O‘zA O`zbek

01.06.2018 11:59 Chop etish versiyasi

Qishloqlarda yangi arxitekturaviy ko‘rinish paydo bo‘ladi

Prezidentimizning 2016-yil 21-oktyabrdagi “2017-2021 yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi to‘g‘risida”gi qarori yurtdoshlarimizning uy-joylarga bo‘lgan talabini qondirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ushbu qaror ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Kompaniya bosh direktori o‘rinbosari Fayzulla Islomovning ta’kidlashicha, qarorga asosan qishloq joylarda arzon uylarning yangi namunadagi 3 xil turi bunyod etilmoqda.

2017 yilda barcha qulayliklarga ega 25 ming 543 uy qurilgan bo‘lsa, shundan 19 ming 583 tasi uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan qishloq aholisi uchun bunyod etilgan yangi namuna asosidagi arzon uylardir.

Joriy yildan uy-joylar taqsimlanishini yanada shaffoflashtirish maqsadida tuman hokimliklari huzurida kamida 9 ta a’zoni o‘z ichiga olgan doimiy komissiya tashkil etildi. Turli soha vakillaridan tarkib topgan komissiya a’zolari arzon uy-joyga ehtiyoji bor oilalarni aniqlashtirib, tegishli xulosa chiqaradi va shu asosda uylar taqsimlanadi.

Tadbirda 2018 yilda jami 22 ming 145 yangilangan namunaviy loyihalar asosida arzon uy-joylar qurilishi rejalashtirilgani ma’lum qilindi. Hozirda qurilish-montaj ishlari jadal davom etmoqda. Prezidentimizning hududlarga qilgan tashrifi chog‘ida aholi takliflaridan kelib chiqqan holda bergan topshiriqlariga asosan, viloyatlarda qo‘shimcha arzon uylar qurilishi belgilangan. Ushbu uylarning ham loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, qurilish ishlari bosqichma-bosqich boshlanmoqda.

Yangi qurilayotgan uy-joy massivlarining tashqi muhandislik qiyofasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, yo‘llarni asfaltlash, gaz va elektr bilan ta’minlash, mahalla guzarlari, maishiy xizmat ko‘rsatish majmualari, savdo shaxobchalari qurish ishlari jadal bormoqda.

Mohigul Qosimova, O‘zA
2 581