O‘zA O`zbek

22.10.2019 Chop etish versiyasi

Qishloq xoʻjaligida agrokimyoviy xaritalar ishlab chiqishning ahamiyati ortmoqda

Qishloq xoʻjaligida agrokimyoviy xaritalar ishlab chiqishning ahamiyati ortmoqda

“Oʻzagrokimyohimoya” aksiyadorlik jamiyatida qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirishda mineral oʻgʻitlarga ehtiyojni aniqlash uchun tuproq agrokimyoviy tahlillari asosida agrokimyoviy xaritalar ishlab chiqishning ahamiyatiga bagʻishlangan brifing oʻtkazildi.

Unda soha mutaxassislari tomonidan bu borada olib borilayotgan ishlar yuzasidan atroflicha maʼlumot berildi. Ilmiy tadqiqotlar natijalariga koʻra, mineral oʻgʻitlardan doimiy foydalangan holda qishloq xoʻjalik ekinlari yetishtiriladigan maydonlarda har 4 yilda bir marotaba tuproq agrokimyo izlanish ishlari bajarilib, agrokimyoviy xaritalar ishlab chiqilishi belgilangan. Aynan agrokimyoviy xarita – sugʻoriladigan ekin yerlari tuproqlarining qishloq xoʻjalik ekinlari uchun zarur boʻlgan ozuqa moddalari (harakatchan fosfor, almashuvchan kaliy va gumus) bilan taʼminlanganlik holatini belgilovchi hujjat hisoblanadi.

Mutaxassislarning taʼqidlashicha, mamlakatimiz boʻyicha har yili 30 foizgacha ekin maydonida agrokimyoviy xarita tayyorlash va tuproq holatini inobatga olgan holda qishloq xoʻjalik ekinlarining mineral oʻgʻitlarga boʻlgan ilmiy talabini oʻrganish imkoniyati mavjud. Agrokimyoviy xarita ishlab chiqish uchun 1 gektar yerdan tuproq namunalari olish va laboratoriya tahlillari asosida xulosalar tayyorlashga talab etiladigan mablagʻ 9 ming 960 soʻmni tashkil etadi.

Oʻtkazilgan dala-kuzatuv tajribalariga koʻra, oʻrta tolali paxta navlari uchun 1 tonna paxta hosili bilan birga tuproqdan 60 kilogramm azot, 20 kilogramm fosfor va 50-60 kilogramm kaliy oʻzlashtirilishi aniqlangan. Ingichka tolali paxta oʻrta tolali paxta naviga nisbatan 20-25 foiz ortiq ozuqa moddalar oʻzlashtiradi.

– Sugʻoriladigan ekin maydonlari tuproqlarida agrokimyoviy laboratoriya tahlillari asosida agrokimyo xaritalari tuzish ishlari oxirgi marotaba 1986-yilda oʻtkazilgan, – dedi Agrokimyo stansiyasi direktori Asliddin Muhiddinov. – Respublikaning 3 million 623,5 ming gektar sugʻoriladigan ekin yerlaridan 25 foizida har yili tuproq ning tahlil ishlari bajarilishi belgilangan. Fermer xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjalik korxonalari bilan oʻzaro shartnoma asosida yillik 5-8 foiz maydonda agrokimyoviy xaritalar ishlanib, shu maʼlumotlar asosida oʻrtacha koeffitsiyentlarga qisman oʻzgartirishlar kiritilmoqda. Mineral oʻgʻitlarga boʻlgan ilmiy talab ishlab chiqilmoqda.

Agrokimyo kartogramma asosida qishloq xoʻjalik ekinlariga mineral oʻgʻitlar kiritilmasligi oqibatida tuproq unumdorligi va ekinlar hosildorligi pasayib, yetishtirilgan maxsulot sifati yomonlashib, atrof-muhit ifloslanishi ortmoqda. 2018-yil 1-yanvar holatiga koʻra umumiy sugʻoriladigan ekin yerlaridagi tuproqlarning ozuqa moddalari bilan taʼminlanganlik darajasi oʻrtachadan past holda qolmoqda.

Tadbirda soha mutaxassislari agrokimyoviy xaritalar ishlab chiqish tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha takliflarini aytdi. Jumladan, Qishloq xoʻjaligi vazirligi tizimida “Agrokimyoviy tahlil markazi”ni tashkil qilish zarur. Mazkur markaz va uning filiallarida tuproq, mineral oʻgʻit, toksikologik va radiologik kuzatuv-tahlil laboratoriyalari faoliyat koʻrsatishi kerak. Qishloq xoʻjaligiga yetkazib berilayotgan mineral oʻgʻitlar sifati doimiy nazoratda boʻlishi ham hosil unumdorligi va sifatini taʼminlashga xizmat qiladi.

Mutaxassislar fikricha, ekinlar pishib yetilish davrida dala sharoitida namunalar olib, tarkibidagi pestitsid, nitrat va ogʻir metall tuzlari qoldiqlarini aniqlash uchun laboratoriya tahlillarini oʻtkazish maqsadga muvofiq. Shu asosda savdoga chiqarish, qayta ishlash va omborga kiritishdan oldin xavfsizlik guvohnomalari berish tizimini yoʻlga qoʻyish zarur.

608
Abdulaziz MUSAYEV, OʻzA