O‘zA O`zbek

07.02.2018 14:39 Chop etish versiyasi

"Qizil kitob"ni o‘qiganmisiz?

"Qizil kitob"ni o‘qiganmisiz?
Namanganda “Ekologik muammolarni hal etishda NNTlar ishtirokining huquqiy asoslari, tabiatni muhofaza qilishga oid qonunlar normalarini tatbiq etish mexanizmlari” mavzusida seminar o‘tkazildi.

O‘zbekiston Ekologik harakati va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Ekologik harakati markaziy kengashi, harakatning Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlari hududiy bo‘linmalari mas’ul xodimlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, jurnalistlar ishtirok etdi.

Seminarda dastlab, “Atrof-muhit muhofazasiga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda O‘zbekiston Ekologik harakatiga ko‘maklashish” loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Loyiha doirasida Ekoharakatning xalqaro aloqalari yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, 2015 yilda O‘zbekiston delegatsiyasi Buyuk Britaniyada bo‘lib, ekologiya sohasida davlat va jamoat tashkilotlari bilan tajriba almashib qaytdi. Ekoharakatning Farg‘ona viloyati hududiy bo‘limi axborot-resurs markazi tashkil etildi. Mazkur markaz tomonidan ekologik nazorat amalga oshirilishini muvofiqlashtirish, ekologik qonubuzarliklar haqida tezkor ma’lumotlar yig‘ish, tahlil qilish va ularni bartarar etish, oldini olish, bu borada tegishli davlat organlari bilan hamkorlik qilish, atrof-muhit muhofazasiga doir qonun va qonunosti hujjatlari mazmun-mohiyatini targ‘ib qilish kabi keng qamrovli faoliyat olib borilmoqda.

Tadbirda, shuningdek, huquqiy asoslar, ularni amalda qo‘llash mexanizmlari yetarli bo‘lishiga qaramasdan, tabiatni muhofaza qilish, aholinining ekologik bilim va madaniyatini oshirish, ekologiyada jamoatchilik nazorati borasidagi amaliy natijalarga tanqidiy baho berildi.

8.jpg

– Bugungi kunda nafaqat omma, balki faoliyati bevosita ekologiya bilan bog‘liq mutaxassislar ham amalda tabiatdan uzoqlashib bormoqda, – deydi Ekoharakat markaziy kengashi a’zosi M.Mahmudov. – Misol uchun, biologiya, botanika, zoologiya o‘qituvchilari va boshqa shu kabi soha mutaxassislarining aksariyati O‘zbekistonda nashr qilingan “Qizil kitob”ni o‘qish u yoqda tursin, hatto ko‘rmagan ham. Demak, o‘simlik va hayvonot dunyosining yo‘qolib borayotgan noyob turlari haqida eng so‘nggi ma’lumotlarga ega emas. Bundan tashqari, chiqindilar masalasi ekologiyaning eng dolzarb muammosi bo‘lib turgan bugungi kunda uning ildizi, yechimi doirasida yetarli darajada ish olib borilmayapti. Bunday misollar juda ko‘p va ular birinchi navbatda ekologik madaniyat va qonunlar ijrosining nazorati bilan bog‘liqdir.

Seminarda hududlarda ekologik holatni barqarorlashtirish, ekologik nazoratning jamoatchi inspektorlarini tayyorlash va ularning faoliyatini tashkil etishda davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligini yo‘lga qo‘yish, ekologik nazoratning ta’sirchan mexanizmlarini joriy etish, sanoat va maishiy chiqindilar bilan ifloslanishning salbiy ta’sirini kamaytirish hamda aholining ekologik xabardorligini oshirish borasidagi vazifalar muhokama qilindi.

Ishtirokchilar tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar asosida mazkur vazifalarni amalga oshirish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqildi.

Akramjon Sattorov, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA
10 035