O‘zA O`zbek

04.08.2020 Chop etish versiyasi

Qishloq xoʻjaligini rivojlantirishga oid bitim imzolandi

Qishloq xoʻjaligini rivojlantirishga oid bitim imzolandi

Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish xalqaro jamgʻarmasi prezidenti J.Ungbo va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov “Qishloq xoʻjaligini diversifikatsiya va modernizatsiya qilish” loyihasining 2-bosqichi doirasida 47 million dollar miqdorida moliyalashtirish toʻgʻrisidagi Bitimni imzoladilar.

Bitimga muvofiq, QXRXJ 46,2 million dollarlik uzoq muddatli imtiyozli qarz mablagʻlarini, shuningdek, 800 ming dollar grant mablagʻini ajratadi.

Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlari hududida amalga oshirilishi rejalashtirilgan mazkur loyiha quyidagi bir qator tarkibiy qismlardan iborat:

photo_2020-08-04_22-54-05.jpg

- Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi sohasi salohiyatini oshirish, Oʻzbekiston ishbilarmon ayollari assotsiatsiyasi, Baliqchilik uyushmasi, chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik ilmiy-tadqiqot Instituti faoliyatini qoʻllab-quvvatlash hamda qishloq xoʻjaligi sohasida zamonaviy xalqaro sifat va xavfsizlik standartlarini joriy etish uchun agrosanoat korxonalari va fermerlarning kredit majburiyatlarini kafolatlash boʻyicha imkoniyatlarini kengaytirish uchun Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasini moliyalashtirish;

- kredit mahsulotlaridan foydalanishni kengaytirish hisobiga qishloqlarda yoshlar va ayollar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash;

- qishloq xoʻjaligida ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish, ekin maydonlari hosildorligi va suv resurslarini boshqarish samaradorligini oshirish maqsadida sugʻorish tizimlari, meteorologik stansiyalar va boshqa infratuzilma obyektlarini zamonaviylashtirish.

photo_2020-08-04_22-54-13.jpg

Loyihada zamonaviy issiqxonalar, intensiv bogʻlar barpo etish, ekologik toza va suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarishni mexanizatsiyalashtirish darajasini oshirish, Fargʻona vodiysi viloyatlarida qayta ishlash quvvatlari va omborxonalar sigʻimini koʻpaytirish koʻzda tutilgan.

Qishloq xoʻjaligi bilan shugʻullanishning zamonaviy usullarini joriy etish, shuningdek, qishloqlarda qoʻshimcha yuqori haq toʻlanadigan ish oʻrinlari yaratish orqali mehnat unumdorligi va qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini oshirish hisobiga mazkur loyiha hududning 375 mingdan ortiq aholisi daromadini oʻstirishi kutilmoqda.

Muloqot ishtirokchilari 2020-2030-yillarda Oʻzbekistonda Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish strategiyasida belgilangan strategik maqsadlarga erishish, jumladan yer va suv resurslaridan samarali foydalanishni taʼminlash, tarmoqda investitsiya muhitini yaxshilash va mahalliy agrosanoat korxonalari raqobatbardoshligini oshirishda ushbu loyiha muhim ahamiyatga egaligini taʼkidladilar.

photo_2020-08-04_22-54-22.jpg

Tadbir yakunida tomonlar ishlab chiqarish va eksport miqdori oʻsishini, qishloqlarda koʻplab yangi ish oʻrinlari yaratilishini taʼminlaydigan va umuman olganda, Respublika hududlarining rivojlanishiga ijobiy taʼsir koʻrsatadigan barqaror ishlab chiqarish-taʼminot zanjirini yaratish hamda ushbu sektorda zamonaviy texnologiyalar va ishlanmalarni joriy etish orqali Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligi sohasini jadal rivojlantirishga yoʻnaltirilgan faol hamkorlikni davom ettirishga qatʼiy niyatlarini bildirdilar.

Maʼlumot oʻrnida: QXRXJ - BMTning ixtisoslashgan muassasasi boʻlib, asosiy vazifasi rivojlanayotgan mamlakatlarda oziq-ovqat ishlab chiqarishni koʻpaytirish va aholining ovqatlanish holatini yaxshilash maqsadida moliyaviy resurslarni jalb qilishdir. 1977-yildan buyon QXRXJ 90 mamlakatda 350 million odamga yordam berish boʻyicha 700 dan ortiq dastur va loyihalarni moliyalashtirish doirasida 10 milliard dollarga yaqin imtiyozli kredit va grant taqdim etdi.

QXRXJning Oʻzbekistondagi loyihalari portfeli umumiy qiymati 139,5 million dollarlik 4 ta loyihadan iborat. Masalan, Oʻzbekiston meva-sabzavot sektorini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilgan 28,3 million dollarlik loyiha 2019-yilda amalga oshirilgan, Qolganlari hozir amalga oshirish bosqichida boʻlib, qishloq xoʻjaligi va sut sanoati sektorida qoʻshilgan qiymat zanjirini rivojlantirishga qaratilgan.


4 889
OʻzA