O‘zA O`zbek

31.08.2018 19:58 Chop etish versiyasi

Qiziltepada yangi zavod ish boshladi

Mamlakatimiz mustaqilligining 27 yilligi arafasida Qiziltepa tumanida sement zavodi foydalanishga topshirilgani voha sanoati yuksalishida muhim voqea boʻldi.

“Oq oltin kapital servis” MCHJ tomonidan 33 milliard soʻm mablagʻ evaziga bunyod etilib, zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan ushbu zavodning ochilishi munosabati bilan tadbir tashkil etildi.

– Zavodda eng soʻnggi rusumdagi zamonaviy uskunalar oʻrnatilib, 3 ta – maydalash, mahsulot tayyorlash va qadoqlash sexlari tashkil etildi, – deydi zavod ish boshqaruvchisi N.Habibov. – Davlatimiz rahbarining joriy yil 2 martda viloyatimizga tashrifi chogʻida korxonani xomashyo, tabiiy resurslar bilan taʼminlash kabi baʼzi masalalarni hal etish boʻyicha mutasaddilarga topshiriqlar berilgan edi. Shundan soʻng ishimiz yurishib, zavodni qisqa fursatda ishga tushirishga zamin yaratildi.

Ayni vaqtda 120 nafar ishchi mehnat qilayotgan korxonada bir kecha-kunduzda 300 tonnagacha tayyor qurilish materiali ishlab chiqarish imkoniyati mavjud. Yaqin kelajakda yillik tayyorlanadigan tovar hajmi 1 million tonnaga yetkazilishi rejalashtirilgan. Ishlab chiqariladigan mahsulot nafaqat ichki, balki tashqi bozorga ham yoʻnaltiriladi.

Nuriddin Rahimov, OʻzA
1 682