O‘zA O`zbek

12.11.2019 Chop etish versiyasi

Qatag‘on qurboni: Qo‘qonlik Akbar Islomov qismati

Qatag‘on qurboni: Qo‘qonlik Akbar Islomov qismati

Xo‘qandi latif... Hijratning 1314 (milodiy 1896) yilida Xo‘jand dahasi Kalvak mavzeining Xonaqoh mahallasida umrguzaronlik qiluvchi Sayyid Islom Xoja xonadonida ikkinchi o‘g‘il farzand dunyoga keldi. Martabasi ulug‘ bo‘lishini istab unga Sayyid Akbar deb ism qo‘yildi (ma’lum sabablarga ko‘ra hujjatlarda “Sayyid” so‘zi tushirib qoldirilgan). So‘zlashuv tilida uni “Akbarxo‘ja” deb atashgan.

Akbarxo‘ja Xonaqoh mahalla masjidi maktabida savod chiqargach, jadid maktabida va oz muddat rus – tuzem maktabida o‘qiydi. Orada hunar o‘rganib, oilaga yordam berish uchun zargarga shogird tushadi. Biroq, bu kasb unga ma’qul kelmaydi. 1914 yilda otasi vafot etgach, Obidjon Mahmudovning Taroqchilik mahallasida ochilgan bosmaxonaga ishga kiradi. Vodiydagi ilk o‘zbek gazetasi “Sadoyi Farg‘ona” ham shu yerda chop etilgan. Bu yerda Hamza Hakimzoda Niyoziy, Ashurali Zohiriy, Ibrohim Davron kabi jadid – ma’rifatparvarlar g‘oyalaridan bahramand bo‘ladi. 1916 yilgi xalq qo‘zg‘olonida ishtirok etadi.

Farg‘ona vodiysi jadid taraqqiyparvarlarining yetakchisi Obidjon Mahmudov: “Qo‘qon taraqqiyparvarlari ozarboyjonlik ma’rifatparvar Piri Mursalzoda bilan ham aloqa bog‘lagan edi. Turkistonga muxtoriyat olish masalasida maslak olish uchun farg‘onalik jadidlar taklifi bilan 1917 yil yozida Ozarboyjondan Qo‘qon shahriga Muhammad Amin Afandizoda kelgandi. Biz Mirzohid Miroqilov, Ashurali Zohiriy, Mahmudxon Ahmadxonovlar rahbarligida u bilan bir necha yig‘inlar o‘tkazgan edik. Shu asnoda milliy birlik uchun kurashni mustahkamlash maqsadida Miyon Qudrat hazrat rahbarligida bir maxfiy tashkilot tuzilgan edi. Unga Akbar Islomov ham a’zo bo‘lgandi” deb eslagan edi.

1917 yilda Voskresenskiy (hozirgi Turkiston) ko‘chasida joylashgan Belskiy bosmaxonasiga ishga kiradi. Bu yerda bolsheviklarning ta’siri kattaroq edi. Shu yili yoz oylarida Davlat dumasi uchun saylov oldidan nomzodlar ro‘yxatlari tuziladi. Bolsheviklar to‘rtinchi ro‘yxatga, Sho‘royi islom tarafdorlari sakkizinchi ro‘yxatga qayd etilgan edi. Kunlardan birida Jome’ masjidida saylovoldi yig‘ini bo‘lib o‘tadi. Unda Akbarxo‘ja ham to‘rtinchi ro‘yxat tarafdori sifatida ishtirok etadi. Yig‘inda har ikki ro‘yxat tarafdorlari o‘rtasida ixtilof chiqib, dahanaki jang qo‘l jangiga aylanib ketadi. Oqibatda bosmaxona ishchisi Aminjon halok bo‘ladi, uning sheriklari, shu jumladan, Akbarxo‘jani odamlar qochirib yuborishadi. 1918 yil fevralidagi Qo‘qon voqealaridan so‘ng Akbarxo‘ja kommunistik partiya safiga kiradi, Musulmon mehnatkashlari soyuzi raisligiga, ishchi – dehqon va soldat deputatlari Qo‘qon sovetiga, yil oxirida esa Turkiston MIK (markaziy ijroiya qo‘mitasi) a’zoligiga saylanadi. Shundan so‘ng Akbar Islomov Farg‘ona viloyat inqilobiy tribunali a’zosi, RSFSRning Buxoro amirligidagi rezidenti o‘rinbosari, Ichki ishlar xalq komissari o‘rinbosari, Ichki ishlar xalq komissari lavozimlarida xizmat qiladi. 1920 yildan Turkiston davlat universitetining ishchilar fakultetida, so‘ngra qishloq xo‘jaligi fakultetida tahsil oladi. O‘qish barobarida Toshkent okrug ijroqo‘mi raisi lavozimida ishlaydi. 1927 yilda Akbar Islomov O‘zbekiston SSR ning Moskvadagi doimiy vakili lavozimiga tayinlanadi. Lavozimidan foydalanib, 1927 – 1928 yillar mobaynida O‘zbekistonda xalq xo‘jaligining barcha tarmoqlarini rivojlantirish yo‘lida tinimsiz kurash olib bordi. O‘zbekistonni xomashyo bazasi holatidan qutqarib, sanoati taraqqiy etgan mamlakatga aylantirish uchun harakat qildi. 1929 yilda Akbar Islomov yana O‘zbekistonga chaqirib olinadi. U shu sanadan 1933 yilgacha O‘zbekiston davlat plan qo‘mitasi raisi, shu yildan to qamoqqa olingunicha O‘zbekiston moliya xalq komissari lavozimlarida xizmat qiladi.

Ha, Ho‘qandi Latifda oddiygina oilada tavallud topgan Akbar Islomov o‘z faoliyatini oddiy harf teruvchilikdan sovetlar hukumatining eng mas’ul rahbarlik lavozimlarigacha bo‘lgan mansab pillapoyalarini bosib o‘tdi. Biroq, u hech qachon o‘z xalqiga xiyonat qilmadi, bir umr oddiy o‘zbek farzandi sifatida o‘z burchini unutmadi.

1926 yilda Akbar Islomov gruzin millatiga mansub Ketevan David qizi Kldiashvili bilan turmush quradi. Ular shirin oila tuzadilar. 1927 yilda o‘g‘il, 1931 yilda esa qiz farzand ko‘radilar. O‘g‘ilga ikki hil: Asqar hamda Temur (gruzinchasi Taymuraz); qizlariga Muqaddas deb ism qo‘yadilar. Yilda bir marta oilaviy tarzda Gruziyada dam oladilar. Ketevanning ota – onalari, qarindosh – urug‘lari, hamyurtlari o‘zbekistonlik kuyovning chuqur bilimi, keng dunyoqarashi, axloq – odobi, iqtidori va salohiyatiga hamda boshqa xislat va fazilatlariga tan beradi.

Sovet Ittifoqi tarixining eng mash’um sahifalaridan joy olgan qatag‘on siyosati Akbar Islomovni ham chetlab o‘tmadi. Bizda “qatag‘on” deb yuritilayotgan hodisa aslini olganda qonunlashtirilgan terrordir. Bu siyosatning mohiyat va maqsadlari nimalardan iborat edi? Qatag‘on siyosati – hukmron mafkuraga mos kelmaydigan, unga bo‘ysunmaydigan, uning tizginida yurmaydigan hur fikrli kishilarni jismonan yo‘q qilish va to‘liq bo‘ysundirish siyosatidir. Taniqli yozuvchi Abdulla Qahhor yoshlar bilan bo‘lgan bir uchrashuvda “Men partiyaning soldati emas, balki, ongli a’zosiman” degan edi. Bu jumla undan ham avval , partiyaning yirik rahbarlaridan bo‘lmish Buxarin, Zinovevlar tomonidan ham biroz boshqacha talqinda aytib o‘tilgan edi. Qatag‘on siyosatining ilk maqsadlaridan biri partiyani ana shunday ongli a’zolardan tozalash edi. Qatag‘on qilichi o‘ng – so‘liga qaramadi, sovetlarga va partiyaga sadoqat bilan katta xizmatlar ko‘rsatgan arboblar, jumladan, Akmal Ikromov, Fayzulla Xo‘jaev, Abdulla Karimov, Akbar Islomov, Isroil Ortiqov, Bo‘taboy Dadaboev, Akbar Ahmedov, Nazir va Qodir To‘raqulovlar va boshqa sodiq kommunistlar ham uning shafqatsiz tig‘iga duchor bo‘ldi.

Ha, o‘rmonga o‘t ketsa ho‘l – quruq barobar yonadi. Bu mudhish qatag‘on siyosati tariximizning eng og‘ir, qayg‘uli, alamli, hasratli, motamli sahifasidir.

Akbar Islomov 1937 yil 3 avgust kuni qamoqqa olindi. Unga savdogarning o‘g‘li, Qo‘qon Muxtoriyati ishtirokchisi, “Milliy ittihod” aksilinqilobiy tashkilotining a’zosi, millatchi kabi ayblovlar qo‘yildi. Akbar Islomov ushbu ayblovni tan olmadi, Tergovchilar bilan uzoq kurash olib bordi. Biroq, NKVD dajjollari surunkali va dahshatli jismoniy hamda ruhiy qiynoqlar asnosida aybnomaga imzo qo‘ydirishga muvaffaq bo‘ladi.

1938 yil 3 oktabr kuni Akbar Islomov ishi Alekseev, Zaysev, Boldirev ishtirokidagi mash’um “uchlik” qo‘liga topshirildi. Uning sudlov jarayoni bor-yo‘g‘i 20 daqiqa: 1938 yil 4 oktabr kuni soat 1755 dan 1815 gacha davom etdi xolos. Sud Akbar Islomovni oliy jazoga hukm etadi va adolatsiz hukm 4 oktabrning o‘zidayoq ijro etildi.

1954 yil 31 iyul kuni uning xotini Ketevan Davidovna Kldiashvili – Islomova o‘zi yashayotgan Tbilisi shahri, Bakradze ko‘chasi, 16-uydan hukumat rahbariyatiga ariza yo‘llaydi. U arizasida eri bilan kechgan o‘n yillik turmushi davomida Akbar Islomovni haqiqiy inson, buyuk vatanparvar sifatida bilganini, ammo, 1937 yil avgust oyida u NKVD tomonidan qamoqqa olingani va unga erining 10 yilga qamoqqa hukm etildi deya ma’lumot berganlarini, shundan so‘ng o‘zining ham hech bir qonuniy asoslarsiz 1 yil-u 4 oy qamoqda bo‘lganini, farzandlarining chekkan azob-uqubatlarini hikoya qiladi. U 1939 yilda ozod bo‘lib, Gruziyaga kelgani va bundan 18 yil avval ko‘chada qolgan farzandi Asqar Akbarovich Islomovning kamoloti haqida to‘xtalib, uning kelajagi uchun ham otasining pok nomini tiklash masalasini ko‘taradi.

Ketevan Davidovnaning arizasi asosida 1954 yil 4 sentabr kunidan A. Islomovning ishini qayta ko‘rib chiqishga qaror qilindi. Va nihoyat, 1956 yil 29 iyun kuni SSSR Oliy Sudi Harbiy kollegiyasi tomonidan Akbar Islomov oqlandi.

Oradan ancha yillar o‘tib, adolat qaror topdi. Qo‘qon shahriga uning haqiqiy farzandi qaytarildi.Uning achchiq qismati mustabid tuzumning xalqimiz boshiga solgan ko‘rguliklaridan biri, qora dog‘ sifatida tariximizga muhrlandi. Akbar Islomovning chaqmoq singari qisqa umri davomida amalga oshirgan samarali mehnat faoliyati, daryo sangari jo‘shqin hayoti, umrbod unga vafodor bo‘lib qolgan go‘zal gruzin qizi Ketevan bilan muhabbatga limmo-lim turmush lahzalari, shubhasiz, alohida kitob uchun arzirlidir.

Yahyoxon DADABOEV,
Qo‘qon tarixi va madaniyati davlat muzeyi ilmiy xodimi.

4 321
O‘zA