Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.10.2017 15:09 Chop etish versiyasi

“Qizil kitob”ga kiritilgan o‘simliklarning ayrim turlari ko‘paytirilmoqda

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 11 maydagi “O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoni va “O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorida o‘rmonlarda dorivor o‘simliklar parvarishlanadigan plantatsiyalar maydonini kengaytirish, asrash borasida muhim vazifalar belgilangan.

– Mazkur hujjat ijrosi doirasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi “Shifobaxsh” dorivor o‘simliklarini yetishtirish va qayta ishlash markazi direktori o‘rinbosari Turg‘unboy Ibragimov. – Xususan, 2017-2021 yillarda o‘rmon fondi yerlari va fermer xo‘jaliklarida dorivor o‘simliklar plantatsiyalarini tashkil etish loyihasi ishlab chiqildi. Joriy yilda qariyb 2 ming gektarga 70 turdan ortiq dorivor o‘simliklar ekish rejalashtirilgan. Yil oxiriga qadar qariyb 4 ming tonna dorivor giyohlar yig‘ilib, “Dori-darmon” aksiyadorlik kompaniyasi hamda “O‘zfarmsanoat” davlat aksiyadorlik konserni korxonalariga yetkazib beriladi. Shuningdek, O‘zbekiston “Qizil kitobi”ga kiritilgan omonqora, yetmak, bozulbang kabi dorivor o‘simliklar, tabiiy holda o‘sayotgan Turkiston arslonquyruq turini madaniylashtirish, qizil exinatseyaning madaniy plantatsiyalarini kengaytirish va dorivor o‘simliklar yetishtirish hajmini yiliga 4 ming tonnadan 5 ming tonnagacha yetkazish rejalashtirilgan. Amalga oshirilayotgan bu kabi chora-tadbirlar tufayli milliy va xalqaro “Qizil kitob”ga kiritilgan o‘simliklarning ayrim turlarini ko‘paytirishga muvaffaq bo‘linmoqda.

Mamlakatimizda shifobaxsh giyohlar o‘sadigan tabiiy hududlarni muhofaza qilish, o‘rmon xo‘jaliklarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, Bo‘stonliq, Oxangaron, Zomin, Baxmal, Forish, Urgut, Kitob, Yakkabog‘, Qamashi, Dehqonobod, Boysun, Uzun, Sariosiyo tumanlarida dorivor o‘simliklar yetishtirish keng yo‘lga qo‘yilgan.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, shifobaxsh xususiyatlarga ega bo‘lgan o‘simliklar xastaliklarni samarali davolashda inson organizmi uchun foydali. Qolaversa, o‘zimizda yetishtirilishi ishonchli va arzon. Bundan tashqari, ularga xorijda talab yuqoriligi uchun eksport qilish imkoniyati mavjud.

O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yurtimizda 4 ming 500 dan ortiq oliy navli o‘simlik turi mavjud. Shundan, 500 xili shifobaxsh xususiyatga ega bo‘lib, ular zamonaviy tibbiyotda va xalq tabobatida keng qo‘llaniladi. Afsuski, bugungi kunda o‘rmon fondi yerlaridagi 324 o‘simlik turi yo‘qolib ketish arafasida turibdi. Dalachoy, tog‘rayhon, o‘lmas-o‘t, sassiq kovrak, arslonquyruq, qizil do‘lana, qiriqbo‘g‘im, zubturum, shirinmiya, dug‘bo‘ylar shular sirasidandir. Bu kabi xolatlarning oldini olish, tabiiy zaxiralarni saqlash maqsadida har yili o‘rmon xo‘jaliklarida dorivor o‘simliklar plantatsiyalari tashkil etilmoqda.

Joriy yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati o‘rmon xo‘jaliklarida 800 gektardan oshiq shirinmiya o‘simligi plantatsiyalari barpo etilmoqda. Shirinmiya xalq tabobatida juda qadimdan eng noyob dorilar tayyorlashda keng foydalanilgan. Bugungi kunda uning ildizi jahon bozorida raqobatbardosh mahsulotga aylanib, shifobaxsh xususiyatlari jahon farmakologiyasi va oziq-ovqat sanoatida yetakchi hisoblanmoqda.

Cho‘l hududlarda uchraydigan bu noyob giyoh ildizi tomoq og‘rig‘i, nafas yo‘li shamollashi, bronxit, yo‘tal kabi xastaliklarni davolashda samarali vositadir. O‘zbekistonning tabiiy iqlim va tuproq sharoitlari mazkur noyob giyoh o‘sishi uchun har jihatdan qulay. Noyob dorivorlik xususiyatiga ega bu o‘simlik tabiatimizda tobora kamayib bormoqda. Uning xususiyatlarini o‘rganish va asrab qolish soha xodimlari oldidagi muhim vazifalardan biridir.

Tabiatimizda shirinmiya kabi o‘simliklar juda ko‘p. Ulardan biri – tilov o‘ti. Bu o‘simlik o‘tkir yuqumli kasallik – kuydirgi (Sibir yarasi, antraks)ni davolashda keng qo‘llaniladi. Soha mutaxassislarining ta’kidlashicha, tabobatda o‘ta qadrlanadigan tilov o‘ti bundan o‘ttiz yil muqaddam mamlakatimizda juda mo‘l bo‘lgan. Afsuski, so‘nggi yillarda bu giyoh juda kamayib ketgan.

Mamlakatimizda atrof-muhit barqarorligini asrash, tabiatning bebaho ne’matlaridan to‘g‘ri va oqilona foydalanishga qaratilgan mustahkam tizim yaratilib, sohaga e’tibor yanada oshdi. Nabotot va hayvonot olamini asrashga qaratilgan bunday ezgu amallar ekologik barqarorlikni mustahkamlash, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini chuqur qaror toptirishda katta ahamiyatga ega.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA
2 384






Все о погоде - Pogoda.uz