O‘zA O`zbek

01.05.2020 Chop etish versiyasi

Qishloq xoʻjaligi texnikalarini lizing asosida olish kengaymoqda

Qishloq xoʻjaligi texnikalarini lizing asosida olish kengaymoqda

Texnika – dehqonning qanoti. Bu naql bejizga aytilmagan. Ayniqsa, bugungi pandemiya sharoitida, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash maqsadida ham qishloq xoʻjaligida ish qizgʻin, buning uchun esa albatta texnika zarur.

Koʻp yillardan buyon samarali faoliyat koʻrsatayotgan “Oʻzagrolizing” aksiyadorlik jamiyati soʻnggi bir yil davomida qator ijobiy oʻzgarishlar qilishga ulgurdi. Texnikalar xaridi uchun shartnoma tuzishdan boshlab to uni yetkazib berishgacha boʻlgan jarayonlar yangi bosqichga olib chiqildi. Avvalgidek, kutishlar, texnikani olib ketish uchun uzoqdan yoʻl bosib kelishga barham berilib, bu orqali mijozlarga keng imkoniyatlar yaratildi va korrupsion holatlarga chek qoʻyildi.

Xususan, 2019-yilning ikkinchi choragidan boshlab, texnika xaridi va yetkazib berish boʻyicha qator yangi mexanizmlar joriy etildi. Endilikda lizing asosida oluvchilarga qulaylik yaratish maqsadida, barcha turdagi texnikalar toʻgʻridan-toʻgʻri hududiy filiallarga markazlashgan holda yetkazilmoqda. Bu orqali mijozlarning vaqtini tejashga erishildi.

Ayniqsa, viloyatlarga eltuvchi katta yoʻllarda maxsus qishloq xoʻjaligi texnikalari koʻrgazmalari tashkil qilinishi yoʻlga qoʻyilgani ham yaxshi boʻldi. Natijalar qanday? Albatta ijobiy. Buni quyidagi raqamlardan ham koʻrish mumkin.

2018-yilda umumiy qiymati 758,3 milliard soʻmlik 5 ming 262 dona texnika respublika boʻylab lizing asosida yetkazib berilgan boʻlsa, yangi tartib joriy etilgandan soʻng, 2019-yilda umumiy qiymati 827,3 milliard soʻmlik 6 ming 590 dona texnika sotildi. Jumladan, eng zamonaviy gʻalla oʻrish kombaynlari, paxta terish mashinalari, haydov va chopiq traktorlari endilikda klaster va fermerlar dalalarida xizmat qilmoqda.

– 2020-yil uchun ham tizimli chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqdik, – deydi “Oʻzagrolizing” AJ marketing boʻlimi boshligʻi Nodir Meliboyev. – Joriy yilning 1-aprel holatiga 211,3 milliard soʻmlik 1 ming 283 dona texnika lizing asosida joylarga yetkazib berildi. Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan texnika soni jihatidan 131 foizga, miqdor jihatdan 9,6 barobarga koʻpdir. Yana yil yakuniga qadar 6 ming 865 dona qishloq xoʻjaligi texnikasi yetkazib berilishi rejalashtirilgan.

Maqsad chetdan qishloq xoʻjaligi texnikalarining importini kamaytirish, mahalliylashtirish orqali yurtimizda ishlab chiqarilayotgan traktorlardan keng foydalanishga erishish va eksportini oshirishdir.

Bugunga kelib “Oʻzagrolizing” AJ jamoasi qishloq xoʻjaligi texnikalarini lizingga yetkazib berishda lizing muddatlarini uzaytirish, foizlarini kamaytirish borasida mahalliy va xalqaro moliya tashkilotlari bilan amaliy ishlar olib bormoqda. Lizing oluvchilarning talab va takliflari har qachongidan ham koʻra koʻproq oʻrganilmoqda.

Maqsad esa aniq – mamlakatimiz qishloq xoʻjaligini zamonaviy texnikalar bilan oʻz vaqtida taʼminlash va yurtimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi yoʻlida hormasdan mehnat qilish.

Reklama huquqi asosida

2 344
OʻzA