O‘zA O`zbek

10.08.2018 19:10 Chop etish versiyasi

Qashqadaryolik ziyoratchilarning birinchi guruhi jo‘nab ketdi

Qashqadaryolik ziyoratchilarning birinchi guruhi jo‘nab ketdi Mustaqillik yillarida muqaddas Haj va Umra ziyoratlariga borish uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Ziyoratga boruvchilarni kuzatish, manzilga yetib borilgach, qulay istiqomat choralarini ko‘rish hamda sog‘-salomat yurtga qaytgach, ularni kutib olish kabi xizmatlar yuksak darajada tashkil etilmoqda.

Har yili minglab yurtdoshlarimiz Haj va Umra amallarini ado etish sharafiga muyassar bo‘lmoqda. Ulug‘ ibodatni bajarishni niyat qilgan vatandoshlarimizga muborak safarga eson-omon borib-kelishi, ibodatlarni barcha ruknlarga rioya qilgan holda mukammal ado etishi uchun zarur sharoit yaratilgan.

Kuni kecha muborak “Haj – 2018“ safarini amalga oshirish istagida bo‘lgan qashqadaryolik yurtdoshlarimiz Qarshi aeroportidan Saudiya Arabistonining Makka shahriga “Boing-767” samolyotida jo‘nab ketdi.

“Haj – 2018“ dasturi doirasida joriy yilda 7 ming 200 nafar yurtdoshimiz islom dinining beshinchi arkoni bo‘lgan muborak Haj ziyoratini amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ularning 413 nafari qashqadaryolik ziyoratchilardir

Haj ziyoratiga ro‘yxatga olish jarayonlari alohida tamoyil asosida amalga oshirildi. Ziyoratchilar mahallada, el-yurt o‘rtasida hurmat-e’tibor qozongan, muqaddas dinimiz arkonlarini tushunadigan, Haj o‘zi qanday ibodat ekanini chuqur anglab yetgan fuqarolar suhbat asosida tanlab olindi.

– Qashqadaryo viloyatidan dastlabki guruhda 208 nafar fuqaro muborak Haj ziyoratiga jo‘nab ketdi, – deydi Qarshi aeroporti bojxona posti boshlig‘i Xurshid Mirzayev. – O‘tgan yillardan farqli o‘laroq, bu yil O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 11 oktyabrdagi qarori asosida barcha xalqaro aeroportlarda ikki yo‘lakli tizim tashkil etildi. Ular jumlasida Qarshi aeroporti ham bor. Ikki yo‘lakli tizim fuqarolarimizga juda ko‘p yengilliklar yaratdi. Xususan, Haj ziyoratiga ketayotgan fuqarolar qizil va yashil yo‘laklarda harakatlanishdi. Agar ziyoratga ketayotganlarda 2 ming AQSH dollaridan kam naqd chet el valyutasi bo‘lsa, ular hech qanday deklaratsiya to‘ldirmasdan, bojxona nazoratini soddalashtirilgan tartibda amalga oshirib, yashil yo‘lakdan o‘tishdi. Kuzatilgan dastlabki guruhning qariyb 95 foizi xuddi shu holatda yashil yo‘lakdan yurdi. Bu esa ularning bojxona nazoratidan o‘tish va harakatlanish vaqtini ancha qisqartirdi.

Qarshi aeroportida yo‘lovchilar uchun barcha sharoit yaratilgan bo‘lib, maxsus ishchi guruh ziyoratga yo‘l olganlarga ro‘yxatdan o‘tish, bojxona xizmatlari ko‘rsatishda yaqindan yordam berdi.

– Muqaddas amalni bajarish, Makkai mukarrama, Madinai munavvarada bo‘lish, shu joylarda ibodat qilish, el-yurtimizga tinchlik-farovonlik, farzandlarimizga salomatlik tilab duolar qilish ezgu maqsadimiz edi, – deydi Qarshi shahrilik ziyoratchi Bo‘ri Norqobilov. – Allohga ming shukrki, muqaddas ziyoratgohlarga yo‘l oldik. Bularning barchasi mamlakatimizning kundan-kun rivojlanib, mustaqilligimizmustahkamlanib borayotganidandir. Bugun odamlarning qalbida g‘urur, quvonch, shukronalik mujassam. Davlatimiz rahbari tomonidan yaratib berilayotgan mana shunday sharoitlardan foydalanib, hech bir qiyinchiliksiz, izzat-hurmat bilan Haj safariga yuborilayotganimizdan behad shodmiz.

Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, viloyatdan Haj safariga borish istagida bo‘lganfuqarolarning ikkinchi guruhi 11 avgust kuni Qarshi aeroportidan “Boing-767” samolyotida parvoz qiladi. Shuningdek, Surxondaryo viloyatidan ham Haj safarini niyatqilgan yurtdoshlarimiz Qarshi aeroportidan jo‘nab ketishadi.

O‘lmas Barotov, O‘zA
2 939