O‘zA O`zbek

19.09.2018 Chop etish versiyasi

Qirgʻizistonlik deputatlar Fargʻona va Namangan viloyatlariga tashrif buyurdi

Qirgʻizistonlik deputatlar Fargʻona va Namangan viloyatlariga tashrif buyurdi Qirgʻiziston Respublikasi Jogorku Keneshi deputatlaridan iborat delegatsiya Fargʻona va Namangan viloyatlarida boʻldi.

Mehmonlar Margʻilon shahridagi “Atlas bayrami” toʻqimachilik festivali tadbirlarida ishtirok etib, hunarmandlar tomonidan tayyorlangan ipak mahsulotlarini koʻzdan kechirdi. Shaharda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, ziyoratgohlarkatta taassurot qoldirganini taʼkidladi.

Qirgʻiziston delegatsiyasi vakillari Namangan shahridagi “Ideal” savdo majmuasi, kichik sanoat zonasida ham boʻlib, tadbirkorlarga yaratilgan sharoitlar, investitsion loyihalar bilan tanishdi. Mehmonlarga viloyatda amalga oshirilayotgan manzilli dasturlar haqida batafsil maʼlumot berildi.

5554949c-8d93-4baf-8cd9-d6d91b53f371.jpg

– Bugungi kunda hududlararo munosabatlar yoʻlga qoʻyilayotganidan juda mamnunmiz, – deydi Qirgʻiziston Respublikasi Jogorku Keneshining xalqaro aloqalar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisi I.Pirmatov. – Fargʻona va Namangan viloyatlarida mehmondorchilik anʼanalariga sodiq holda bayramona kutib olishganidan dillarimiz shodlikka toʻldi. Har bir muloqotimiz rasmiyatchilikdan xoli, samimiy oʻtdi. Ayniqsa, investitsiyalarni jalb etish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlar bizda katta qiziqish uygʻotdi.

Muloqotlar soʻngida ijtimoiy-madaniy tadbirlarni oʻtkazish boʻyicha ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

1 503
Maʼsudjon Sulaymonov, OʻzA