Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.01.2018 19:58 Chop etish versiyasi

Qarshi shahri ko‘chalari bo‘ylab zirhli harbiy texnikalar tantanali marsh bilan harakatlandi

Qarshi shahri ko‘chalari bo‘ylab zirhli harbiy texnikalar tantanali marsh bilan harakatlandi
14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni

Qarshida “Milliy armiyamiz – yoshlarning mardlik, matonat va jasorat maktabidir” shiori ostida Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining 26 yilligi va 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondonligi hamda Qashqadaryo viloyati hokimligi tashabbusi bilan harbiy texnikalar namoyishi tashkil etildi.


Shahar ko‘chalari bo‘ylab zirhli harbiy texnikalar tantanali marsh bilan harakatlandi.

5.jpg

– Eng so‘nggi rusumdagi komp’yuterlashtirilgan harbiy texnikalarni o‘zbek o‘g‘lonlari mahorat bilan boshqarib borayotganini ko‘rish qalbimda iftixor tuyg‘usini yanada yuksaltirdi, – deydi qarshilik mehnat faxriysi Bo‘ri bobo Norqobilov. – Prezidentimizning ham maqsadi intellektual salohiyatli, zamonaviy bilimlarni puxta egallagan harbiylarga ega milliy armiyamizni shakllantirishdir. Bunday yoshlar bizning umidimiz, kelajagimiz. Ular xalqimiz osoyishtaligi, osmonimiz musaffoligi va davlatimiz sarhadlari daxlsizligini ta’minlashga qodir.

Harbiy texnikalar namoyishida ishtirok etgan 1000 dan ziyod o‘quvchi-yoshlar harbiy texnikalar, o‘qotar qurol-aslahalar bilan yaqindan tanishdi, mutaxassislardan ular to‘g‘risida ma’lumotlar oldi.

10.jpg

– Bunday harbiy texnikalarni faqat filmlarda ko‘rganman, – deydi kollej o‘quvchisi Doston Mirzayev. – Mamlakatimiz harbiy qudratini ta’minlaydigan shunday texnikalarimiz borligidan, rosti, g‘ururlandim. Ularni boshqarayotgan harbiylarga havasim keldi. Harbiy sohaga qiziqishim ortdi. Ayniqsa, tantanali marsh yakunlangach, harbiy xizmatchilar o‘zlari boshqargan harbiy texnikalar imkoniyatlari haqida bergan ma’lumotlar meni bu sohaga butkul maftun etib qo‘ydi.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA
2 084