O‘zA O`zbek

26.09.2020 Chop etish versiyasi

Qashqadaryo viloyat hokimi dasturchilar bilan uchrashdi

Qashqadaryo viloyat hokimi dasturchilar bilan uchrashdi

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan hududlarda mahalliy yoshlar, tadbirkorlar, yangi hunar oʻrganish istagida boʻlgan fuqarolar uchun keng qulayliklar yaratish maqsadida IT-texnoparklarni ochish ishlari boshlangan edi.

Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnoparki istiqbolli startap loyihalarni ishga tushirish va ularni bozorga olib chiqish maqsadida ochilayotgan bu kabi texnopark Qarshi shahrida ham bunyod etilmoqda. Ushbu obyekt ochilishi oldidan viloyat hokimi Zoyir Mirzayev viloyatlik va poytaxtda faoliyat koʻrsatayotgan dasturchilar, robototexniklar, veb-dizaynerlardan iborat IT sohasini vakillari bilan uchrashdi.

Oʻz loyihalari bilan qatnashayotganlar viloyat hokimi va ishtirokchilarga taqdimotlarini namoyish etdi. Ayniqsa, Ulugʻbek Qarshiboyevning Qarshi tumanidagi tibbiyot muassasalarini raqamlashtirish yoʻnalishida “Tibbiy maʼlumot tizimi” va “Elektron klinika” mavzusidagi innovatsion taqdimoti barchaga maʼqul keldi.

Maʼlumot oʻrnida aytish lozimki, Qarshi shahrida dasturlash, dasturiy taʼminot yaratish, texnologik xizmatlar koʻrsatish maqsadida loyiha qiymati qariyb 3 milliard soʻmga yaqin mablagʻ evaziga “IT TEXNO PARK” qurilmoqda. Qurilish ishlarini yakunlash joriy yilning sentyabr oyiga moʻljallangan. Mazkur loyihani amaliyotga tatbiq etish natijasida 24 ta yangi ish oʻrni yaratilishi moʻljallanmoqda.

970
Oʻ.BAROTOV, OʻzA