O‘zA O`zbek

09.10.2019 Chop etish versiyasi

“Qiz qal’asi“ – qachon va kim tomonidan, nima maqsadda qurilgan?

“Qiz qal’asi“ – qachon va kim tomonidan, nima maqsadda qurilgan?

Bokudagi eng buyuk va diqqatga sazovor yodgorlik sifatida bir ovozdan Eski shahardagi “Qiz qal’asi“ tan olinadi. 

Mahalliy mutaxassislarning so‘zlariga qaraganda, bu kabi tarixiy obida Sharq mamlakatlarining birortasida ham uchramas ekan. Hozircha yodgorlikning qachon va kim tomonidan, nima maqsadda qurilgani borasidagi bahsu munozaralar davom etmoqda.
Ko‘plab tarixchilarning fikricha, ayni damda Bokuning ramzi bo‘lmish ushbu obida eramizning boshlarida bunyod etilgan. Biroq, binoning eramizdan avvalgi asrlarda qurilganini aytuvchi tarixchilar ham bor. Yana bir guruh tarixchilar “obida VI asrlarda qurilgan bo‘lishi mumkin”, degan fikrni o‘rtaga tashlashadi. Yana bir guruh olimlar qal’a birdaniga emas, asta-sekin bunyod etilganini aytishadi. Tarixchilarning so‘zlariga qaraganda, qal’a XII asrda Shirvanshohlarning eng mustahkam qal’alaridan biri sifatida tan olingan.

Arxeologlar qal’a atrofidan eramizdan avvalgi V-VI asrlarga oid qadimiy odamlarning qoldiqlarini, ularga tegishli mehnat qurollarini va harbiy qurol-yarog‘larni topishga muvaffaq bo‘lganlar. Mazkur noyob inshoot toshdan bunyod etilgan bo‘lib, u avvaliga diniy ibodatlar o‘tkazish maqsadida – ya’ni Otashgoh sifatida qurilgani taxmin qilinadi. Biroq, rasadxona yoki mudofaa inshooti vazifasini bajargani borasidagi taxminlar ham mavjud. Ammo taxminlarning birortasi ham hozircha o‘z tasdig‘ini topganicha yo‘q. Chunki qal’a joylashuvi va qurilishi bo‘yicha mudofaa maqsadlariga javob bermas edi. Ya’ni qal’ada qurol-yarog‘larni joylashtirish uchun mutlaqo imkoniyat yo‘q. Qal’aning yuqori qismida XII asrga oid kufiy yozuvidagi tosh taxta bor. Biroq toshtaxta keyinchalik qal’aga ta’mirlovchi usta tomonidan o‘rnatilgani aytiladi.

Obidaning “Qiz qal’asi” deyilishiga inshoot biror marta ham dushmanlar tomonidan egallanmagani sabab bo‘lsa, ajab emas.
“Qiz qal’asi“ haqida ko‘plab afsonalar bor. Afsonalardan birida aytilishicha, malikani otasi o‘zi yoqtirmagan yigitga turmushga bermoqchi bo‘ladi. Shundan so‘ng, o‘zining talabi bilan qurilgan binoning tomiga chiqqan malika o‘zini dengizga tashlab halok bo‘ladi. Yana bir afsonaga ko‘ra, bosqinchilar shaharga yaqinlashganlarida, minora tomidagi alanga bokira qizga aylanib, dushmanga qaqshatqich zarba bera boshlaydi. Dushman armiyasi ortga chekinadi. Biroq, shaharga qaytgan qahramon qiz dushman lashkarboshisini sevib qolganini aytib, qilichi bilan o‘z joniga qasd qilgan ekan.

Qiz tushgan tosh bokiralik ramzi sifatida ko‘riladi. Shu yerda savol tug‘iladi, axir qal’a dengizdan 100 metr uzoqlikda bo‘lsa, qiz qanday qilib o‘zini dengizga tashlashi mumkin? Afsonalardan ma’lum bo‘lishicha, o‘sha vaqtlarda “Qiz qal’asi“ Kaspiy dengizi sohillariga yaqin bo‘lgan. Keyinchalik, dengiz shahardan uzoqlashgan bo‘lishi mumkin.
VIII asrga qadar inshootdan qal’a bayrog‘ini ko‘tarish maqsadida foydalanishgan bo‘lishsa, keyinchalik mayoq sifatida ishlatildi. Yillar o‘tib shahar kengaya borishi bilan, to‘g‘rirog‘i 1907 yilda mayoq Nargin oroliga ko‘chirildi.

O‘tgan davr davomida qal’a bir necha bor ta’mirlandi. 1960 yilgi ta’mirlanishdan so‘ng Ozarbayjon mo‘jizasi bo‘lmish qal’a butunlay o‘zgarib ketdi. Qal’aning balandligi 29,5 metrni, diametri 16,5 metrni tashkil qiladi.
“Qiz qal’asi“ ozarbayjonliklarning faxri hisoblanadi. Ozarbayjon adabiyotida ushbu inshoot haqida ko‘plab asarlar yaratilgan. 1923 yilda taniqli ozarbayjonlik dramaturg Jafar Jabarli “Qiz qal’asi” deb nomlangan doston yozdi. Oradan bir yil o‘tib, shu nomdagi film suratga olinadi. “Qiz qal’asi” deb nomlangan birinchi Ozarbayjon baleti 1940 yilda sahnalashtirildi.

“Qiz qal’asi“ 1964 yilda muzeyga aylantirildi. 2000 yilda esa YuNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritildi.

Sharofiddin To‘laganov

2 183
O‘zA