O‘zA O`zbek

11.10.2019 Chop etish versiyasi

Qashqadaryo viloyatining so‘lim tabiati meva-sabzavotchilikni rivojlantirish uchun qulay

Qashqadaryo viloyatining so‘lim tabiati meva-sabzavotchilikni rivojlantirish uchun qulay

Qashqadaryo viloyatining mo‘tadil iqlimi sarxil meva-sabzavotlarning vitaminlarga boy bo‘lib, yetilib pishishi uchun zamin yaratadi. Shu maqsadda keyingi yillarda vohada meva-sabzavotchilikni rivojlantirishga, yetishtirilgan mahsulotlarni qayta ishlash va eksport qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Joriy yilda 431,3 ming tonna sabzavot, 334,7 ming tonna poliz, 100 ming tonnadan ortiq kartoshka, 148,6 ming tonna meva va 90 ming tonna uzum mahsulotlari yetishtirildi.

Bugungi kunga qadar yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan 48,5 million AQSh dollarlik 29,3 ming tonnasi eksportga yo‘naltirildi.

Ushbu mahsulotlarni qayta ishlovchi korxonalar safi ham yildan-yilga kengaymoqda. Yakkabog‘ tumanidagi “Darmon farm” xususiy korxonasiga qarashli “Darmon sharbati” meva-sabzavotni qayta ishlash va qadoqlash korxonasi mana shunday korxonalardan biri.

2017 yil avgust oyida faoliyat boshlagan korxonada ayni paytda kuniga 12 tonna meva va sabzavotni qayta ishlanmoqda. Zamonaviy, energiyatejamkor uskunalar bir kecha-kunduzda 20 tonnagacha meva-sabzavotni qayta ishlash quvvatiga ega. Asosan olma, oshqovoq va sabzi sharbati tayyorlanib, ichki bozorga chiqarilmoqda. Kelgusida uzum, anor va boshqa qator sabzavot mahsulotlarini ham qayta ishlab, sharbat tayyorlash ko‘zda tutilgan.

– Korxonamiz tashkil etilganiga ikki yildan oshdi, – deydi korxona texnologi Sardor Xoliyorov. – Hozirda 30 nafar ishchi mehnat qilmoqda. Ishlarni kompleks yo‘lga qo‘yish uchun barcha yo‘nalishlarni loyihalashtirganmiz. Masalan, 5 ming gektar maydonda intensiv bog‘ barpo qilishni mo‘ljallayapmiz. Joriy yilda 1050 gektarini tashkil qildik. Shundan 200 gektari super intensiv bog‘. U yerda asosan olma va gilos yetishtiramiz. Keyingi masala o‘sha bog‘larda yetishtirilgan mahsulotlarni qayta ishlash va sifatli saqlash. Buning uchun 5 ming tonnalik sig‘imda muzlatkich ombori quryapmiz. Shundan 500 tonnasi “shokovoy morozilnik” ya’ni mahsulotlarni tabiiy sifatlarini yo‘qotmagan holda bir zumda muzlatib qo‘yadi. Bundan tashqari, zavodimizga meva-sabzavotlardan yosh bolalar iste’mol qiladigan maxsus bo‘tqa ishlab chiqaradigan texnologiyalarni olib keldik. Yil oxiriga qadar ushbu loyihalarimizning hammasi yakuniga yetkaziladi va korxonamiz to‘la quvvat bilan ishlay boshlaydi. Natijada ishlab chiqarish hajmi yanada oshadi va eksportga mahsulot chiqara boshlaymiz. Shu bilan birga zavodning o‘zida yana qo‘shimcha 40 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

3 856
O‘.BAROTOV, O‘zA