O‘zA O`zbek

07.06.2018 17:06 Chop etish versiyasi

Qashqadaryo fermerlari g‘o‘za parvarishida egiluvchan suv quvurlardan foydalanmoqda

Qashqadaryo fermerlari g‘o‘za parvarishida egiluvchan suv quvurlardan foydalanmoqda
Qashqadaryo viloyati fermerlari suv tanqisligi sezilayotgan joriy yilda g‘o‘za parvarishida egiluvchan quvurlardan foydalanmoqda.

Kasbi tumanidagi “Janub go‘zali” fermer xo‘jaligi dalasida tuman hokimligi, qishloq xo‘jaligiga aloqador idora va tashkilotlar hamda fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirokida tashkil etilgan ko‘rgazmali seminarda shu haqda so‘z yuritildi.

Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda “G‘o‘zada kafolatli hosil yaratish zarbdor oyligi” e’lon qilingani katta mehnat va xarajat bilan yetishtirilgan hosilni to‘la saqlab qolish, qishloq xo‘jaligida mo‘l hosil yetishtirishda o‘ziga xos ahamiyat kasb etmoqda.

Kasbilik mirishkor dehqonlar bu yil 20 ming gektardan oshiq maydonga urug‘ qadab, paxtadan ko‘zlangan hosil yetishtirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Buning uchun mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanilayotir.

Ko‘rgazmali seminarda dastlab tumanda har bir fermer va hududlar kesimida ishni to‘g‘ri tashkil etish, g‘o‘za qatori oralariga ishlov berish, oziqlantirish, suspenziya qilish, zararkunandalarga qarshi kurashish, kimyoviy va biologik ishlovlarning ahamiyati, biolaboratoriyalar faoliyati bilan bog‘liq jarayonlar xususida fikr almashildi. Ayniqsa, suv tanqisligi kutilayotgan joriy yilda suv resurslaridan samarali foydalanish, tejamkor texnologiyalarni amaliyotga joriy etish bo‘yicha keng qamrovli tushunchalar berildi.

Tumanda g‘o‘zani sug‘orishda egiluvchan quvurlardan foydalanilmoqda. Qariyb 2ming gektar maydon ana shu usulda sug‘oriladi. Bu ishlarga jalb etilgan suvchilar uchun barcha sharoitlar yaratilayotir. Maxsus kiyim-bosh bilan ta’minlangan suvchilar uchun har bir fermer xo‘jaligi dalasida alohida uy tashkil etilgan.

– Barcha sektorlarda kuzatilayotgan suv tanqisligi va uning oldini olish, g‘o‘za parvarishida olib borilayotgan agrotexnik tadbirlar kelgusida qanday samara berishi bo‘yicha tashkiliy, zaruriy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, – deydi tuman prokuroriB.Ismatov. – Bugungi seminarda egiluvchan quvurdan foydalanish orqali sug‘orish tizimi ko‘rib chiqildi. Albatta, bu usulda suv yuqori aniqlikda tejaladi. Shu bois, tumandagi 1 ming 76 fermer xo‘jaligida paxta yetishtirilayotgan bo‘lsa, ayni kunlarda ularning 30 foizi lizing shartnomasi orqali 280 ming so‘mdan dastlabki to‘lovni to‘lab, egiluvchan quvurlarni sotib oldi.

G‘o‘za parvarishi bilan bog‘liq agrotexnik tadbirlarni vaqtida amalga oshirishni davrning o‘zi taqozo etmoqda. Tumanda kultivatorlar kuchidan samarali foydalanish, tuproqni chuqur yumshatish, mayda chopiq ishlariga e’tibor qaratish, qishloq xo‘jalik zararkunandalariga qarshi kurashish va nazorat ishlariga mas’uliyat bilan yondashilmoqda.

– Bugungi kundagi eng dolzarb masala suv tanqisligidir, – deydi “Janub go‘zali” fermer xo‘jaligi rahbari A.Jabborov. – Eng avvalo, xo‘jaligimizda zararkunandalarga qarshi kurashishda shtangerli purgagichlardan foydalanishni yo‘lga qo‘ydik. Masalan, ilgari OVXlarda suyuqlikni g‘o‘zaga sepganimizda dorining 10-15 foizi paxtaga, qolgan qismi yerga sepilar edi. Hozirda kultivatsiyaga shtangerli purkagichlar o‘rnatganmiz va bunda dori to‘liq g‘o‘zaga sepilyapti. Bu usul suvni tejashga ham olib keladi.

Shu kuni tumandagi boshqa fermer xo‘jaliklari dalalarida ham qishloq xo‘jalik ishlarini jadallashtirish, g‘o‘za parvarishi bilan bog‘liq agrotexnik tadbirlarni me’yorida va o‘z muddatida o‘tkazishga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar tashkil etildi.

Tadbirlar davomida dala madaniyatiga amal qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Bugun fermer o‘z o‘rnini dalada deb bilishi, fidokorona mehnat qilishi, ishchi va xizmatchilar uchun dala sharoitida yetarli imoniyatlar yaratishi, ayniqsa, dala shiyponi, suvchilar uyi tashkil etishi, parranda va chorva mollari bo‘lishiga ahamiyat qaratishi lozimligi tushuntirildi. Asosiy maqsad ham sohada takomillashuvga erishish, mehnat unumdorligini oshirish, mo‘l hosil yetishtirishdir.

O‘lmas Barotov, O‘zA
4 129