O‘zA O`zbek

20.08.2019 Chop etish versiyasi

Qishloq xo‘jaligida tomchilatib sug‘orishning samarasi

Qishloq xo‘jaligida tomchilatib sug‘orishning samarasi

Prezidentimiz shu yil 26 iyul kuni Samarqand viloyatiga tashrifi davomida Oqdaryo tumanidagi “Pure-Milk-Oqdaryo” fermer xo‘jaligi dalalarida bo‘lib, barcha sohalar qatori qishloq xo‘jaligida ham asosiy maqsad xalq manfaati ekani, qaysi mahsulot ko‘proq daromad keltirsa, asosiy e’tiborni o‘shanga qaratish zarurligini ta’kidlagan edi.

Shuningdek, kelgusida klaster faoliyatini va tomchilatib sug‘orish usulini qo‘llash katta samara berishini, buni Samarqand tajribasi sifatida keng yoyish muhimligini e’tirof qilgani qishloq xo‘jaligi mutaxassislari, fermerlar zimmasiga alohida mas’uliyat yuklamoqda.

Qishloq xo‘jaligi ekinlari parvarishida tomchilatib sug‘orish tizimining qo‘llanilishi hosildorlikni bir necha barobar oshirib, iqtisodiy samaradorlikka erishishda muhim o‘rin egallaydi. “Pure-Milk-Oqdaryo” fermer xo‘jaligi a’zolari paxta yetishtirishda g‘o‘zani tomchilatib sug‘orish usulidan samarali foydalanib kelmoqda.

Hosil to‘liq pishib yetilmagan bo‘lsa-da, tarmoqda innovatsion usul hisoblangan ushbu xorijiy texnologiya natijasi kutilganidan ham ziyod samara bermoqda. Gap shundaki, chigit ekilgandan buyon g‘o‘za qator oralariga texnika kirgani yo‘q. Shunga qaramay, dalada begona o‘t ko‘rinmaydi.

Bugungi kunda har tup g‘o‘zada 20 tadan ko‘p ko‘sak, yana shuncha hosil nishonalarini sanash mumkin. Qizig‘i shuncha hosil 10-12 ishchi mehnati bilan yaratilmoqda. Yana bir e’tiborli jihati, o‘nqir-cho‘nqir, past rentabelli yerlardan yillar davomida atigi 25-30 sentnerdan hosil olingan bo‘lsa, endilikda hozirning o‘zidayoq dalalarda 45-50 sentnergacha hosil to‘plangan.

– Dastlab ajratilgan ekin maydonida tomchilatib sug‘orish mexanizmi tiklandi, – deydi fermer xo‘jaligi hosiloti Asad A’zamov. – Paykal boshida 100x20 metrlik hovuz tayyorlandi. Xorijdan keltirilgan 180 kilovatt kuchlanishli suv nasosi orqali yer ostidan yo‘nalishlar bo‘yicha naysimon plyonka tortildi. So‘ng ular markaziy quvurlarga tutashtirib chiqildi. Endilikda g‘o‘za nihollarini suvga qondirish va oziqlantirish ishlari paykal boshiga o‘rnatilgan sug‘orish qurilmasining birgina tugmasini bosish orqali amalga oshirilyapti. Suv sarfi odatdagi sug‘orishga ketadigan hajmning 30 foizini tashkil etadi. Yangi usulda bir gektar g‘o‘za uchun suv sarfi 3,5 ming kubometrni tashkil etsa, avvallari bu ko‘rsatkich 8,5-9 ming kubometrga to‘g‘ri kelardi. Shu tariqa tomchilatib sug‘orishda 5-5,5 ming kubometr suvni tejash imkoniyati tug‘iladi. Sababi, suv bu jarayonda to‘g‘ridan-to‘g‘ri g‘o‘za ildiziga yo‘naltirilayotgani bois ekinlar suvga tez qonadi. Muhimi, ushbu texnologiya asosida ikki barobar ko‘p hosil olish mumkin.

Sug‘orish tizimida mineral o‘g‘itlarni maxsus idishlarda eritib, suspenziya shaklida qator oralariga suv bilan qo‘shib jo‘natish ishlari ham hisobga olingan. Aytaylik, odatda gektariga 600 kilogramm azotli o‘g‘it solinsa, mazkur texnologiyada ozuqani to‘g‘ridan-to‘g‘ri ildizga yo‘naltirilishi va to‘liq o‘zlashtirilishi hisobiga 300 kilogramm o‘g‘it kifoya qiladi. Ana endi fermerning qancha mablag‘ tejab qolayotganini hisoblab ko‘ravering. Xuddi shunday tomchilatib sug‘orish usulida begona o‘tlar o‘z-o‘zidan yo‘qolib ketadi. Bora-bora maydon top-toza hududga aylanadi. Xullas, bu usulning afzalligi ko‘p.

Qishloq xo‘jaligi ekinlarini tomchilatib sug‘orish texnologiyasi va zamonaviy paxta-to‘qimachilik klaster usulidan foydalanishga oid qo‘llanmalar, undan olinadigan mahsulotlar turi, istiqbolli loyihalar, sug‘orish va oziqlantirish qurilmalari uchun ishlatiladigan polietilen quvurlar, zarur jihoz, ehtiyot qismlar, ularni ishlatish yo‘llari, bu amaliyotni qo‘llashga doir tajribalarni o‘rganish muhim ahamiyatga ega. E’tiborli jihati, bu usullarni qo‘llashga mo‘ljallangan texnika va texnologiyalarning qariyb 60 foizi Samarqanddagi “Sharv sanoati” konserni tomonidan ishlab chiqarilmoqda.

Yurtimizda paxta, meva, sabzavot, poliz mahsulotlari eksporti hajmini oshirishga alohida ahamiyat qaratilayotgan bir paytda mazkur texnologiya ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otishi tabiiy, albatta. Chunki, uni qo‘llash natijasida ekinlardan mo‘ljaldagidan bir necha barobar ko‘p va sifatli hosil yetishtirish mumkin.

425
Abdulaziz YO‘LDOShEV, O‘zA