O‘zA O`zbek

04.08.2018 12:50 Chop etish versiyasi

Qismatiga yovvoyilik bitilgan odam bolalari

Qismatiga yovvoyilik bitilgan odam bolalari
“Qush uyasida ko‘rganini qiladi” degan maqol barchamizga ma’lum. Ammo qushning uyasi bo‘lmasa-chi? Yoki boshqa uya va yot sharoitda ulg‘aysachi? Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, insonlar parvarishida bo‘lgan uy hayvonlari necha yillar o‘tsa-da, inson mehriga o‘rganadi, ammo muhim insoniy xislatlarni o‘zlashtirganligi mavhumligicha qolaveradi. 

Voqealar to‘qimadek tuyular...

Bugungi kunda “Tarzan” filmini tomosha qilmagan yoxud Tarzan va uning sevgilisi haqidagi multfilm va kompyuter o‘yinlarini bilmagan ko‘rmagan kishi bo‘lmasa kerak?.. Tarzan filmi 1912-yil chikagolik yozuvchi Edgar Rays Berrouz (1875-1950) tomonidan o‘ylab topilgan va 1914-yil chop etilgan asar qahramoni.

826ef36f-e07a-4492-a645-71c3dfe73a5c.jpg

1934-yil asar AQSH “Metro-Goldwen-Mayer” studiyasi tomonidan film sifatida suratga olingan. Film byudjeti o‘z davrida 1 279 142 mln. dollarni tashkil etgan. Tarzan obrazini aktyor Jonni Vaysmyuller yaratgan. Filmda insonlardan uzoqda, ya’ni o‘rmonda hayvonlar orasida yashagan bolaning kechmishlari va ongidagi o‘zgarishlari talqin qilinib, bola hayvonlarga xos jihatlarni o‘zlashtirgani ular bilan til topisha olgani namoyish etilgan. 

Xo‘sh, inson bolaligidan hayvonlar orasida ulg‘aysa, uning hayvon darajasiga kelib qolishi haqiqatmi?

Hayvonlikdan kecholmas bola... 

1980-yil Fransiyaning janubidagi Sen-Serin qishlog‘ida o‘rmondan g‘alati maxluq chiqdi. U tik turib harakatlanganida 11-12 yoshli bola ekani aniqlangan bo‘lsa-da, ko‘proq hayvonga o‘xshash holatlar kuzatilgan.
 
Bola g‘alati chinqiriqqa o‘xshash ovoz chiqarardi. Shaxsiy gigiyena to‘g‘risida hech qanday tasavvurga ham ega bo‘lmay, qayerda xohlasa, o‘sha yerda bo‘shanib ketaverardi. Yovvoyi bolani mahalliy politsiyaga topshirib, yetimxonaga joylashtirishadi. 

Dastlabki paytlarda bola u yerdan bir necha bor qochishga uringan. Kiyim kiyishni xohlamay, yechib uloqtirardi. Berilgan e’lonlar bo‘ycha ham hech kim uni izlab kelmagan. Tibbiy tekshiruvlar bolani sog‘lom deb topgan. Unga ko‘zguni ko‘rsatishganida u o‘zini tanimagan. 

Bir kuni yovvoyi bola ko‘zgudan ko‘ringan kartoshkani olaman deb rosa uringan (aslida kartoshka uning orqasida edi). Ko‘p urinishlardan so‘ng axiri qo‘lini orqaga uzatib, kartoshkani olishga muvofiq bo‘ldi. Buni kuzatib turgan tadqiqotchining aytishicha, bu kabi holatlar bolaning mutlaqo aql va fikr yuritishga qodir emasligini tasdiqlaydi. Bolada sezgi bo‘lsa-da, uni o‘rinli ishlata olmaydi. 

Keyinchalik bola Parijga olib kelinib, “hayvondan odamga aylantirish”ga muntazam harakat qilindi va bunga qisman erishildi. Gigiyena qoidalari va kiyim kiyish bo‘yicha ko‘nikma hosil qilindi. Lekin uni hech bir o‘yinchoqni o‘ynashga qiziqishi uyg‘onmagan. Shuningdek, inson nutqini o‘rganishni sira istamasdi. Keyingi hayoti davomida ham bola hech bir natijaga erisha olmadi. 

Qamal Jenini aqldan ozdirganmi? 

Kaliforniyalik Jeni otasi tomonidan aqliy ojiz degan fikr bilan bir yarim yoshdan o‘n uch yoshgacha atrof-muhitdan odamlardan ajratilib qulflangan xonada oyoq-qo‘li bog‘liq holda yashagan. Shuningdek, beshafqat ota ko‘zi ojizlashib borayotgan xotinini ham sira tashqariga chiqarmas, oilaning tashqi dunyo bilan aloqasi, bozor-o‘charlar birgina maktabga qatnaydigan o‘smir bola orqali amalga oshirilgan. 

b8a4a25b-8aac-4100-9674-d521c6a2f560.jpg

Jenining tizza suyagi chiqib-kirib turgani uchun u yurishga o‘rgana olmagan. U agar shovqin solsa va baqirsa, kaltaklanar, hatto uni hojatga borishga ham o‘rgatishmagandi. Faqat tundagina uning arqondan bo‘shatib, uyquga yotqizishgan. Jeni odamlar nutqini butunlay kam eshitgan. Bir kuni onasi Jenini uydan olib qochib ketadi. Jeni tez orada davolanishga yotqizildi. Dastlab u cho‘loqlanganga o‘xshab harakatlanishni o‘rgandi.

Psixologlar qizga tashqi ta’sirlar oqibatida jamiyat va hayotga moslasha olmagan, odamga o‘xshash ibtidoiy mavjudot deya tashxis qo‘yishgan. Jeni hayotga qisman moslashtirildi, kiyinish, ovqatlanish kabi holatlar o‘rgatildi. Qiz deyarli jim yurar va ba’zan kulardi. Ovozi chinqiriqqa o‘xshash g‘alati chiqardi. Keyinchalik uni kasalxona shifokorlaridan biri qiz qilib oldi va ko‘plab so‘zlarni o‘rgatdi. Shunga qaramay, Jeni so‘zlarni va fikrlarini go‘yo 2-3 yoshli bola kabi sodda ifodalay olgan, xolos. 

Qalb shakllanmasa... 

Inson bolasi ulg‘ayar ekan, uning hayotida atrof-muhit ta’sirning naqadar muhimligi barchamizga ma’lum. Balki yuqoridagi voqealari to‘qimadek tuyular, ammo kattalarning hech qanday ta’sirisiz bola nimaga o‘xshab qoladi? Til va ifodalarni o‘rganishda shunday bir “chegara” borki, ayni o‘sha davrda orttirilgan jihat inson kelajagiga qattiq ta’sir etar ekan.

Ayniqsa bu jarayon ota-onalar ta’sirida tez va shiddatli tus oladi. Insonda avvalo fikr, taqlid va o‘zlashtirish kabi oliy qobiliyatlar bor, demak, uni yoshligidan ezgu amallarga mehr va e’tibor bilan yo‘naltirish lozim. 

bbc_loneliness_experiment_1400x400.jpg

Qalb masalasiga kelganda sal boshqacharoq fikrlashimiz ham mumkin, odam bolasi insonlardan yiroq, hayvonlarga yaqin jamoada ulg‘aygan bo‘lsa ham, o‘ziga xos jihatlari bilan ajralib turadi. 

Demak, yana bir tushuncha borki, inson qanday muhit va sharoitda yashamasin, agar unda qalb tuyg‘ulari shakllanmasa, hech qachon inson sifatiga qo‘shila olmaydi. Bu aynan o‘sha — biz sevib tomosha qiladigan Tarzan obrazi orqali ham e’tirof etilgan desak, adashmagan bo‘lamiz.

Abdulaziz Rustamov, O‘zA
4 093