O‘zA O`zbek

15.08.2018 20:08 Chop etish versiyasi

Qibrayda yangi markaz

Qibrayda yangi markaz Toshkent viloyati Qibray tumanida “Ayollar ijtimoiy moslashuv maslahat markazi” ish boshladi.

Prezidentimizning 2018 yil 2 fevraldagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida tuman tibbiyot birlashmasida tashkil etilgan mazkur markaz faoliyat boshlashi munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda “Qaynonalar kengashi“ jamoatchilik tuzilmasi raislari, onaxonlar, xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassislar, faol xotin-qizlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan ayollar sog‘lig‘ini tiklash, bandligini ta’minlash, hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

– Xotin-qizlar o‘rtasida ijtimoiy-ma’naviy muhitni barqarorlashtirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ularga ruhiy va tibbiy ko‘mak ko‘rsatish, oiladagi kelishmovchiliklarni bartaraf etish, ajralishlar va o‘z joniga qasd qilish kabi salbiy holatlarning oldini olishda bu kabi markazlar faoliyati ayni muddao bo‘lmoqda, – deydi Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi O.Parpiboyeva. – Bunday markazlar jazoni o‘tash joylaridan qaytgan, turli sababga ko‘ra oilasidan uzoqda bo‘lgan ayollar bandligini ta’minlash, ularni sog‘lom turmushga qaytarishga ham ko‘maklashadi.

Barcha qulayliklarga ega ushbu markazda og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan, oilasida zo‘ravonlikka duch kelgan xotin-qizlarga endilikda 24 soat davomida ruhiy, tibbiy va huquqiy yordam ko‘rsatiladi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi T.Norboyeva so‘zga chiqdi.

Avaz Xudoyqulov, O‘zA
2 075