O‘zA O`zbek

25.08.2018 11:35 Chop etish versiyasi

Qaysi darajadagi ovozlar inson hayoti uchun xavfli?

Qaysi darajadagi ovozlar inson hayoti uchun xavfli?
Eʻtibor qilganmisiz, xona ichida ovozni yutadigan gilam yoki shu kabi boshqa maxsus qoplamalar boʻlmasa tovush boʻsh devorga oʻrilib aks-sadoli boʻlib qaytadi. Yoki kimlardir baland ovozda aytgan gapingizni eshitmay qoladi. Yana birov esa pichirlab, soʻzlashganingizda oʻziga tegishli fikrni tinglay oladi.

Buning siri nimada? Aslida inson qay darajadagi tovushlarni tinglay oladi va bunday balandlikning qaysi pogʻonasi inson sogʻligʻi uchun zararli? degan fikrda fiziklarning tadqiqotlarini oʻrgandik.

Fiziklar tovushni ovozni bosim darajasi deb taʻriflab, u detsibelda oʻlchar ekan. Inson 15 detsibeldan yuqori boʻlgan ovozni anglay oladi. Hattoki, inson uyquda ham atrofda yuz berayotgan voqea-hodisalarni aynan tovush orqali qabul qiladi.

Keling, shu oʻrinda hayotda uchraydigan baʻzi tovushlarning balandligi bilan tanishsak. Yerga tushayotgan igna yoki qoʻl soatining chiqillashi balandligi 10 detsibel, inson pichirlashi 20, past ovozda gaplashi yoki qoʻshni xonada taralayotgan televizor balandligi 40 detsibelga teng ekan.

Sokin koʻchaning shovqini, oʻrtacha balandlikdagi suhbat, kir yuvish mashinasining ovozi 50, insonlar oʻrtasidagi odatiy suhbat 60 detsibil. Inson salomatligi uchun xavfli daraja 80 detsibeldan boshlanadi. 120 inson tanasiga ogʻriq beradi, 150 koʻzlar xiralashadi va 180 detsibelga teng shovqin inson hayotiga nuqta qoʻyadi.

Tasavvur hosil qilish uchun aytish mumkinki, temirchilik sexidagi shovqin 100, naushniklardagi shovqin esa 110, serina ovozi 130, rok konsertda tebranish 140, goʻdak qorni ochsa yoki yolgʻizligini bilib qolganda kam emas, koʻp emas naqd 110 detsibel darajada baqirib yigʻlay oladi.

Agarda hayvonlar olamiga eʻtibor qilsak, afrika sherining hayqirigʻi 87, koʻk kit 180 detsibelda ovoz tarqatadi. Jonivorlarning ayrimlari tovushdan “koʻrish” maqsadida ham foydalanar ekan. Xuddi shu tarzda koʻrshapalak kechaning zulmat qorongʻisida qiynalmay uchib yuradi. Ilonlarning quloqlari yoʻq shuning uchun ular havo orqali keluvchi tovushlarni eshita olmaydi. Lekin ular yerga quloq tutib past ovozlarni ham eshitishlari mumkin.

OʻzA
1 870