O‘zA O`zbek

02.08.2018 10:42 Chop etish versiyasi

Qaynonam o‘rgatgan bola parvarishi bolamdan ayirdi

Qaynonam o‘rgatgan bola parvarishi bolamdan ayirdi

Bekat. Anchadan buyon avtobus kutyapman. O‘zimni chalg‘itib atrofni kuzata boshladim. Bekatda men va libosi odmi bo‘lsa-da, o‘ziga juda yarashgan ayoldan boshqa hech kim yo‘q. 

U shu qadar xayolga cho‘mganki, boshidan quyosh tushayotganini ham sezmayotganday edi nazarimda. Esi joyidamasmikan yoki... Yo‘qsa, aqli-hushi bor odam sal naridagi soyani ko‘rib, o‘sha yoqqa o‘tgan bo‘lardi. Quyosh nurlarining tig‘ida bunday alpozda o‘tirmasdi, nazarimda. Yoki sog‘lig‘i yomonlashib qoldimikan? Sekin yaqinlashib, yordam berishimni aytdim. U jim. Savolimni balandroq ovozda takrorladim. Ayol uyqudan uyg‘onganday, seskanib, hayron bo‘lib qaradi.

Tanishib, suhbatlashdik. Ertalab qaynonasi sabab uyda janjal bo‘lib, eri javobini bermoqchi bo‘lgani, agar shunday bo‘lsa, quda-andalari, farzandlari, do‘st-dushmanlari oldida bosh ko‘tarib yurolmasligini aytdi. U qaynonasini ayblamadi. Faqat hayotida yuz bergan, ammo hanuz javobini topolmagan ba’zi voqealar haqida so‘zladi.

Bundan 33 yil avval 17 yoshimda turmushga chiqdim. Otam qattiqqo‘l edi. Rozilik ham so‘ragani yo‘q. Sovchi qo‘yib yurgan qarindoshimizga uzatib yubordi. Talaba bo‘lganim uchun, bir oy turar-turmas, Toshkentga keldik. Homiladorlik davrimda shifokor ko‘rigiga borishim, ko‘nglim istagan narsalarni yeyishim kerakligi haqida hech kim aytmagan. Ota-onam uzoqda. Kursdoshlarim bilan endi tanishyapmiz. Maslahat beruvchi yo‘q.

O‘zimning ham aqlim yetmagan ekan. Yosh bo‘lganman-da. Birinchi bosqichni bitirib, uyga qaytayotganimda, homila sakkiz oylik bo‘lgandi. Kelin qaynonaning ko‘nglidan chiqishi kerak, hamma ishni eplash kerak deb, onam uqdirgani uchun o‘zimni ayamasdan hamma ishni qilishga harakat qilardim. Qaynotam qoramolchilik bilan shug‘ullanardi. 15ta qoramolni kuniga uch mahal sug‘orish uchun uyimiz yonidagi ariqdan katta chelakda suv tashiyman. Ertalab, kechqurun shu chelaklarda hovliga suv sepib, supuraman. Qaynonam maqtaydi. Men xursand.

To‘g‘risi, bu ishlar qishloq qizlarining doimiy qiladigan yumushlari. Lekin, shaharda yashab, zaiflashgan, homilador, buning ustiga kamqon ayolning ishi emasligini bir haftadan keyin bilib oldim.

O‘g‘lim muddatidan oldin tug‘ildi. Shifokorlar og‘ir ko‘tarish tufayli shunday bo‘lganini aytishdi. Barvaqtroq tug‘ilgan bo‘lsa-da bola tetik, ziyrak edi. Bir haftada uyga ruxsat berishdi.
Qaynonam menga bola parvarishini o‘rgata boshladi. Eng avvalo, uni chiniqtirish kerak ekan. Buning uchun kechqurun va tong saharda eshik, derazalarni ochib, bolani yalang‘och qilib qo‘yamiz. Yozning tongida tog‘li qishloqlarda etni junjiktiradigan shabada esadi. Bolaning terisi nafas olishiga shu kerak emish...

Shu usulda tarbiyalanayotgan bola 20 kunlar o‘tib yo‘talib, isitma chiqardi. Onam shifokorga olib boraylik deganda, qaynonam “voy, bu nima deganingiz, butun qishloqning bolasini o‘zim katta qilganman-a, hech narsa qilmaydi, bola shunday qilib katta bo‘ladi” deb jahl qildi. Ha, qaynonam hamshira edi. Onam qudasining yuzidan o‘tolmadi.

Shu tariqa uch kun o‘tib, bolamni tuproqqa qo‘ydik. Hech narsani tushunmay, dovdiragancha qolaverdim.

Qaynonam hukm chiqardi: Bitta bolani eplab tug‘ib, qaray olmagan kelinning peshonasida oyi bo‘lsa ham kerak emas. Ajrashadi!!!

Bu vaqtda Toshkentda ishlaydigan turmush o‘rtog‘im qishloqqa kelishga vaqt topolmayotgan edi. 

“Otasini uyiga jo‘natib yubor!”

Bir oy o‘tib, turmush o‘rtog‘im o‘qishimni davom ettirishim uchun Toshkentga olib keldi.

Vaqt o‘tib, yana homilador bo‘ldim. Turmush o‘rtog‘im, “bu safar qishloqqa bormasligimni” aytib, tanish shifokor qidira boshladi. Egizak qizlar bag‘rimizni to‘ldirdi.
Talabaman? Bolalar bilan qiynalib qoldim. O‘qishdan ta’til olsam-da ikkita bolani eplay olmayotgandim. Qarashish uchun jiyanimni chaqirdik. Buni eshitgan qaynonamning jahli chiqib, ota-onamga rosa janjal qilibdi.

Qaynonam keldi. Vazifam battar mushkullashdi. Kelin, ona, rafiqa edim. Bolalar qolib, qaynonaning ko‘nglini topish bilan ovora bo‘lib qoldim. Ovqat sal kechiksa ham, bolalar yig‘lab qolsa ham men aybdor.

Bir kuni Fotimaning issig‘i chiqdi. Ikki oylik chaqaloqlar tinmay chinqiradi. Tili yo‘q aytgani, sababini topolmayman. “Tez yordam”ga qo‘ng‘iroq qilmoqchi bo‘lsam, qaynonam: “keragi yo‘q, o‘zim qarayman,” deb jahl qiladi. Bolaning tinimsiz yig‘isini eshitib, bezovta bo‘lgan yon qo‘shnimiz kelib qoldi. U shifokor chaqirdi. Bolaning qorni to‘ymayapti, deb qaynonam bergan dumba yog‘i go‘dakning oshqozoniga zo‘rlik qilgan ekan. Dorilar yozib berishdi. Turmush o‘rtog‘im ishdan kelishi bilan qaynonam: “Xotining meni hurmat qilmaydi, men qolib, qo‘shnining gapiga kirib, doktor chaqirdi. Bir o‘zing ishlasang, shuncha doriga pul qani? Bunday kelin bilan bir kun ham yashatmayman, hoziroq otasini uyiga jo‘natib yubor!” deya yig‘i-sig‘ini boshlab yubordi.

U vaqtlar bir xonali ijara uyda yashaymiz. Men oshxonada, ularning ovozini eshitib turardim. Qaynonam ikki kun qovog‘ini ochmadi. Shu araz bilan qishloqqa ketdi.

“Qoramollarni sotib, bolalarga uy olaylik”

Turmush o‘rtog‘imning maoshi to‘rt kishini boqishga zo‘rg‘a yetardi. Shuning uchun sharoiti yaxshi bo‘lmasa-da arzonroq ijara uy topishga harakat qilardik. Kuzning boshi bilan Chorsu tarafdagi mahalladan arzon narxda uy topdik. Kun soviy boshlagan, bu uylarda isitish tizimi yo‘q ekan. Bolalar shamollab qolmasin deb, ehtiyotlab, o‘rab-chirmayman. Boshqa uy topishning o‘zi bo‘lmaydi, buni ham zo‘rg‘a topganmiz.

Shunday kunlarda otam ish yuzasidan shaharga kelib, bizni ko‘rishga keldilar. Bir soat ham o‘tirmay, chiqib ketdilar. Keyin kelib, tanishlaridan birini ko‘p qavatli uyi borligini, hoziroq u yerga ko‘chib o‘tishimizni aytib, qo‘limizga kalit tutqazganlarida ko‘zimga yosh keldi.

Issiq, ikki xonali uy biz uchun jannatning bir bo‘lagi edi. Bahorga chiqib, otam va qaynotam o‘rtasida janjal chiqqani haqida xabar keldi. “Qoramollarni bir qismini sotsangiz, men ham pul qo‘shaman, farzandlarimizga shahardan uy olib beraylik, ular ijarada yurib qiynalib ketdi”, degan so‘zlari bunga bahona bo‘lgan ekan.

Otam Toshkentga tez-tez kelardilar. Har safar mashina yukxonasi oziq-ovqatga to‘la bo‘lardi. Bolalar bir yoshdan oshganda otam bor yiqqan-terganini yig‘ib, bizga ikki xonali uy olib berdi.

“Pichoqni kim o‘g‘irladi?”

Oradan yillar o‘tdi. Ancha o‘zimizni tiklab oldik. Egizaklar katta bo‘ldi. O‘g‘illi ham bo‘ldik. O‘qishimni bitirib, ishga joylashdim. Uyimiz bor. Qishloqda o‘g‘limizni sunnat to‘yini o‘tkazdik. Qaynotam va ikki o‘g‘li to‘yga sarflanadigan go‘sht ya’ni bitta qoramol va qo‘yni berishdi.

Bu vaqtda turmush o‘rtog‘im shahardagi nufuzli idoralardan birida ishlar, qishloqda ham o‘ziga yarasha obru-e’tiborga ega edi. U vaqtlarda tuman hokimlari hammaga ham ko‘rinavermaganidan, ularning to‘ydagi ishtiroki ancha shov-shuv bo‘ldi. Bizning to‘yimizga hokim keldi.

To‘y o‘tgach, ikki kundan keyin shaharga qaytadigan bo‘ldik. Qaynonam to‘yda yaxshigina to‘yona tushganini maqtanib, “sizlar har bir kishini to‘yiga kela olmaysizlar, biz shu yerdamiz, ro‘yxatdagi odamlar to‘y qilganda, o‘zimiz hadya beramiz”, deb bizga bir so‘m ham bermasligini aytdi. Eng qizig‘i, to‘yda bir nechta idish-tovoq va pichoq yo‘qolgan ekan. Qaynonam ularni men otamga olib borib berganimni aytib, o‘g‘riga chiqardi. Bunday tuhmatdan dovdirab qoldim. Turmush o‘rtog‘ing va qaynota-qaynonaning ko‘nglini topay deb, bunday so‘zlarni eshitsang... hech narsaga tegmaganimni, aytgandim, o‘g‘irlik qilgani yetmaganday, menga gap qaytarishni ham o‘rganibdimi? javobini berib yubor, ko‘cha to‘la xotin, deb o‘g‘liga do‘q qildi.

Turmush o‘rtog‘im diyonatli inson. Bu gaplardan qattiq xafa bo‘lib, meni himoya qildi. Shu tariqa to‘yda barcha pulimizni sarflab, haqorat eshitib, poe’zdga biletlar olish uchun otamdan pul so‘radim. Toshkentga qaytdik.

“O‘g‘limni uyiga hech kim kelmasin!”

Aslida arzimasday ko‘rinadigan, biroq, yurakka toshdek qadaladigan bunday voqealar juda ko‘p bo‘ldi. Bariga chidadim. Eng muhimi, turmush o‘rtog‘im mehribon bo‘lsa, har zamonada qaynonaning bir-ikki so‘ziga xo‘p desam hech narsa qilmaydi, degan fikrda yashab yurdim.

Qishloqqa har borganimda, eng yaxshi narsalarni qaynonamga atab olib boraman. Pul ham beraman, biror zaruratga ishlatasiz, deb. Shu tariqa yoshimizga yosh qo‘shilib, qaynonam 85ga kirdi. Men ham qizlarni uzatdim. Endi kelin olish arafasidaman. Shaharda sharoit ancha qulay deb qaynonamni qishda olib kelgan edik. Qariyb yetti oydan buyon birga yashaymiz. Keksaligi hurmati kayfiyatiga qarayman, ko‘ngli tusagan narsalarni olib kelaman. Ertalab ishga ketguncha aytgan taomini tayyorlab ketaman. Xullas, hammasi yaxshiday, baxtli oila bo‘lib yashayotgandik.

May oyida otamning tobi qochgani uchun shifokorga ko‘rinish uchun kelib, uyimizda bir hafta turdilar. Keyin opam ba’zi ishlarini hal qilish uchun Toshkentga keldi. Ha-ya, otam olib bergan uy bizda qolgan. Keyinchalik uni sotib, o‘zimiz pul qo‘shib, katta hovli olganmiz.

Singlimning bolasi betob bo‘lib, ko‘rikka borsa, nomi qo‘rqinchliroq, og‘ir kasalliklardan birini tashxisini qo‘yib, Toshkentda yana bir tekshirtirib, aniq qarorga kelish uchun yo‘llanma berishgan ekan. Ikki kun avval u bolasini olib keldi. Kecha ishdan kelsam, yig‘lab o‘tiribdi. Qaynonam: “biring kelib, biring ketib tinmas ekansanlar. Hadeganda Toshkentda nima bor? O‘zi bu uyda kim uylangan, o‘g‘limmi yoki seni opangmi? O‘g‘lim omon bo‘lsin, shunday kelaverib, tinchlik bermasanglar, ajrashtiraman, kabi so‘zlarni aytib, bolani ham turtkilayotgan ekan.

Yashirmayman, jahlim chiqdi. To‘g‘risi, men endi o‘ttiz yil oldingi, sodda, dovdir, yig‘loqi kelin emasman. Gapirishni, o‘z fikrimni aytishni bilaman. Endi yosh ham emasman, ellikka kirdim. Nabiralarim bor. Shunday bo‘lsa-da tong kechqurundan aqlliroq degan xayolda indamadim.

Singlim tong yorishmasdan, bir piyola choy ham ichmay, bolani qon tahlilini tekshirtirib, qishloqqa ketishini aytib, uydan chiqib ketdi. Juda alam qildi. Nonushta mahal qaynonamga: “biror narsadan norozi bo‘lsangiz o‘zimga ayting, nega singlimga gapirib yuribsiz? O‘zini dardi o‘ziga yetarli, bu yerga havasga, o‘ynab-kulishga kelgani yo‘q-ku?” deganim katta janjalga sabab bo‘ldi. Yillar davomida asablarim ancha bo‘shashib qolgan ekanmi, bilmayman bu safar men ham bitta gapdan qolmadim.

Turmush o‘rtog‘im onasiga ham menga ham tanbeh berdi. Lekin, uning “keksa onamga nega gap qaytarding, indamay tursang o‘larmiding, eshak! Ona talog‘ini beraymi?” degan so‘zlari juda og‘ir botdi. Sabr kosam chil-chil bo‘ldi... Yig‘lab, yuragimdagi bor alamlarimni aytdim. Uyda o‘tira olmadim. Nafasim qisdi. Gaplashsangiz, yengil tortadigan dugonangiz yo‘qmi dersiz, atrofimda yaqinlarim, dugonalarim juda ko‘p. Lekin, shuncha yillar hech kimga dard-hasrat qilmadim. Oiladagi gapni ko‘chaga olib chiqishga or qildim. Yuragim yig‘lasa-da, hamisha o‘zgalarga tabassum bilan boqdim. Endi dugonalarimga qaynonamdan, erimdan shikoyat qilish men uchun o‘lim bilan barobar...

Qaynonam nega doim ajralish haqida gapiradi? Shuni tushunmayman, bilganim, qaynonam o‘zining qaynonasi bilan chiqishmay, erini qo‘shni tumanga ko‘chishga majbur qilgan. Yaqinlaridan ayirgan. Shu-shu qaynotamning hech bir qarindoshi mehmonga kelmagan. Turmush o‘rtog‘im “faqat shu qizga uylanaman” deb turib olgani uchun meni kelin qilgan, uydagilar o‘tmishdagi gaplar o‘tmishda qolsin, qarindoshlar uzilishib, begona bo‘lib ketmaylik degan maqsadda berishgan. Men qaynotamning uzoqroq qarindoshini qiziman, balki, shu uchun...

Onam sabrli ayol. Har safar uyga borganimda “har zamonada bir kelasan, bilaman, shaharda erkin yashashga o‘rganib qolgansan, shunday bo‘lsada qishloqqa kelganingda qaynonagni ko‘ngliga qara, “qaynonali kelin - qarqara kelin”, qaynonang tanbeh bersa, demak kamchiliging bor, tezda tuzatishga harakat qil. Oilada tinch yashay desang, sabrli bo‘l, deb aytgan nasihatlari tufayli bo‘lsa kerak, janjal bo‘lganda har safar tilimni tishlab, yig‘lab o‘tiraverganman.
Butun hayot yo‘limni, o‘tmishdagi ana shunday voqealarni o‘ylab, piyoda qancha yurganimni bilmayman. O‘zimga kelsam, uyimizdan ancha olislab ketganimdan, oyoqlarim zirqirab og‘riyotgan ekan. O‘rindiqni ko‘rib, bir oz dam olish uchun o‘tirgandim... yana xayolim o‘tmishga ketibdi-da qizim!

Gap-so‘zidan, o‘zini tutishidan fe’li yumshoqligi sezilib turgan, istarali bu ayolga qarab, taskin berishga so‘z topolmadim. Qaynona - kelin o‘rtasida ajrim chiqarishga ham haqli emasman. Bu masalani mohiyatini qancha-qancha donishmandlar yecholmaganda, men nima ham derdim. Faqat anglaganim, xalq orasida “qaynona qaynamasa, kelin aynimaydi” degan naql bejizga paydo bo‘lmaganini angladim. Kim nima desa, desin...

Sayyora Shoyeva, O‘zA
4 930