O‘zA O`zbek

16.09.2020 Chop etish versiyasi

Qashqadaryoga okean ortidagi vatandoshlarimiz tomonidan yuborilgan tibbiy uskunalar yetib keldi

Qashqadaryoga okean ortidagi vatandoshlarimiz tomonidan yuborilgan tibbiy uskunalar yetib keldi

Qashqadaryo viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati rahbari Nuriddin Egamovning OʻzAga maʼlum qilishicha, AQSH va Kanadadagi vatandoshlarimiz tomonidan muruvvat yordami sifatida 200 ta kislorod konsentratori hamda 100 ta pulsoksimetr keltirilgan. Mazkur tibbiy uskunalar viloyatdagi barcha yuqumli kasalliklar shifoxonalariga, Qarshi shahri hamda Gʻuzordagi taqsimlash markazlariga tarqatildi.

- Oʻzbekiston Respublikasining Vashingtondagi elchixonasi va Nyu-Yorkdagi Bosh konsulxonasi tomonidan joriy yilning aprel oyidan buyon AQSH va Kanadadagi vatandoshlar ishtirokida “Biz Oʻzbekistonga befarq emasmiz” shiori ostida xayriya tadbiri oʻtkazib kelinmoqda, - deydi AQSHdagi “Givi to get international” xalqaro jamgʻarmasining Oʻzbekistondagi vakili Murodjon Qodirov. – Maqsad – yurtimizda koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurashda Oʻzbekiston hukumatiga koʻmak uchun mablagʻ toʻplash. Mana shu mablagʻ hisobidan Xitoydan kislorod konsentratorlari va pulsoksimetr keltirilib, Qashqadaryo va Surxondaryodagi koronavirus bilan zararlangan bemorlar davolanayotgan shifoxonalarga tarqatilmoqda.

- Bugun viloyatdagi koʻpgina tibbiyot muassasalari qatorida biz ham xorijdagi vatandoshlarimiz tomonidan muruvvat yordami sifatida yuborilgan tibbiy uskunalarni qabul qilib oldik, - deydi Koson tumani yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori Ilhom Karomov. – Bu uskunalar bemorlarimizni kislorod bilan taʼminlashda, ularning saturatsiyasi hamda pulslarini tezkor va ishonchli aniqlashda oʻta muhim ahamiyat kasb etadi. Homiylardan minnatdormiz.

Tibbiy uskunalarni tarqatishga bagʻishlangan tadbirda viloyat hokimining oʻrinbosari Oybek Shagazatov ishtirok etdi.



1 369
Mohigul Qosimova, OʻzA