Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

21.09.2017 16:55 Chop etish versiyasi

Qidiruvdagi 26 jinoyatchi ushlandi

Mamlakatimizda har hafta payshanba kuni o‘tkazilayotgan profilaktika tadbirlari joylarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda yuksak samaralar bermoqda.

Toshkent viloyati ichki ishlar boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 14-sentabridan 21-sentabriga qadar viloyatda sodir etilgan 135 jinoyatning 116 tasi tezkor-tergov harakatlari natijasida fosh etilgan. Hafta davomida qidiruvda yurgan 26 shaxs ushlangan.

Huquqbuzarlik va jinoyatlarlarning aksariyati fuqarolarning arzimagan janjali tufayli sodir etilayotgani achinarlidir.

Olmaliq shahrida bir fuqaro tanishi bilan spirtli ichimlik iste’mol qilib, janjallashib qoladi. Jahl chiqqanda, aql ketadi, deganlaridek, o‘tkir tig‘li jism bilan sherigining qorin qismiga tan jarohati yetkazib, voqea joyidan yashirinadi. Jabrlanuvchi og‘ir tan jarohati bilan Olmaliq shahar markaziy shifoxonasiga yotqiziladi.

Olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari davomida ushbu jinoyatni hududda yashovchi pensioner fuqaro sodir etgani aniqlandi. Ayni paytda ushbu holat yuzasidan tergov ishlari olib borilmoqda.

O‘rta Chirchiq sanoat va servis kasb-hunar kolleji o‘quvchisi kech soat 22.45 da hududda joylashgan 16-maktabgacha ta’lim muassasasi yonidan uyiga ketayotganda noma’lum shaxslar urib, elektroshok uskunasi bilan unga tan jarohati yetkazadi. Jabrlanuvchining yonida bo‘lgan 100 ming so‘mlik qo‘l soati, 1 million 200 ming so‘mlik qo‘l telefonini olib, voqea joyidan g‘oyib bo‘ladi.

Olib borilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida jinoyatchilar qo‘lga olindi. Ohangaron tumanida yashovchi o‘smirlar tomonidan sodir etilgan ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Quyi Chirchiq tumani ichki ishlar bo‘limiga tumanda yashovchi fuqaro 1 bosh qoramoli o‘g‘irlangani yuzasidan murojaat qilgan.

Ushbu jinoyat Toshkent shahri va Quyi Chirchiq tumanida yashovchi shaxslar tomonidan sodir etilgani aniqlandi. Jinoyatchilar qo‘lga olinib, tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Mahalla fuqarolar yig‘inlari, ta’lim muassasalari, korxona-tashkilotlarda o‘tkazilayotgan uchrashuvlarda bu kabi huquqbuzarliklar sodir etilganda zudlik bilan ichki ishlar organlari yoki boshqa tegishli tashkilotlarga xabar berish lozimligi tushuntirilmoqda. Jinoyatchilik va huquqbuzarlikka qarshi kurashish, uning oldini olishga nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar, balki keng jamoatchilik vakillari, har bir fuqaro mas’ul ekani ta’kidlanmoqda.

Abdulaziz Musayev, O‘zA
827






Все о погоде - Pogoda.uz