ishlar davom etmoqda. Bir million dollarlik loyiha ishga tushgach, yuz turdan ortiq gullar bosiladigan mahsulotlar ishlab chiqariladi.

Viloyat hokimi korxona faoliyati bilan tanishib, mazkur loyihaning muhim jihatlari xususida oʻz munosabatini bildirdi.

-Bugungi kunda yurtimizda ulkan qurilish ishlari amalga oshirilmoqda, -dedi viloyat rahbari. –Mebelsozlik sanoati uchun zarur boʻladigan yangi korxonaning mahsulotlari buning uchun juda ham kerak. Ilgarilari bular faqat xorijdan olib kelinardi. Bugun esa oʻzimizda import oʻrnini bosuvchi raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi yangi korxona ochildi. Biz loyiha tashabbuskorini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyormiz.

photo_2020-07-09_20-52-02.jpg

“Grand Art class” masʼuliyati cheklangan jamiyati yirik loyihani bajarishga kirishdi. Mazkur jamiyatda tomonidan birinchi bosqich ishga tushirilib, poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda.

-Bu yerda biz 25 million dollarlik 5 ta loyiha boʻyicha ishlarni boshlaganmiz, -deydi jamiyat rahbari Sodiqjon Soliyev.-Sunʼiy teri ishlab chiqarish tarmogʻini mustaqillik bayrami arafasida ishga tushirishni rejalashtirganmiz. Shuningdek, notoʻqima mahsulotlar, penosvilin, poleuritam kabi xorijdan olib kelinadigan mahsulotlarni mahalliylashtirish asosida shu yerda ishlab chiqaramiz.

Viloyat hokimi Sh. Gʻaniyev poyabzal tarmogʻi va sunʼiy teri ishlab chiqarish loyihasining qurilish-montaj ishlarini koʻzdan kechirdi. Bu yerda ish boshlagan yoshlarga hunar oʻrganish muhim ekanligini alohida taʼkidladi.


3 145
M.Sulaymonov, M.Qodirov (surat), OʻzA