O‘zA O`zbek

20.08.2018 17:16 Chop etish versiyasi

Qatag‘on qurbonlari xotirasi mangu barhayot

Qatag‘on qurbonlari xotirasi mangu barhayot Farg‘ona davlat universitetida Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi tashkil etildi.

Bu yorug‘ va dorilomon kunlar yo‘lida qurbon bo‘lganlar ruhini shod etish, tinch-osoyishta zamonning qadriga yetish, shukronalik tuyg‘ularini his etish bizga katta quvvat bag‘ishlaydi, ruhiyatimizni poklab, yangidan-yangi bunyodkorlik ishlariga chorlaydi. Zero, ozodlik uchun kurashgan insonlar xotirasi hech qachon unutilmaydi, xalqimiz qalbida mangu yashaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 22 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi va hududlardagi oliy ta’lim muassasalari tuzilmasida Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeylarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ham bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda.

8 (1).JPG

Farg‘ona davlat universitetida ochilgan mazkur muzey ham ana shu ishlarning amaldagi ifodasidir.

– Viloyat bo‘yicha 10 mingdan ziyod qatag‘on qurbonlari aniqlanib, ularning 200 nafari to‘g‘risidagi ma’lumotlar, suratlar, buyumlar muzeyga qo‘yish uchun tayyor holga keltirildi, – deydi “Qatag‘on qurbonlari” muzeyi direktori S.Siddiqov. – Bundan tashqari, ularning xotirasiga bag‘ishlangan 65 dan ziyod ilmiy, adabiy, badiiy kitoblar to‘planib, elektron nusxalari tayyorlandi. Qatag‘on qurbonlari bo‘lgan yurtdoshlarimizning hayoti va faoliyati haqidagi ma’lumot va hujjatlarni ilmiy tadqiq etish, ular haqida hikoya qiluvchi kitoblar, kinofilmlar yaratish, maktablarda muzeyning filiallarini tashkil etish borasida ham chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.

Shu zamin, shu yurt tinchligi uchun jonini fido qilgan vatandoshlarimiz nomini abadiylashtirish maqsadida tashkil etilgan muzey sho‘ro davrida qatag‘onga uchraganlarning ayanchli kunlari, turli voqealar, turli taqdirlar haqida hikoya qiladi.

Ma’sudjon Sulaymonov, Muqimjon Qodirov (surat) O‘zA
3 180