O‘zA O`zbek

09.11.2019 Chop etish versiyasi

Qashqadaryoda saylovga tayyorgarlik jarayoni qanday ketmoqda?

Qashqadaryoda saylovga tayyorgarlik jarayoni qanday ketmoqda?

“Yuksalish” umummilliy harakati Qashqadaryo viloyati boʻlimining tashabbusi bilan “Saylov qonunchiligi targʻiboti oyligi” doirasida navbatdagi brifing boʻlib oʻtdi.

Unda viloyat, tuman (shahar) saylov komissiyasi raisi va masʼul xodimlari, siyosiy partiyalar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbir davomida viloyat saylov komissiyasi raisi va partiyalarning viloyat kengashlari rahbarlari saylovlarga tayyorgarlik, saylovoldi dasturlari xususida ommaviy axborot vositalariga maʼlumot berdi.

Taʼkidlandiki, joriy yil 22-dekabr kuni boʻlib oʻtadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda xalq deputatlari mahalliy kengashlari deputatligi uchun boʻlib oʻtadigan saylovlarga qizgʻin tayyorgarlik jarayoni ketmoqda. Xususan, viloyat saylov komissiyasining qaroriga koʻra, 9 nafardan iborat xalqaro matbuot markazi viloyat boʻlimi tashkil etildi. Markaz rahbari, bosma OAV bilan ishlash, elektron OAV (radio, televideniye) bilan ishlash, internet tarmogʻida yoritishni tashkil qilish, xorijiy OAV bilan ishlash boʻyicha masʼullar, fotograf va tarjimon faoliyat olib bormoqda.

Markazda kompyuter jihozlari, zarur mebellar, kutish zali, vedeokonferensiya va matbuot anjumanlarini oʻtkazishga moʻljallangan kichik va katta zallar, vedeoproyektor, Wi-Fi zonasi va internet tarmoqlari mavjud.

Yangi saylov kodeksiga muvofiq vohada viloyat, tuman, shahar saylov komissiyalari, Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini oʻtkazuvchi 14 ta, xalq deputatlari viloyat kengashiga saylov oʻtkazish boʻyicha 59 ta, tuman va shahar kengashlariga saylov oʻtkazuvchi 429 ta okrug saylov komissiyasi tuzilgan. Ularning faoliyat yuritishi uchun barcha sharoitlarga ega zamonaviy binolardan joy ajratilgan. Komissiyalar tarkibi saylov boʻyicha yetarli koʻnikma va bilimga, hududda obroʻ-eʼtiborga ega fuqarolar hamda jamiyat hayotida faol xotin-qizlardan tashkil etilgan.

Xalq deputatlari viloyat kengashiga saylov oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyalari tarkibidagi 536 aʼzoning 387 nafari avvalgi saylovlarda qatnashgan fuqarolar, 286 nafari xotin-qizlardir. Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyalarida faoliyat yuritadigan 132 nafar aʼzoning 98 nafari muqaddam saylovlarda ishtirok etgan fuqarolar va 73 nafarini xotin-qizlar tashkil etmoqda.

Viloyatda ayni paytda jami 920 ta saylov uchastkalari tuzilgan.

Bugungi kunda viloyatda 1 million 939 ming 294 nafar saylovchi boʻlib, shundan 213 ming 322 nafari saylovda birinchi marotaba ishtirok etadigan yoshlarni tashkil etadi.

554
Oʻlmas BAROTOV, OʻzA