Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.08.2017 17:13 Chop etish versiyasi

Qashqadaryo: istiqlol nuridan yashnagan voha

Qashqadaryo: istiqlol nuridan yashnagan voha Mustaqillik yillarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari samarasida mamlakatimizda misli ko‘rilmagan o‘zgarish va yangilanishlar ro‘y berdi. Xalqimiz farovonligi yuksalib, ongu tafakkurimiz, hayotga, mehnatga munosabatimiz tubdan o‘zgardi.

O‘tgan yillar mobaynida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida xalqimiz g‘oyat murakkab bir sharoitda og‘ir sinov va iqtisodiy qiyinchiliklarni mardonavor yengib o‘tdi. G‘alla va yonilg‘i-energetika mustaqilligiga to‘la erishildi. Iqtisodiyotimizda chuqur tarkibiy o‘zgarishlar amalga oshirildi. O‘zbekiston sobiq tuzum davrida asosan xomashyo yetkazib berishga ixtisoslashgan va iqtisodiyoti bir yoqlama rivojlangan o‘lkadan sanoati yil sayin yuksalib, har tomonlama taraqqiyotga erishayotgan qudratli davlatga aylandi.

Qashqadaryo viloyatida ham keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar amalga oshirilib, shahar va qishloqlar zamonaviy qiyofa kasb etdi, yirik ishlab chiqarish quvvatlari, turar joylar, yo‘l va ko‘priklar barpo etildi. Bu go‘zal va betakror viloyatning o‘ziga xos xususiyati, avvalo, uning mehnatkash va oriyatli odamlari bo‘lsa, turfa tabiati va yer osti boyliklari hudud iqtisodiy taraqqiyoti manbaidir.

G‘uzor, Nishon, Mirishkor, Muborak, Koson tumanlari uglevodorod qazilmalari, Qamashi, Yakkabog‘, Kitob, Shahrisabz, Dehqonobod tumanlari tog‘li ma’danlar va foydali noruda tog‘ jinslariga, noyob kimyoviy elementlarga boy. Mamlakatimizda qazib olinayotgan gazning 64, neftning 67, gaz kondensatining 87,4 foizi Qashqadaryo viloyati hissasiga to‘g‘ri kelayotir. Viloyat hududida kaliy tuzi, marmar, keramzit, yonuvchi slanets, toshko‘mir, qo‘rg‘oshin, marganes, chinni toshi, bentonitli gil, qumli glaukonit kabi o‘ndan ortiq turli foydali qazilmalar mavjud. Vohaning hayvonot va nabotot olami, dehqonchilik tarkibi ham g‘oyat o‘ziga xos.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan tub islohotlar samarasida yerga, mehnatga munosabat o‘zgargani, dehqonchilik madaniyati yuksalganini Qashqadaryo viloyati iqtisodiy salohiyati yildan-yilga ortayotgani misolida ham ko‘rish mumkin. Mamlakatimizda yetishtirilayotgan g‘allaning 13, paxtaning 14 foizdan ortig‘i viloyatimiz hissasiga to‘g‘ri keladi.

Viloyatda sanoat izchil rivojlanmoqda. Yalpi hududiy mahsulotda bu sohaning ulushi 38 foizni tashkil etayotgani buning yorqin dalilidir. “Sho‘rtan neft-gaz”, “Muborak neft-gaz” korxonalari, “Sho‘rtan gaz-kimyo" majmuasi, Muborak gazni qayta ishlash zavodi, Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodi, Tallimarjon issiqlik elektr stansiyasi, “Hisor neft-gaz” singari yirik ishlab chiqarish quvvatlari mamlakatimiz sanoatida ham alohida o‘rin tutadi. “Ko‘kdumaloqgaz”, “Sho‘rtangazmahsulot” kabi qo‘shma korxonalar ham yurtimiz iqtisodiy taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etayotir.

17-.jpg

Mustaqillik yillarida viloyatning tog‘li hududlariga ham temir yo‘l kirib kelishi bu yerda mavjud ulkan xomashyo zaxiralaridan foydalanish imkonini berdi. Ayni paytda ushbu tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ularning negizida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Toshguzar – Boysun – Qumqo‘rg‘on temir yo‘l liniyasi yurtimizning janubiy viloyatlarini jadal rivojlantirish, hududdagi foydali qazilma boyliklarini samarali o‘zlashtirish, ijtimoiy infratuzilmani taraqqiy ettirishga xizmat qilayotir. Ushbu o‘zgarishlar tufayli tashkil etilayotgan sanoat korxonalari hisobiga tog‘li tumanlar, olis qishloqlar infratuzilmasi rivojlanmoqda. Toshkent – Qarshi yo‘nalishi bo‘yicha yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektr poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yilgani aholi farovonligini oshirishga xizmat qilayotir.

Viloyatda yalpi ichki mahsulot barqarorligini, iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadlarini ko‘paytirish, talab va taklifning mutanosibligini ta’minlashda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik muhim o‘rin tutmoqda. Tadbirkorlikni tashkil qilish va yuritishda xarajatlar kamaytirilishi, kichik biznes subyektlari huquqlarini himoya qilish borasida katta imtiyozlar yaratilgani soha faoliyati samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Viloyat tadbirkorlari tomonidan marmar vanna, marmar plita, suvli bo‘yoq (vodoemulsiya), rangli bruschatka, quruq shpatlyovka, mikrokalsit, kanalizatsiya quvurlari, turli o‘lchamdagi polietilen quvurlar, profnastil, penoblok, pishiq g‘isht va boshqa ko‘plab yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. Bu chetdan qurilish materiallari keltirishning, ortiqcha vaqt va xarajatning keskin qisqarishiga olib kelmoqda. Masalan, viloyatda 1991-yilda 17 g‘isht zavodi faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugungi kunda g‘isht zavodlari 170 dan oshdi.

Namunaviy loyihalar asosida qurilayotgan uy-joylar qishloqlarimiz qiyofasini tubdan o‘zgartirmoqda. 2009-2016-yillarda 92 massivda namunaviy loyihalar asosida yakka tartibdagi 7 ming 500 dan ortiq uy-joy qurilib, foydalanishga topshirildi. Joriy yilda 13 tumanning 32 massivida 1 ming 523 uy-joy qurilishi davom ettirilmoqda.

Yangilangan namunaviy arzon uy-joylarda 148 pudrat tashkiloti tomonidan kurilish-montaj ishlari amalga oshirilmoqda va qurilish ishlariga 13 ming 170 ishchi jalb qilingan. 2017-yil 1-iyul holatiga ko‘ra, Qarshi shahrida 94, Kitob tumanida 60, Chiroqchi tumanida 30, Shahrisabz tumanida 71, Yakkabog‘ tumanida 25, Muborak tumanida 10, G‘uzor tumanida 30 uy-joyda qurilish-montaj ishlari yakunlanib, belgilangan tartibda foydalanishga topshirish arafasida.

Ushbu massivlarda 63,6 kilometrlik suv va 37,1 kilometrlik elektr tarmog‘i tortiladi, 27,6 kilometr ichki yo‘llar ta’mirlanadi, 138 hovuz barpo etilib, 30 transformator o‘rnatiladi. 9 massivda 18,9 kilometr tabiiy gaz tarmog‘i tortish, 23 massivda muqobil yoqilg‘i – gaz balloni tarqatish ko‘zda tutilgan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 24-25-fevral kunlari viloyatimizga tashrifi davomida berilgan topshiriq va vazifalar ijrosi doirasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bularning barchasi odamlarning og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qilishga, muxtasar aytganda, zamonaviy turmush sharoiti yaratishga qaratilgan. Xususan, Qarshi shahri aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha 2017-2018-yillarga mo‘ljallangan qurilish ishlarini moliyalashtirish manbalari va mas’ullari belgilab olindi.

7-.jpg

Sog‘liqni saqlash tizimidagi kamchiliklarni bartaraf etish, jumladan, viloyat markazida Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazining 120 o‘rinli kardiojarrohlik bo‘limi, Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining 150 o‘rinli Qarshi filialini qurish, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasini kapital ta’mirlash, zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlash uchun 100 milliard so‘m ajratildi. Bu obyektlarni shu yilning 1-dekabrida ishga tushirish ko‘zda tutilmoqda.

Davlatimiz rahbarining tashrifi davomida viloyatning turizm salohiyati va mavjud noyob tarixiy-madaniy merosidan samarali foydalanish, tarixiy arxitektura yodgorliklari holatini yaxshilash bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi. Prezidentimizning Samarqand, Buxoro va Surxondaryo viloyatlariga boradigan sayyohlarning Shahrisabzga ham kelishini ta’minlaydigan qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rish yuzasidan bergan ko‘rsatmalari amalga oshirilmoqda, Shahrisabz shahrini viloyat bo‘ysunuvidagi shaharlar turkumiga kiritish taklifi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlari bilan tasdiqlandi.

Darhaqiqat, viloyatda turizmni rivojlantirishda Shahrisabzning o‘rni beqiyos. Shaharda jami 39, jumladan, Amir Temur va temuriylar davrida qurilgan 18 me’moriy obida mavjudligi ham buni yaqqol isbotlaydi. Bundan tashqari, Maqom markazi va Bolalar musiqa va san’at maktabida shaharga keladigan xorijiy sayyohlarga o‘zbek mumtoz san’atidan bahramand bo‘lish imkoniyati yaratildi. “Afrosiuob” tezyurar poyezdi qatnovini Shahrisabzgacha yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Viloyatning boshqa hududlarida ham turizmni rivojlantirish uchun ulkan imkoniyatlar mavjud. Shularni hisobga olgan holda, 2017-2018-yillarda Qashqadaryo viloyatida turizm sohasini kompleks rivojlantirish dasturi ishlab chiqildi.

Hududning yirik turizm salohiyatidan samarali foydalanish maqsadida joriy yilda 12 tarixiy-madaniy obyektni qayta tiklash va ta’mirlash, turizm infratuzilmasini rivojlantirish, mehmonxona, restoranlar tashkil etish, xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash, madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish rejalashtirilgan. Ekoturizm yo‘nalishi bo‘yicha tog‘ va tog‘oldi hududlarida sayyohlarning maroqli dam olishi uchun barcha sharoit yaratilgan.

Agroturizm sohasini rivojlantirish maqsadida Kitob tumani tokzorlarida “Vino degustatsiyasi”ni yo‘lga qo‘yish, Ekstremal turizm sohasida Muborak tumani cho‘llariga kvadrotsikllarda safar uyushtirish, tarixiy-madaniy turizm sohasida Shahrisabz shahri tarixiy markazida “Zafarli yurish” va “Shoh bazmi” teatrlashtirilgan tomoshalarini muntazam tashkil etish mo‘ljallangan. Bu ishlarning debochasi sifatida viloyat tadbirkorlari joriy yil 13-14-aprel kunlari poytaxtimizda o‘tkazilgan ko‘rgazmada xorijiy va mahalliy turfirmalar bilan 200 dan ortiq hamkorlik shartnomalari imzoladi.

Ayni paytda investitsiyalar, ayniqsa, xorijiy sarmoyalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri jalb etish, ko‘plab yangi va zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari barpo etish orqali real ish joylari yaratish hamda aholi turmush farovonligi va daromadini yanada oshirishga, eng muhimi, odamlarning hayotdan rozi bo‘lib yashashi uchun barcha sharoitlarni yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bu borada keyingi 5 yilda belgilangan vazifalarni amalga oshirishda Investitsiya dasturining hayotga tatbiq etilishi juda muhim o‘rin tutadi, Ushbu dasturda sanoatda, butun iqtisodiyotda tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish bo‘yicha eng muhim vazifalar belgilangan. Viloyat iqtisodiyotiga keyingi 5 yil davomida barcha manbalar hisobidan 36 trillion 586 milliard so‘mdan ziyod investitsiya jalb etiladi. Investitsiyalarning 80 foizga yaqini bevosita ishlab chiqarishni yangilashga yo‘naltirilishi alohida ahamiyatga ega. Ushbu tadbirlarni amalga oshirishda vazirlik va idoralar, viloyatdagi davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari, yirik ishlab chiqarish korxonalari bilan birga, tadbirkorlik subyektlari ham faol ishtirok etmoqda.

Bugungi kunda viloyatda 14,2 ming tonna ip-kalava ishlab chiqarish quvvatiga ega 5 korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular tomonidan 2016-yilda 145 ming 985 tonna paxta tolasining 7 foizi qayta ishlandi. 57 kichik korxona va mikrofirmada trikotaj-tikuvchilik mahsulotlari, tayyor kiyim-kechaklar va boshqalar ishlab chiqarilmoqda.

Joriy yilda 32,3 ming tonna tolani qayta ishlab, ip-kalava ishlab chiqaradigan 2 yangi korxona ishga tushirilishi mo‘ljallanmoqda. Bitta korxonada modernizatsiya ishlari amalga oshirilmoqda. Mazkur loyihalar samarasida joriy yil oxiriga borib, 46,5 ming tonna tolani qayta ishlash imkoniyati yaratiladi va qayta ishlash darajasi 32 foizga ko‘tariladi. Yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqaradigan 48 korxona ishga tushiriladi.

Qarshi tumanida barpo etilayotgan to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “LT Tekstil Interneyshnl” O‘zbekiston – Xitoy – Niderlandiya qo‘shma korxonasi eng zamonaviy va energiya tejamkor texnologik uskunalar bilan jihozlanmoqda. Korxonaning birinchi bosqichi – yiliga 15 ming tonna aralash (paxta va sintetik tola) ip-kalava ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi yakuniga yetkazilmoqda, mustaqilligimizning 26 yillik bayrami arafasida ishga tushiriladi. Loyihaning ikkinchi bosqichida yiliga 50 million kvadrat metr gazlama ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi, 800 dan ortiq ish o‘rni yaratiladi.

Mazkur korxonaning ishga tushirilishi hududda yetishtirilayotgan paxta tolasini shu yerning o‘zida qayta ishlash, aholining real daromadlarini oshirish imkoniyatini yanada kengaytiradi. Ishlab chiqarilgan mahsulotlarning 80 foizi eksportga yo‘naltiriladi.

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturi asosida viloyat hududiy dasturi ishlab chiqildi. Unda ko‘zda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun 2,69 trillion so‘m va 204,1 million dollar mablag‘ sarflanishi rejalashtirilgan. Ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga 1,84 trillion so‘m va 4 million dollar evaziga 85 banddan iborat chora-tadbirlar amalga oshirilishi belgilangan. Ayni paytgacha 1,25 trillion so‘m va 3,9 million dollar miqdoridagi ishlar amalga oshirildi. Sarflangan mablag‘larning 42,7 milliard so‘mi byudjet va byudjetdan tashqari fondlar, 440,7 milliard so‘mi homiylar va ijrochilar hamda 770,5 milliard so‘mi bank kreditlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Fuqarolarning shaxsiy yordamchi xo‘jaliklarida qishlok xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, qoramol, qo‘y, echki, quyon boqish, parrandachilik va asalarichilikni, xizmat ko‘rsatish va servis sohasini yanada rivojlantirish, ixcham issiqxonalar tashkil etish, ayollar tadbirkorligini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida tijorat banklari tomonidan 289,6 milliard so‘m miqdorida kreditlar ajratildi.

"Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili" Davlat dasturi hamda “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni ijrosini ta’minlash maqsadida 2017-yilning yanvar oyida media-reja tasdiqlandi. Ayni paytda har bir tuman va shahar hokimi o‘z hududidagi vakolatiga kiradigan barcha masalalarni ishchi guruhi orqali o‘rganib, javob xatini o‘z imzosi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasiga yubormoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasidan viloyat hokimligiga joriy yil 1-iyul holatida 30 ming 743 murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 29 ming 561 tasiga javob berilgan, 1 ming 182 tasi o‘rganish jarayonida.

Viloyat hokimi va hokim o‘rinbosarlarining tuman va shaharlardagi sayyor qabullari fuqarolarga qulaylik yaratish bilan birga, ular tomonidan ko‘tariladigan masalalarni joyida hal etish imkonini bermoqda. Sayyor qabullarda masalalarga daxldor viloyat tashkilotlari rahbarlari ham ishtirok etayotir.

Fuqarolar murojaatlarida ko‘tarilayotgan masalalar viloyat hokimligi tomonidan muntazam tahlil etilib, ularni keltirib chiqaruvchi sabablarni aniqlash va oldini olish choralarini belgilash maqsadida har oy yakunida viloyat hokimligi apparati xodimlarining kengaytirilgan yig‘ilishida muhokama etib borilmoqda.

Viloyat, tuman va shaharlar hokimliklari tomonidan joylarda sayyor qabullar o‘tkazishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2017-yilning o‘tgan olti oyida viloyat hokimi va o‘rinbosarlari tomonidan joylarda 101 marta sayyor qabul tashkil etildi.

Shu kunlarda barcha shahar va qishloqlarda, mehnat jamoalarida, mahallalarda, har bir xonadonda biz uchun eng ulug‘, eng aziz bayram – Vatanimiz mustaqilligining 26 yillik shodiyonasini nishonlashga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Mustaqillik bugungi tinch va osuda hayotimiz, to‘kin va farovon dasturxonimiz, xalqaro maydondagi nufuz va e’tiborimizning bosh mezoniga aylandi. Vatanimiz, xalqimiz hayotida, barchamizning ongu shuurimizda, tafakkurimizda ro‘y bergan ulkan o‘zgarishlarni ko‘z oldimizga keltirganimizda, istiqlolning buyuk mohiyati va ahamiyati, mustaqillik atalmish ulug‘ ne’matning muqaddas zaminimizda yashaydigan barcha insonlar hayotida tutgan o‘rnini yanada teran anglaymiz. Bunday yuksak tuyg‘ular bugun barcha yurtdoshlarimiz qatori Qashqadaryo viloyatida yashayotgan har bir fuqaroning qalbida jo‘sh urmoqda, ularni yangi marralar sari ruhlantirmoqda.

Zafar Ro‘ziyev,
Qashqadaryo viloyati hokimi.

Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA
3 230






Все о погоде - Pogoda.uz