O‘zA O`zbek

07.11.2019 Chop etish versiyasi

Qishloqda “Elektron poliklinika” tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda

Qishloqda “Elektron poliklinika” tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda

Tibbiyot va innovatsiya 

Bugun qulog‘imizga “Elektron poliklinika” degan yangi atama tez-tez chalinayotgani bejiz emas.

Qayd etilishicha, mazkur tizim poliklinikalarda avtomatlashtirilgan elektron ambulator kartani yuritish, aholiga esa onlayn usulda, ya’ni uydan chiqmasdan yashash joyi bo‘yicha oilaviy poliklinika shifokori qabuliga yozilish, fuqaroga qulay vaqtda tibbiy xizmat olish imkonini berishi bilan afzaldir.

– Soliq tizimida soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami (STIR) tushunchasini bugun hamma yaxshi biladi, – deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sherali Nurmatov. – Bu tizim kundalik hayotimizda qancha qulayliklar yaratgani barchamizga ayon. Joriy etilayotgan “Elektron poliklinika” tizimi orqali har bir fuqaro salomatligiga doir barcha ma’lumotlar yagona elektron bazaga jamlanadi.

Aytaylik, fuqaroning qon guruhi, yoshligida qanday kasallik bilan og‘rigani, nimaga allergiyasi borligi, avval qanday muolajalar olgani singari barcha ma’lumotlar bu bazada aks etib turadi. Poliklinika shifokori bemor huzuriga kelguniga qadar u xususida ma’lumotlarga ega bo‘ladi. Bu, birinchi navbatda, tizimda ko‘pchilikning vaqtini oladigan ortiqcha qog‘ozbozlikka barham beradi. Vaqt tejaladi, tibbiy xizmat sifati va samaradorligi oshadi. Mazkur tizimni yo‘lga qo‘yish maqsadida tibbiyot muassasalarini axborot texnologiyalari bilan ta’minlash, internet sifatini yaxshilash choralari ko‘rilmoqda. Kelgusida tibbiy elektron tizimdagi raqamimiz ham STIR singari kundalik hayotimizdan mustahkam o‘rin olishi va eng muhimi, ulkan qulayliklar yaratishi shubhasiz.

Ayni paytda tizimda namunaviy hududlar hisoblanadigan Qarshi shahri va Kitob tumanida bu borada dastlabki qadamlar tashlandi. Shuningdek, yana bir e’tiborli jihat, qishloqda – Qarshi tumanidagi Omontepa mahallasi hududida joylashgan 52-oilaviy poliklinikada ham mazkur tizimni joriy etish borasida bir qator ishlar amalga oshirildi.

– Yangilanayotgan davr tibbiy xizmatni ham yangicha talablar asosida tashkil etishni talab etadi, – deydi mazkur muassasa bosh shifokori Dilfuza Jo‘raeva. – Eng avvalo poliklinikamiz binosi mazkur talablar asosida qayta ta’mirlanib, zarur axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va boshqa zamonaviy jihozlar, uskunalar bilan ta’minlandi. Xodimlarimizning AKT savodxonligini oshirishga alohida e’tibor qaratdik. Ayni paytda hududimizdagi aholi vakillarining tibbiy ma’lumotlari elektron bazasini takomillashtirish ustida ishlayapmiz.

Omontepa, Qovchin, Yangi hayot, Shirkent mahallalarida istiqomat qiladigan 16 ming 580 aholini qamrab oladigan bunday bazani yaratish oson ish emas. Poliklinika xodimlari bu ishga mas’uliyat bilan yondashmoqda.

Shu o‘rinda qayd etish joizki, mazkur oilaviy poliklinikada tez tibbiy yordam bo‘limi, ayollar maslahatxonasi, o‘smir qizlar salomatlik xonasi, fundamental diagnostika bo‘limi, kunduzgi bo‘lim, ijtimoiy dorixona, shuningdek, ginekolog, xirurg, stomatolog singari tor soha mutaxassislari samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.

246
O‘lmas BAROTOV, O‘zA