O‘zA O`zbek

22.08.2018 17:06 Chop etish versiyasi

Qishloq shifoxonasi uchun “Damas” avtomashinasi

Qurbon hayiti keng nishonlanayotgan shu kunlarda Jizzax viloyati Forish tumanining eng olis hududi – Omongeldi qishlog‘idagi tibbiyot muassasasiga “Damas” avtomashinasi topshirildi.

Tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan qishloq vrachlik punktiga topshirilgan ushbu avtomashina muassasa xodimlari uchun bayram sovg‘asi bo‘ldi.

Forish tumani markazidan ancha olis masofada joylashgan ushbu qishloq vrachlik punkti Arnasoy ko‘llari ortidagi alohida hududdagi “Omongeldi”, “Arnasoy”, “Darvoza” mahalla fuqarolar yig‘inlari tarkibidagi 14 ovulning 4 mingga yaqin aholisiga tibbiy xizmat ko‘rsatib kelayotir. Muassasadan Darvoza mahallasigacha bo‘lgan masofa 74 kilometr, ba’zi cho‘pon ovullari undan ham olisroq joylashgan.

Davlatimiz tomonidan keyingi yillarda qishloq tibbiyot muassasasi moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida ushbu tibbiyot maskanida ham aholi salomatligini muhofaza qilish, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish ishlari yaxshilanayotir. Ayniqsa, maxsus jihozlangan “Damas” shoshilinch tibbiy yordam mashinasi ajratilishi katta qulaylik yaratdi.

Viloyatda sog‘liqni saqlash tizimini yanada isloh qilish, tibbiy xizmat sifatini tubdan yangilash davomida 169 qishloq vrachlik punktining 114 tasida maqbullashtirish ishlari amalga oshirildi. Maqbullashtirish davomida 26 poliklinika, 23 tez tibbiy yordam shoxobchasi ishga tushirildi.

Tibbiy muassasalarning maxsus jihozlangan transport vositalari bilan ta’minlanishi olis hududlar aholisiga tez tibbiy yordam ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirdi.

Toshqul Beknazarov, O‘zA
3 158