O‘zA O`zbek

15.10.2019 Chop etish versiyasi

Qishloq ayollari mehnati ulugʻlandi

Qishloq ayollari mehnati ulugʻlandi
15-oktyabr – Xalqaro qishloq ayollari kuni

Har yili keng nishonlanuvchi Xalqaro qishloq ayollari kuni (International Day of Rural Women) jamiyatda ularning mehnati nechogʻli qadrli va alohida ahamiyatga ega ekanini koʻrsatadi. Bugun xotin-qizlarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, qishloq ayollarining ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy faolligini oshirish davr talabiga aylanayotir.

Shu munosabat bilan Toshkent davlat agrar universitetida “Qishloq ayoliga ehtirom” mavzusida madaniy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Xotin-qizlar qoʻmitasi, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) hamda Oʻzbekiston “Agrar soha ayollari” uyushmasi hamkorligida tashkil etilgan tantanali bayram tadbirida qishloq xoʻjaligining taʼlim, ilmiy-tadqiqot va ishlab chiqarish yoʻnalishlarida samarali mehnat qilayotgan xotin-qizlar, fermer va tadbirkor ayollar, hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Elmira Bositxonova, qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Bahodir Xoliqov va boshqalar mamlakatimizda qishloq ayollarining jamiyat taraqqiyoti, aholini qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlashdagi xizmatlari yosh avlodga oʻrnak boʻlayotganini alohida taʼkidladi.

Maʼlumotlarga koʻra, Butunjahon qishloq ayollarining kunini nishonlash gʻoyasi 1995-yili Xitoyning Pekin shahrida boʻlib oʻtgan BMTning IV Ayollar konferensiyasida ilgari surilgan. Bu kunni nishonlash qishloq ayollarining mehnatini qadrlash va qoʻllab-quvvatlash borasidagi dastlabki amaliy qadamlar sifatida baholanadi. Oʻzbekistonda ayollarni qadrlash va ularga gʻamxoʻrlik koʻrsatishga hamisha davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi sifatida qaralgan. Oʻtgan vaqt davomida ayollarning jamiyatdagi mavqei va nufuzini yuksaltirish, huquq va manfaatlarini taʼminlash, onalar va bolalar salomatligini saqlash kabi koʻplab yoʻnalishlarda yuqori natijalarga erishildi.

– Qishloqdagi ayollar uy-roʻzgʻor ishlari, asosiy xizmat vazifalaridan tashqari tomorqalarida qishloq xoʻjaligi ishlari bilan shugʻullanadi, farzandlarini mehnatga oʻrgatadilar, – deydi Oʻzbekiston “Agrar soha ayollari” uyushmasi raisi, qishloq xoʻjalik fanlari nomzodi Adiba Axmedjanova. – Albatta, qishloqlarda, avvalo, ayollar hayotida yechimini kutayotgan muammolar talaygina. Chekka hududlarda turmush tarzini yaxshilash uchun koʻpgina islohotlar amalga oshirilmoqda va ular oʻz samarasini beryapti. Davlat statistika qoʻmitasi bergan maʼlumotga koʻra, bugun Oʻzbekiston aholisi 33 yarim milliondan ziyod boʻlib, shundan qishloq aholisining ulushi 49,5 foizini tashkil etadi. Jami aholidan ayollar 16 million 544,9 ming nafarni tashkil etadi. Koʻrinib turibdiki, aholi bilan bogʻliq raqamlarda qishloq ayollari, qishloq oilalarining ulushi yuqori darajani koʻrsatmoqda.

Barqaror rivojlanishning 2030-yilgacha boʻlgan maqsadlaridagi asosiy vazifalar – xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb qilish, moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, sogʻliqni saqlash, xususan, qishloq ayollarining taʼlim darajasini oshirish va boshqa sohalardagi faolligini kuchaytirish asosiy ustuvor vazifadir. Ularning roʻyobi esa mamlakatimiz hamda xalqimiz taraqqiyotida muhim ahamiyatga ega.

Tadbirda qishloq ayollari faoliyati, hayotiga bagʻishlangan “Qishloq javohirlari” nomli hujjatli film namoyish etildi. Elimiz ardogʻidagi sanʼatkorlar ijro etgan kuy-qoʻshiqlar davraga fayz ulashdi.

1 700
Abdulaziz MUSAYEV, OʻzA