O‘zA O`zbek

18.08.2018 12:12 Chop etish versiyasi

Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi ish boshladi

Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi ish boshladi

Farg‘ona davlat universiteti tuzilmasida Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi tashkil etildi.

Bu yorug‘ va dorilomon kunlar yo‘lida qurbon bo‘lganlar ruhini shod etish, tinch hamda osoyishta zamonning qadriga yetish, shukronalik tuyg‘ularini his etish bizga katta quvvat bag‘ishlaydi, ruhiyatimizni poklab, yangidan-yangi bunyodkorlik ishlariga chorlaydi. Zero, ozodlik uchun kurashgan insonlar xotirasi hech qachon unutilmaydi, xalqimiz qalbida mangu yashaydi.

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 22 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi va hududlardagi oliy ta’lim muassasalari tuzilmasida Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeylarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ham bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Farg‘ona davlat universitetida ochilgan mazkur muzey ham ana shu ishlarning amaldagi ifodasidir.

– Viloyatimiz bo‘yicha 10 ming 179 nafar qatag‘on qurbonlari aniqlanib, ularning 200 nafari to‘g‘risidagi ma’lumotlar, suratlar, buyumlar muzeyga qo‘yish uchun tayyor holga keltirildi, – deydi “Qatag‘on qurbonlari” muzeyi direktori S.Siddiqov. – Bundan tashqari, ularning xotirasiga bag‘ishlangan 65 dan ziyod ilmiy, adabiy, badiiy kitoblar to‘planib, ularning elektron versiyalari hozirlandi. Qatag‘on qurbonlari bo‘lgan yurtdoshlarimizning hayoti va faoliyati haqidagi ma’lumot va hujjatlarni ilmiy tadqiq etish, ular haqida hikoya qiluvchi kitoblar, kinofilmlar yaratish, maktablarda muzeyning filiallarini tashkil etish borasida ham chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Shu zamin, shu yurt tinchligi uchun jonlarini ayamay kurashgan vatandoshlarimiz nomi abadiylashtirish maqsadida tashkil etilgan muzey sho‘ro davrida qatag‘onga uchragan yurtdoshlarimizning ayanchli kunlaridan sado beradi, turli voqealar, turli taqdirlar haqida hikoya qiladi. Muzey yosh avlodning vatanparvar, o‘z millatiga bo‘lgan hurmat, ma’rifatparvar ajdodlari haqida faxr va iftixor tuyg‘usini shakllanishida hamda ular kabi el-yurti uchun munosib farzandlar bo‘lib tarbiyalanishida muhim o‘rin egallaydi.

M.Sulaymonov, O‘zA
2 912