O‘zA O`zbek

12.06.2019 17:33 Chop etish versiyasi

Qarzdor otalar alimentni bira to‘la oldindan to‘lamoqda

Qarzdor otalar alimentni bira to‘la oldindan to‘lamoqda

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 6 oktabrdagi “Alimentlarni oldindan to‘lash, shuningdek, aliment to‘lash majburiyatini ta’minlash bo‘yicha garov shartnomasini tuzish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorining qabul qilinishi qarzdor otalar va farzandi tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘lgan onalar uchun ayni muddao bo‘ldi.

Mazkur hujjat bilan alimentlarni oldindan to‘lash yoki aliment to‘lash majburiyatini ta’minlashda garov taqdim etish asoslari belgilab berildi. Bu imkoniyatdan Samarqanddagi qarzdor otalar ham unumli foydalanmoqda.
Xususan, fuqarolik ishlari bo‘yicha Ishtixon tumanlararo sudining ijro hujjatiga asosan qarzdor Z.Ahmedovdan undiruvchi S.Ahmedovaning foydasiga uch nafar farzandlarining moddiy ta’minoti uchun aliment undirish belgilangan.

Ijro harakatlari davomida, qarzdordan undiruvchining foydasiga farzandlari voyaga yetgunga qadar jami 77 million 102 ming so‘m aliment pullari to‘liq undirib berildi.

Shu kabi fuqarolik ishlari bo‘yicha Payariq tumanlararo sudining ijro hujjatlariga asosan qarzdor A.Xidirovdan undiruvchi D.Karimovaning foydasiga to‘rt nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun 51 million 286 ming so‘m aliment pullari undirildi. Qarzdor Sh.Rahmatovda undiruvchi D.Rahmatovaning foydasiga uch nafar farzandlarining moddiy ta’minoti uchun 23 million 927 ming so‘m aliment pullarini to‘ladi.

Bundan tashqari, fuqarolik ishlari bo‘yicha Nurobod tumanlararo sudining sud hujjatiga asosan qarzdor M.Qo‘ziboevdan undiruvchi N.Qo‘ziboevaning foydasiga ikki nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun ular voyaga yetguniga qadar undirilishi lozim bo‘lgan 45 million so‘m aliment pullarini oldindan to‘lab qo‘ydi.

Qarzdor otalarning aliment pullarini oldindan to‘lab yuborishlari ularning O‘zbekiston Respublikasi hududidan chetga chiqish huquqlariga qo‘yilgan ta’qiqni olib tashlanishiga ham xizmat qilmoqda.

O‘zA
715