04.09.2018 14:56 Chop etish versiyasi

Qasamyodiga sodiq oʻgʻlonlar

Qasamyodiga sodiq oʻgʻlonlar Davlat bojxona qoʻmitasining Oliy harbiy bojxona institutida mazkur oliy taʼlim muassasasiga qabul qilingan tinglovchilarning harbiy va bojxonachi qasamyodini qabul qilish tantanali marosimi boʻlib oʻtdi.

Davlat hokimiyati tizimining muhim tarkibiy qismlaridan biri boʻlgan bojxona xizmati mamlakatimizning iqtisodiy xavfsizligi va manfaatlari himoyachisidir. Tabiiyki, Oliy harbiy bojxona instituti bu jarayonda tafakkuri keng, zamonaviy, fidoyi yosh kadrlarni tayyorlab berayotgan tayanch oliy oʻquv yurti hisoblanadi.

Oliy harbiy bojxona institutida hozirgi kunda “Bojxona ishi” va “Bojxona xuquqi” mutaxassisliklari boʻyicha malakali kadrlar tayyorlanmoqda. Shu paytga qadar mazkur dargohda tahsil olgan mingdan ortiq bojxonachi kadrlar mamlakatimizning turli bojxona organlarida xizmat qilmoqda.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisi M.Azimov va boshqalar bojxona xizmatining eng muhim mezoni – adolatli boʻlish, qonunlarga ogʻishmay amal qilish ekanligini alohida taʼkidladi.

Institutda yoʻlovchilar bojxona rasmiylashtiruvini tashkil etish, kriminalistika texnikalarini oʻrganish, interaktiv elektron oʻquv dasturlari oʻrnatilgan sinflar, bojxona postining modellashtirilgan oʻquv auditoriyasi, xorijiy tillarni amaliy oʻrganish lingafon auditoriyalari, harbiy mashgʻulotlar xonalari, bojxona ekspertizalarini amalga oshirishga moʻljallangan zamonaviy vositalar va asbob-uskunalar bilan jihozlangan laboratoriya, avtomobil tayyorgarligi boʻyicha maxsus oʻquv trenajyorlar hamda transportda amaliy mashqlar oʻtkazish sinflari mavjud.

Trening mashgʻulotlarini amaliyotga yaqinlashtirish maqsadida oʻquv maydoniga temir yoʻl vagoni, avtobus, fura va konteynerlar keltirilgan. Shuningdek, ikkita zamonaviy yotoqxona, kutubxonalar, sport majmuasi, trenajyor zallari, tir, yozgi va qishki suzish havzalari, tennis korti va boshqa zarur inshootlar tinglovchilar ixtiyorida.

– Yurtimiz bojxonasi – Vatanimiz ostonasidir. Bu ostonaning pokligi, undan yovuz niyatlar va gʻarazli kimsalar oʻtmasligi koʻp jihatdan boʻlajak bojxonachilarga bogʻliq, – deydi tinglovchi Sardor Eshonqulov. – Bugun qasamyod qabul qilgan biz, tinglovchilar ham kelajakda ana shu masʼuliyatni chuqur anglaydigan bojxona xizmatining professional xodimlari boʻlib yetishamiz, albatta.

Oliy harbiy bojxona instituti tinglovchilari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi barchaga xushkayfiyat bagʻishladi.

Nurillo Nasriyev, OʻzA
2 335