Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.10.2017 17:59 Chop etish versiyasi

Qishloqda zamonaviy madaniyat va aholi dam olish markazi foydalanishga topshirildi

Buxoro tumanidagi “Galaosiyo” madaniyat va aholi dam olish markazi mukammal ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 25-iyundagi “2013-2018-yillarda zamonaviy madaniyat va aholi dam olish markazlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida bu yerda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi.

Mukammal ta’mirlash doirasida bino va undagi mashg‘ulot xonalari yangicha qiyofa kasb etish bilan birga, shug‘ullanuvchilar uchun tegishli sharoitlar yaratildi. Tomosha zali kengaytirilib, 210 o‘ringa yetkazildi.

Tadbirda zamonaviy markaz hudud aholisining bo‘sh vaqtini mazmunli va samarali tashkil etish, iste’dodli yoshlarni kashf qilish hamda qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Madaniyat maskanida tashkil etilgan raqs, rubob, doira, milliy estrada va shaxmat-shashka to‘garaklarida 100 ga yaqin yosh o‘zlari qiziqqan yo‘nalish bo‘yicha mashg‘ulotlarda ishtirok etmoqda.

– Avval 5 kilometr uzoqlikdagi madaniyat va aholi dam olish markazi raqs san’ati to‘garagida shug‘ullanar edim, – deydi 11 yoshli Venera Ahmedova. – Endi esa qishlog‘imizda tajribali xoreograf rahbarligida raqqosalik sirlarini o‘rganyapman.

Viloyat madaniyat boshqarmasidan ma’lum qilishlaricha, yaqin kunlarda Vobkent, Peshku va Romitan tumanlarida ham madaniyat va aholi dam olish markazlarining mukammal ta’mirlangan binolarini foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Erkin Yodgorov, O‘zA
6 330