O‘zA O`zbek

26.09.2020 Chop etish versiyasi

Qibrayda tabiiy gazdan noqonuniy foydalanayotganlar fosh etildi

Qibrayda tabiiy gazdan noqonuniy foydalanayotganlar fosh etildi

Hozir zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish orqali tabiiy gazni hisobga olish tizimini takomillashtirish, yoʻqotishlarni bartaraf etish va noqonuniy foydalanishlarning oldini olish choralari koʻrilyapti. 

Shuningdek, isteʼmol qilingan tabiiy gaz uchun toʻlovlarning oʻz vaqtida, toʻliq undirilishini taʼminlash muhim ahamiyatga ega.

Prezidentimizning 2020-yil 24-sentyabrdagi “Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish” loyihasini amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori mazkur yoʻnalishni tartibga solishda muhim dasturilamal boʻldi.

Shuni inobatga olib, Toshkent viloyati Qibray tumanida ham ayrim fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining gazdan noqonuniy foydalanish holatlarini qonuniy bartaraf etish choralari koʻrilmoqda.

“Hududgaztaʼminot” AJning moddiy resurslardan oqilona foydalanish va korrupsiyaga qarshi siyosatni amalga oshirish boshqarmasi mutaxassislari, DXX Toshkent viloyati boshqarmasi tuman boʻlimi xodimlari va hamkor tashkilotlar vakillari bilan birgalikda navbatdagi reyd tadbirlari tashkil etildi.

Jamiyat tomonidan bir necha bor ogohlantirishlarga qaramay hududda yashovchi ayrim shaxslar tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari haligacha davom etmoqda. Tumanidagi “Qipchoq” mahalla fuqarolar yigʻinida oʻrganish natijasida, hududda joylashgan “Toʻlqin suv” shirkatidagi U.Qosimovga qarashli dala hovoida tarmoqqa gaz hisoblagichsiz ulanib, ohak pishirish sexi tashkil qilingani aniqlandi. 

U yerda 3 dona ohak pishirish xumdoni mavjud boʻlib, ularga 18 dona qoʻlbola usulda yasalgan yondirgichlar oʻrnatilgan. Qayta hisob-kitob qilinganda 98,7 million soʻmlik zarar yetkazilgani maʼlui boʻldi.

Shunga oʻxshash yana bir qonunbuzarlik holati Yuqori Chirchiq tumanining “Nurli Zamin” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi fuqaro M.Maqsudovga tegishli yer uchastkasida aniqlandi. Gaz tarmogʻiga noqonuniy ulanish “Prins G25” gaz hisoblash uskunasi orqali amalga oshirilgan.

Oʻrganish davomida 45 dona qoʻlbola usulda yasalgan yondirgich oʻrnatilgan 3 ta ohak pishirish xumdoni topmildi. Ushbu fuqaroning noqonuniy harakati tufayli gaz taʼminoti tashkilotlariga 75,3 million soʻmlik zarar yetkazilgan.

Qayd etilgan qonunbuzarliklar boʻyicha barcha materiallar huquqni muhofaza qilish idoralariga taqdim etildi. Ayni paytda boshqa hududlarda ham tabiiy gazdan noqonuniy foydalanishni aniqlash boʻyicha reydlar davom etmoqda.

751
A. Musayev, OʻzA