O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

08.09.2018 13:13 Chop etish versiyasi

Qaynona-kelin oʻrtasidagi uy mojarosi

Qaynona-kelin oʻrtasidagi uy mojarosi

Andijon shahridagi “Sogʻlom avlod” mahalla fuqarolar yigʻinida Fuqarolik ishlari boʻyicha Andijon viloyati sudining sayyor sud majlisi boʻlib oʻtdi.

Fuqarolik ishlari boʻyicha viloyat sudi sudyasi R.Qoraboyev raisligida boʻlib oʻtgan sud majlisida “Sogʻlom avlod” mahallasida yashovchi qaynona Xosiyatxon hamda kelini Salomatxon (ismlar oʻzgartirilgan) oʻrtasidagi uy bilan bogʻliq mojaro koʻrib chiqildi.

Turmush oʻrtogʻining bevaqt vafotidan soʻng 2 nafar yosh bola bilan qolgan Salomatxonni qaynonasi uydan chiqib ketishini talab qilgan. Urush-janjal, oʻrtadagi mojaro oylab davom etdi. Qoʻni-qoʻshni, mahalla-koʻy aralashuvi ham masalaning hal etilishiga yordam bermadi.

Ushbu masala boʻyicha Salomatxonning sudga qilgan murojaati sayyor sudda koʻrib chiqildi. Qaynona-kelin munosabatlari, xalqimizning odob-axloq mezonlariga zid noxush holat keng jamoatchilik tomonidan muhokama qilindi. Masala atroflicha oʻrganilib, adolatli hukm chiqarildi. Sud hukmiga koʻra, uy baholangan summaning 60 foiz qismi kelinga, 40 foizi esa qaynonaga tegadigan boʻldi.

Sayyor sud majlisida huquqshunoslar fuqarolarning huquqiy bilim va savodxonligini yuksaltirish, qonun ustuvorligini taʼminlash, turli illatlarga barham berish, jinoyat va huquqbuzarliklar kelib chiqishining oldini olish boʻyicha suhbatlar oʻtkazdi.

F.Ubaydullayev, OʻzA