O‘zA O`zbek

04.07.2018 16:03 Chop etish versiyasi

Qizmi bu yoki yigit..?

Kiyim – inson ziynati. U kishi ma’naviyati, madaniyati, didi va dunyoqarashining yorqin ko‘zgusidir. 

O‘zbek xalqi o‘zining asrlar osha qadrlanib kelinayotgan milliy liboslari bilan ham butun dunyoga dovrug‘ taratgan. Turli ranglarda tovlanib, ko‘zni qamashtiruvchi atlasu adraslar nozik hilqat vakillarining ko‘rkiga ko‘rk qo‘shishda katta ahamiyat kasb etsa, beqasam to‘n, milliy do‘ppi va belbog‘ alp o‘g‘lonlarning mard, jasur va dovyurak bo‘lib kamol topishida muhim o‘rin tutadi. Bugun madaniyat va qadriyatlar globallashuvi liboslarga ham ma’lum bir ma’noda o‘z ta’sirini o‘tkazayotganini achinarlidir. G‘arbdan kirib kelayotgan ajnabiy suratlar va turli yozuvlar aks etgan kiyimlarni ko‘rib, yoqa ushlaysan kishi. Ayniqsa, ayrim o‘smir yigitlar ustidagi liboslar har qanday insonni taajjubga solishi shubhasiz.

So‘nggi paytlarda ommaviy axborot vositalarida kiyinish madaniyati to‘g‘risida ko‘plab maqolalar yozilib, ko‘rsatuv va eshittirishlar berilayotir. Ularning aksariyatida deyarli xotin-qizlarning kiyinishi “nishon”ga olinmoqda. Shu o‘rinda bir qancha savollar tug‘iladi. Bugun barcha yigitlar ham kiyinish madaniyatiga amal qilyaptimi? Ular egnidagi libosiga bir qur bo‘lsa-da nazar solib, qanday kiyim kiyayotganligi xususida fikr yurityaptimi?

Shu kabi savollar atrofida mushohada yuritish maqsadida ayrim yurtdoshlarimiz fikr-mulohazalariga ham quloq tutdik.

– Bashariyatning kiygan kiyimi uning dunyoqarashi, ichki madaniyati va individual psixologiyasidan dalolat beradi, – deydi psixolog Otabek Muxtorov. – Har bir inson kiygan libos uning yoshiga, mentaletitetiga, jinsiga mos va har qanday vaziyatda noqulaylik tug‘dirmaydigan, ko‘rkam hamda bejirimligi bilan atrofdagilarning ruhiyatiga ijobiy ta’sir o‘tkazadigan bo‘lishi lozim. Ayrimlar esa o‘zi ideal deb bilgan insonlarga yoxud mashhur kishilarga taqlid qilib kiyinadilar. Mana shunday va ayollar libosiga o‘xshash bichimda tikilgan kiyimlarni egniga uyalmasdan kiyib olgan erkaklarni ko‘rganda, yuzimiz beixtiyor oriyatdan qizarishi bor gap. Erkaklarning ayniqsa, o‘smir yigitlarning o‘ta tor, yupqa va kalta kiyimlar kiyishi zamirida maqtanchoqlik, o‘zini va badanini ko‘z-ko‘z qilish kabi o‘tkinchi hoyu havaslar ham yotadi. Bunday liboslar kiyishga qiziquvchan yigitlar psixologiyada “og‘ishgan ruhiyat” deb ataladi. Bu kabi illatlar albatta, tashqi ta’sir natijasida yuzaga keladi. Kiyinish madaniyati, eng avvalo, oilada shakllanadi. Demak, har bir ota-ona bu masalaga jiddiy yondoshib, farzandiga o‘rnak bo‘lishi zarur.

Darhaqiqat, bugun “ommaviy madaniyat”ning bu kabi turini o‘ziga ep ko‘rgan erkaklar, ayniqsa, yigitlar afsuski, ko‘plab uchraydi. Bunday holatlarning yanada ommalashishiga san’atkorlarimizning ham oz bo‘lsada “hissa”si bor, deb o‘ylaymiz. Konsertlarda qiziqchilarning tomoshabinlarni kuldirish maqsadida kiygan ayollar kiyimi va qiliqlari ham o‘sib kelayotgan yoshlarga salbiy ta’sir etishi ayni haqiqat. Oilada ota-ona, ta’lim muassasalarida esa ustoz va murabbiylarimiz yoshlarga har jihatdan namuna bo‘lishlari zarur. Birinchi o‘rinda kiyimning qulay va chiroyli, ko‘rkamligiga katta ahamiyat berish lozim. Chunki pokiza va go‘zal libos kayfiyatni ko‘taradi, qalbga orom bag‘ishlaydi hamda ko‘ngil tubidagi ezgu va pok niyatlar, orzularni ifodalashga xizmat qiladi.

Kiyinish madaniyati borasida buyuk mutafakkir va allomalar ham o‘z asarlarida turli fikr-mulohazalarni bayon etishgan. So‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy “Mahbub ul-qulub” asarida: “Erkaklarning o‘zini ko‘z-ko‘z qilish uchun yasanishi xotinlarning oroyish uchun bezanishlari kabidir. Ammo bu kabi bezanmoq har ikkalasi uchun ham nomunosib, xususan, erkaklar uchun ko‘proq sharmandalikdir”, deya ta’kidlab o‘tgan.

– Oxirgi paytlarda kino aktyorlar va mashhur san’atkorlarga taqlid sifatida adras va atlaslardan tikilgan kastyumni kiyib olgan tengdosh yigitlarga ham ko‘zimiz tushmoqda, – deydi Andijon davlat universiteti talabasi Guljahon Rustamova. – Ular bunday “moda” yigitlik g‘ururi va sha’niga dog‘ tushirishini yaxshi bilishmaydi, nazarimda. Ko‘p hollarda sizdan o‘n besh, yigirma metr oldinda qizil va pushti aralash ko‘ylak, tor tikilgan yirtiq, ko‘k shim va turli ranglar uyg‘unlashgan poyafzal kiyib ketayotgan insonni ko‘rib, uning qiz yoki yigit ekanligini ham ajratib olishda ancha bosh qotirasiz. Ayniqsa,


u o‘sgan sochini allambalo usulda turmaklaganini ko‘rganda na kulishingizni bilasiz, na kuyishingizni. Uning kimligini bilish maqsadida yoniga borsangiz, yigit kishi ekanligini ko‘rib, uyalib ketasiz. O‘zbek o‘g‘lonlari azaldan madr va jasur sifatida o‘zgalarga ibrat bo‘lib kelgan. Ochig‘ini aytsam, qizlarga ham ana shunday haqiqiy dovyurak, “belida belbog‘i bor” yigitlar yoqadi va hurmat qilishadi. Bir so‘z bilan aytganda, tengdosh yigitlarimiz ham o‘zlariga xos va mos erkakcha kiyinsalar nur ustiga a’lo nur bo‘lardi.

Shu o‘rinda qayd etish joizki, shariatimizda ham kiyinish odoblari va kiyimlarga oid ko‘plab hukmlar mavjud. Islom dinida erkak kishining ayol kishiday, ayol kishining erkak kishiday libos kiyishi man etilgan. Rasullulloh (s.a.v.) aytganlaridek, “Kimki bir qavmga o‘zini o‘xshataversa, u o‘sha qavmdan bo‘ladi”. Demak, inson har kimga ko‘r-ko‘rona taqlid qilavermasligi lozim.

Biz mavzu yuzasidan ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining ham shaxsiy fikrlarini bilishga qiziqdik. Shahnoza ismli ayol “Ha, bu juda ham xunuk manzara. Hattoki klassik shimlarni ham toraytirib, tiktirib olishyapti. Erkakni kiyimi emasda bu. Jamoat joylarida bu holat yanada yaqqol seziladi. Haqiqiy klassik bichimdagi shimlar erkak kishiga o‘zgacha salobat berib turadi”, deya mulohaza yuritsa, Qaldirg‘och Israilova “Tor shim mayliku-ya, qizil, pushti, yaltirok, toshli, munchokli, tillarang, gulli kiyimlar kiyib yurishgani asabni buzadi. Bizning erkaklarga hech yarashmaydi”, degan fikrlarni bayon etgan. Bundan tashqari, yana yuzlab tarmoq faollari mavzuga o‘z qarashlarini bildirishgan.

Xulosa o‘rnida aytish joizki, aslida, qanday kiyim kiyish har bir insonning shaxsiy ishi. Lekin, bu borada “ommaviy madaniyat” ta’siriga berilish, boshqa millat vakillariga taqlid qilish milliyligimizga umuman to‘g‘ri kelmaydi. Kiyim tanlash borasida avvalo, me’yorni unutmay, toza, ozoda, yarashgan liboslarni kiyishimiz kerak. 

Yuqorida ta’kidlaganimizdek, libos inson kayfiyati, ruhiyati, ma’naviyati, qolaversa, qay darajada tarbiyali ekanini belgilab beradi. Shunday ekan, tez-tez egningizdagi libosingizga nazar solib turing, aziz o‘g‘lonlar. U sizga yarashiqlimikin?

Mirolim Isajonov

Mirolim Isajonov
5 413