O‘zA O`zbek

28.03.2019 Chop etish versiyasi

Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida 615 ta muammo aniqlandi

Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida 615 ta muammo aniqlandi

Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida viloyat hokimi Zafar Ro‘ziev tomonidan o‘tkazilgan sayyor qabulda 377 fuqaro qabul qilindi, 615 muammo aniqlandi.

Tumanning olis qishloqlarida istiqomat qiluvchi murojaatchilar maxsus avtobuslar orqali olib kelindi.

– Avvalo mutasaddi tashkilot rahbarlarining o‘zlari hududimizga kelib, bizni dardimizni tinglayotgani quvonarli voqea, – deydi tumanning Obikanda qishlog‘ilik Maxmasharif Ro‘ziev. – Hatto bugun biz uchun ajratilgan avtobuslarda qabulga keldik. Viloyat hokimining qabulida bo‘lib, muammolarimizni aytdik. Qishlog‘imiz chekka tog‘li hududda joylashgan. Aholi soni yildan-yilga ortib bormoqda. Shu bois elektr ta’minotida uzilishlar ko‘paymoqda. Sababi transformatorlar eskirgan. Simyog‘ochlar muddatini o‘tab bo‘lgan. Bugungi murojaatimiz qabul qilinib, mas’ul tashkilotlarga biriktirildi va bir yarim-ikki yil davomida mavjud elektr bilan ta’minlovchi uskunalar yangisiga almashtiriladigan bo‘ldi. Bundan mamnunmiz.

Xalq orasiga kirish, aholi bilan yaqindan muloqot o‘rnatish hamda ularning dardini eshitib, og‘irini yengil qilishga ko‘maklashish bugungi kun rahbar xodimlari, mutasaddi idoralarning muhim vazifalaridan biriga aylangan.

E’tiborli tomoni, aksariyat aholi vakillari tomonidan nafaqat o‘zi yoki oilasiga tegishli, balki mahalla, tuman ijtimoiy hayoti bilan bog‘liq muammolar o‘rtaga tashlandi.

– Bugungi sayyor qabulda qishlog‘imizga bolalar bog‘chasi qurilishi taklifi bilan keldik, – deydi tumandagi Avlod qishlog‘ilik Sultonmurod Mirzaev. – Mustaqillikdan ilgari qurilgan 150 o‘rinli ikki qavatli bog‘cha bor, lekin hozir ishlamaydi. Imoratlari yaroqsiz holga kelib qolgan. Bizning nabiralarimiz ham bog‘chalarda ta’lim olib, chet tillarini puxta o‘zlashtirishini istaymiz. Qishlog‘imizda 714 xo‘jalik yashaydi. Har biridan bir nafardan bola bo‘lganda ham 714 nafar bola bog‘chaga borishi kerak. Qabulda murojaatimiz ijobiy hal qilindi. Bolalar bog‘chasi kapital ta’mirlab beriladigan bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 yanvardagi “Aholi muammolari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan sayyor qabulda aksariyat muammolar joyida hal etilgan bo‘lsa, qolganlari bo‘yicha “yo‘l xaritalari” belgilanib, tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda hal etish choralari ko‘rilmoqda. 

Qariyb 2 mingga yaqin kitoblik fuqarolar va mutasaddi tashkilot vakillari ishtirok etgan sayyor qabulda har bir murojaatchining arzi-holi diqqat bilan tinglanib, ularning e’tiroziga sabab bo‘lgan holatlarni hokimlik, masalaga daxldor boshqarma, tashkilot va korxonalar rahbarlari ishtirokida chuqur tahlil qilgan holda bartaraf etish choralari ko‘rildi. Aksariyat murojaatlarda keltirilgan qonun buzilishi holatlari va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy muammolar joyida hal etildi.

Sayyor qabul davomida ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogiron fuqarolarga nogironlik aravachalari, eshitish moslamalari, shuningdek, bir guruh fuqaroligi yo‘q shaxslarga yangi pasportlar tantanali topshirildi. 

1 932
O‘.Barotov, O‘zA