O‘zA O`zbek

21.10.2019 Chop etish versiyasi

Qayta moliyalash stavkasi o‘zgarishsiz qoldi? Markaziy bank vakili izoh berdi

Qayta moliyalash stavkasi o‘zgarishsiz qoldi? Markaziy bank vakili izoh berdi

Markaziy bank boshqaruvining qarori bilan qayta moliyalash stavkasi yillik 16 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirildi. Buning sabablarini Markaziy bankning pul-kredit siyosati departamenti direktori Behzod Hamroev shunday izohladi.

– Buning bir nechta omillari mavjud, – deydi B.Hamroev. – Misol uchun, dastlabki yetti oyda inflyatsion jarayonlar me’yorida o‘zgarib bordi. Unga ko‘ra yillik prognoz 13,5-15,5 foiz oralig‘ida bo‘lishi kutilgan edi. Biroq, keyingi oylarda inflyatsiya ba’zi bir xatarlar asosida tezlashib ketdi. Lekin, o‘tgan oyda u yana sekinlashdi. Hozirda maqsadimiz yil oxiriga qadar iste’mol narxlari o‘sish sur’atini bosqichma-bosqich sekinlashtirib, inflyatsiyani 15,5 foizga yaqin darajada shakllantirish.

Agarda hozirgi sharoitda ya’ni inflyatsiya yuqori bo‘lgan vaqtda stavkani ko‘taradigan bo‘lsak, bu kredit bozorida ma’lum bir masalalarni keltirib chiqarishi mumkin. Chunki, aholini ma’lum bir qatlami imtiyozli kredit olish huquqiga ega. Yana bir qismi esa tijorat krediti oladi. Qayta moliyalash oshsa, tijorat krediti oladiganlarga u juda qimmatga tushadi. Qolaversa, dollarda kredit olganlar va oladiganlar bor. Valyuta kursi hozirgi kabi o‘zgarishda davom etsa, ularning moliyaviy holatiga salbiy ta’sir qiladi. Ana shu kabi omillar o‘rganildi va shuning uchun saqlab qolindi.

Qayd etish kerakki, kelgusi yildan barcha kreditlar foiz stavkasi bir xil bo‘ladi. Va imtiyozli kreditlar berish to‘xtatiladi. Bu borada tayyorlangan hujjatlar hozirda xalq muhokamasiga qo‘yilgan.

474
O‘zA