O‘zA O`zbek

16.04.2019 11:34 Chop etish versiyasi

Qarovsiz hayvonlar himoya qilinadimi?

Qarovsiz hayvonlar himoya qilinadimi?


O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 111-moddasiga o‘zgartish va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonuni loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi. Asosiy maqsad - insonlarni hayvonlarga nisbatan har qanday ko‘rinishdagi zo‘ravonlikdan tiyib turish va bunday harakatlar uchun jazoni kuchaytirish yo‘li bilan hayvonlarni ularga nisbatan shafqatsiz va noto‘g‘ri munosabatda bo‘lishdan himoya qilishdan iboratdir.


Mazkur qonun loyihasining tayyorlanishiga “Mening fikrim” veb-portali orqali 10700 dan ortiq ovoz to‘plagan, jonivorlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi “Hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lishning oldini olish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi jamoaviy elektron murojaati sabab bo‘ldi.

Egasiz uy hayvonlarining aybi nimada?

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda qarovsiz jonivorlarga nisbatan munosabatni tahlil qiladigan bo‘lsak, inson etini junjiktiruvchi dalillarga duch kelamiz. Toshkent viloyatining Olmaliq shahrida bolalar tomonidan itga spitsa tiqilgan, ustidan benzin quyib, yoqib yuborilgan. Toshkent shahrining Olmazor tumanida 18 yoshli qizlar tomonidan mushuk cho‘ktirib o‘ldirilgan. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 111-moddasiga muvofiq sud tomonidan ularga nisbatan eng kam ish haqining ikki baravari miqdorida jarima solinishi haqida qaror chiqarilgan. Toshkent shahrining Yunusobod tumanida farrosh tomonidan mushuklar shafqatsizlarcha o‘ldirilgan. Sud mazkur qilmishni mayda bezorilik sifatida tasniflagan va eng kam ish haqining uch baravari miqdorida jarima solish haqida qaror chiqargan. Aynan ushbu tumanda erkak kishi 6 nafar voyaga yetmagan bolalar ko‘z o‘ngida kuchuk bolasini chavoqlagan. Mirzo Ulug‘bek tumanida yosh yigit mushukni pnevmatik quroldan otib tashlagan, ushbu holat videokuzatuv kamerasi tomonidan suratga olingan. Unga nisbatan sud eng kam ish haqining besh baravari miqdorida jarima solish haqida qaror chiqargan.

Yoshlar, ayniqsa qurilish maydonlarida ishlayotgan shaxslar tomonidan qandaydir ko‘ngilxushlik sifatida hayvonlarning ustidan benzin quyish va tiriklayin yoqib yuborish holatlari ham yuz bermoqda.

Shahar va tuman obodonlashtirish boshqarmalari huzuridagi qarovsiz qolgan hayvonlarni tutish brigadasi vakillari tomonidan hayvonlarga nisbatan benihoya shafqatsizlik (sop, tayoqlar, armatura bilan urish) ko‘pincha bolalar va keksa fuqarolarning ko‘z o‘ngida sodir etilmoqda. Masalan, Navoiy shahrida hayvonlarni otish aholi ko‘z o‘ngida sodir bo‘lgan. Jizzax viloyatining Paxtakor shahrida hayvonlarni otish kunduzi voyaga yetmaganlar ko‘z o‘ngida amalga oshirilgan.

Hayvonlarni tutishda azob beruvchi, shafqatsiz va sadistlarcha usullardan, shu jumladan qo‘l-oyoqlarni uzib olish, turli qattiq predmetlar bilan kaltaklash qo‘llanilgan. Masalan, Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida hayvonlarni tutish voyaga yetmagan shaxslar va keksa fuqarolar ko‘z o‘ngida to‘qmoqlar va armatura qo‘llanilgan holda shafqatsiz tarzda amalga oshirilgan. Sirdaryo viloyatida va Namangan shahrida hayvonlar zaharli kimyoviy vositalar bilan zaharlangan. Birgina Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Obodonlashtirish boshqarmasi huzuridagi “Qarovsiz qolgan hayvonlarni tutish bo‘lim”lari tomonidan 2015 yilda 3 ming 768 ta it, 252 ta mushuk va 48 ta boshqa turdagi hayvonlar ovlanib, yo‘q qilingan.

Hayvonlarga shafqatsiz munosabatda bo‘lishning ijtimoiy xavfliligi, jonivorlarni voyaga yetmagan shaxslar ko‘z o‘ngida qo‘pol va asoslanmagan ravishda yo‘q qilish yoki ularga shikast yetkazishdan, hayvonlarga nisbatan munosabatda bo‘lishning umume’tirof etilgan insonparvarlik prinsiplarini qo‘pol buzishdan iborat. Jinoyat, qoidaga ko‘ra, voqea shohidlari va hayvonlarning egalariga axloqiy, ruhiy ziyon yetkazadi.

“Mehr va oqibat” hayvonlarni himoya qilish jamiyatining statistik ma’lumotlariga ko‘ra, faqat 2014-2018 yillarning o‘zida fuqarolardan hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish haqidagi 3588 ta ariza kelib tushgan. Bunday tashvishli holatlarning statistikasi yildan-yilga o‘sib bormoqda: 2014 yilda 494 tani, 2015 yilda 550 tani, 2016 yilda 720 tani, 2017 yilda 810 tani va 2018 yilda 1014 tani tashkil qilgan. Shu bilan birgalikda, “Mehr va oqibat” hayvonlarni himoya qilish jamiyati faqat Toshkent shahri va Toshkent viloyatida o‘z faoliyatini amalga oshirayotganligini va bunday holatlarning hisobi mamlakatimizning boshqa mintaqalaridan kelayotgan ayrim holatlar bo‘yicha murojaatlarni hisobga olmaganda mamlakat miqyosida olib borilmayotganligini ham e’tiborga olish zarur.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudidan olingan ma’lumotga ko‘ra, 2014-2017 yillarda va 2018 yilning 9 oyi davomi ma’muriy sudlar tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 111-moddasi bo‘yicha 399 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik haqidagi 277 ta ish ko‘rib chiqilgan. Ulardan faqat 199 ta ish bo‘yicha 281 shaxsga nisbatan ma’muriy choralar qo‘llanilgan va 118 nafar shaxsga nisbatan 78 ta ish tugatilgan. Ayni vaqtda sud statistikasining ko‘rsatishicha, huquqbuzarlik sodir etilishining oshib borishi tamoyili kuzatilmoqda.

Eng yomoni Toshkent shahar hokimligi tomonidan 2017 yil sentabr oyida poytaxtni uysiz hayvonlardan tozalash bo‘yicha qaror qabul qilinishi bo‘ldi. Rahbariyat sichqon va kalamushlar kabi zararkunandalardan shaharni tozalash xayoliga ham kelmay, himoyasiz jonivorlar ustidan hukm chiqarib qo‘ya qoldi. Xuddi shunday holat 1958 yil Xitoyda yuz berib, Mao szedun buyrug‘iga asosan qishloq xo‘jaligi ekinlariga ziyon yetkazishda “ayblanib”, 2 milliarddan ortiqroq qush o‘ldirilgan, ekinlarga esa chigirtka qiron keltirgan edi. Ochlik va kasallikdan o‘sha payti 10 milliondan ortiq odam vafot etgandi.

Guli Ergasheva, “Rahmdil bo‘l” egasiz hayvonlarni himoya qilish tashabbuskor guruhi rahbari:

Uysiz hayvonlar qaerdan paydo bo‘ladi? Ularning faqat bir qismigina ko‘chada tug‘ilsa, aksariyat qismini o‘z farzandlariga “o‘yinchoq” sifatida olib berib, keyin ko‘chaga chiqarib tashlangan it va mushuklar tashkil etadi. Eng yomoni, ularning ko‘pchiligi o‘zga muhitga moslasha olmay nobud bo‘ladi, boshqalarini esa qiynab o‘ldiradi. Fuqarolarimizning ko‘pchiligi ko‘chada qarovsiz jonivorlarni boqayotganlarga o‘gay ko‘z bilan qarashadi. Vaholanki, himoyasiz jonivorlarga mehr ko‘rsatish ham katta savobdir. Bizning “Mehrli bo‘l” tashabbuskor guruhimiz bag‘rikeng, tilsiz, himoyaga muhtoj jonivorlarga beminnat yordam ko‘rsatadigan insonlardan tashkil topgan. Biz iloji boricha ko‘chadagi it va mushuklarni “ovlab ketuvchilar”dan qutqarish, ularni veterinariya ko‘rigidan o‘tkazish, sterillab, ijtimoiy tarmoqlar orqali yangi ega topishga ko‘maklashamiz. Albatta bu harakat guruh a’zolarimizning o‘z hisoblaridan amalga oshiriladi. Ammo bugungi jonivorlarga nisbatan shafqatsizlik kuchaygan bir paytda bizning va “Mehr va oqibat” nodavlat notijorat tashkiloti a’zolarining faoliyati dengizdan bir tomchi, xolos. Biz yuksak ma’naviyat uchun kurashar ekanmiz, ana shu ma’naviyatning bir bo‘lagi bo‘lmish jonivorlarga mehrli bo‘lish uchun kurashishimiz lozim. Egasiz jonivorlarning sonini nazorat qilish ularni o‘ldirish orqali emas, aksincha sterillash, ularga veterinariya pasportini berish, boshpanalar qurish asosida amalga oshirilishi lozim. Bu faoliyat albatta davlat tomonidan nazorat qilinishi va qo‘llab-quvvatlanishi kerak.
Hayvonlarga nisbatan insonparvar munosabatida bo‘lish – bu taraqqiy etgan jamiyat madaniyatining ajralmas va o‘ta muhim bo‘lgan qismidir. Kriminologiya, psixologiya, sud psixiatriyasi sohasidagi olimlarning o‘tkazgan tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘layotgan shaxslar ko‘pincha potensial jinoyatchilar bo‘ladilar va huquq-tartibot organlarining jiddiy e’tiboriga loyiqdirlar. Tadqiqotlarning natijalariga qaraganda, jinoyatchi 8-12 yoshdanoq shakllana boshlaydi. Agar ilgari bolalarning hayvonlarni tahqirlashi asosan oiladagi nomaqbul vaziyat tufayli tarbiyadagi nuqson sifatida talqin etilgan bo‘lsa, hozirgi kunda olimlarning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, shafqatsizlik va tajovuzkorlik uchun alohida gen javob beradi. Bolalik yoshida ushbu gen ma’lum bir vaziyatlarda psixopatiyaga olib kelishi mumkin. Singapurda jamiyat bolalar tarbiyasi yuzasidan muammolarga duch kelganida mamlakat bosh vaziri Li Kuan Yuning o‘tkazgan islohotlari natijasida maktablarda o‘simlik va hayvonot dunyosiga mehrni kuchaytirish borasida ekologiya darslari soni oshirildi. Hayvonlarga shafqatsiz munosabatda bo‘lgan ota-onalarini ularning o‘z farzandlari uyaltira boshlashdi. Singapurda aynan uysiz hayvonlarni himoya qilish borasida kampaniyalar boshlandi. Natijada o‘smirlar va bolalar amalga oshirayotgan jinoyatlar soni keskin kamaydi. Shuning uchun, ko‘rilayotgan choralar, shu jumladan qabul qilinayotgan qonunlar hayvonlarga nisbatan insonparvarlik madaniyatini va mas’uliyat hissini shakllanishiga xizmat qilishi kerak.

Hayvonlarni asrash borasida xalqaro tajriba

Xalqaro tajribani o‘rganish shuni ko‘rsatadiki, bir qator mamlakatlarda hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlik ham nazarda tutilgan (Belarus Respublikasining Jinoyat kodeksi – 3391-modda, Rossiya Federatsiyasining Jinoyat kodeksi – 245-modda, Qozog‘iston Respublikasining Jinoyat kodeksi – 316-modda, Ukraina Jinoyat kodeksi – 299-modda). Shuningdek, AQSh, Buyuk Britaniya, Italiya, Polsha, Yaponiya, Hindiston va boshqa davlatlarning qonun hujjatlariga muvofiq hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish jinoyat deb hisoblanadi va katta miqdorda jarima solishga yoki ozodlikdan mahrum qilish ko‘rinishidagi jazo qo‘llanilishiga sabab bo‘ladi. Ushbu qonunlarning maqsadi insonlarni hayvonlarga nisbatan har qanday ko‘rinishda zo‘ravonlikdan tiyib turish va bunday harakatlar uchun jazoni kuchaytirish yo‘li bilan hayvonlarni ularga nisbatan shafqatsiz va noto‘g‘ri munosabatda bo‘lishdan himoya qilishdan iboratdir. Ko‘pchilik qonunlar etika tamoyillarni belgilab, ularning maqsadi nafaqat hayvonlarni himoya qilish, balki insonlarni insonparvarlik xulq-atvori va tafakkur tarzi yo‘lida to‘g‘ri ushlab turish ekanligini ham e’tirof etadi.

Sadriddin Djakbarov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining deputati:

– Mazkur qonun loyihasi hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lganlik uchun ma’muriy javobgarlikni kuchaytirish maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 111-moddasiga o‘zgartish va qo‘shimcha kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi tayyorlandi. Unga ko‘ra, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish ularning o‘limiga yoxud mayib bo‘lishiga olib kelsa, xuddi shuningdek hayvonlarni qiynash, yoxud voyaga yetmaganlarning huzurida sodir etganlik uchun ma’muriy javobgarlikni kuchaytirish (eng kam ish haqining 10 baravaridan 15 baravarigacha jarima solish); xuddi shunday huquqbuzarliklar ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa, yoxud voyaga yetmagan shaxsni ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilishda ishtirok etishga jalb qilganlik uchun ma’muriy javobgarlikni kiritish (eng kam ish haqining 15 baravaridan 30 baravarigacha jarima solish yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosini tayinlash), bu xalqaro tajribaga ham mos keladi.

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda ko‘plab progressiv va zarur islohotlar amalga oshirilmoqda. Biroq o‘ta muhim masala hisoblangan odamlarning va hayvonlarning o‘zaro munosabatlari lozim darajada tartibga solinmagan. Uy hayvonlariga nisbatan shafqatsizlarcha munosabatda bo‘lish, qarovsiz qolgan jonivorlarga yordam ko‘rsatish borasida maqsadli dasturlarning yo‘qligi, uy hayvonlariga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘layotgan fuqarolarni nazorat qilish va javobgarlikka tortish darajasining samarasizligi bugungi kunning qayg‘uli ayni haqiqatidir. Ishonamizki, qabul qilinayotgan qonun keyinchalik ham ishlab, jonivorlarga azob bergan shaxslar jinoiy va ma’muriy javobgarlikka tortiladi. Albatta qonun qabul qilingach, uni amalga oshirish mexanizmini ham ishlab chiqish, jonivorlarga ozor yetkazgan har qanday inson, u kim bo‘lishidan qat’iy nazar javobgarlikka tortilishi zarur. Mazkur muammo davlat miqyosida hal qilinmas, farzandlarimizni yoshligidan tabiatga, jonivorlarga mehrli qilib tarbiyalamas ekanmiz, biz o‘zimiz o‘tirgan shoxga bolta urishda davom etaveramiz.

Nargis Qosimova


O‘zA
442