O‘zA O`zbek

04.07.2020 Chop etish versiyasi

QAROR VA IJRO: muddat tugadi, lekin imkoniyat hali bor

QAROR VA IJRO: muddat tugadi, lekin imkoniyat hali bor

Joriy yil 1-yanvardan boshlab, xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatiga elektron hisobvaraq-fakturalar (EHF) tizimi majburiy tartibda joriy etilayotganidan yaxshi xabardorsiz. Ayni vaqtda 203 mingdan ziyod yuridik shaxs va 40 mingdan ortiq yakka tartibdagi tadbirkor bu tizimdan foydalanib kelmoqda. Ammo haligacha oʻz faoliyatida hisobvaraq-fakturalarning qogʻoz shaklini qoʻllayotganlar ham yoʻq emas.

Toʻgʻri, koʻp sonli soliq toʻlovchilarni elektron hisob operatorlariga ulash zarurati tufayli Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi 2020-yil 1-iyulga qadar ushbu tartibni buzganlik uchun soliq organlari tomonidan javobgarlik choralari qoʻllanmasligini maʼlum qilgan edi. Bu fursat ham yakuniga yetdi.

Aslida esa mazkur tizimdan foydalanishga oʻtish uchun qandaydir muddatni kutish yoki shunchaki masʼuliyatsizlik qilishdan hech qanday maʼno yoʻq edi. Chunki bu orada vaqt, xarajat va qulaylik borasida ortiqcha yoʻqotish-u ovoragarchiliklar boʻlgani aniq va bundan faqat tadbirkorlik subyektining oʻzi ziyon koʻrgan boʻladi, xolos.

Endilikda hisobvaraq-fakturalarni elektron shaklda rasmiylashtirish, saqlash va hisobini yuritmaslik maʼmuriy javobgarlikka sabab boʻladi.

Muddat tugadi, lekin imkoniyat hali bor. Bu haqda “Yangi texnologiyalar” ilmiy-axborot markazi mutaxassisi Farhod DOʻSTMUHAMEDOV quyidagilarni maʼlum qildi.

– EHFdan foydalanishga oʻtishdan avval tizim ishtirokchilarining huquq va majburiyatlari haqida toʻliq maʼlumotga ega boʻlish lozim. Bu “Oʻzaro hisob-kitoblar tizimida elektron shakldagi hisobvaraq-fakturalardan foydalanish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomda batafsil aks etgan, – dedi F.Doʻstmuhamedov. – Unga koʻra, ushbu tizim ishtirokchilari oʻz xohishiga koʻra operatorni erkin tanlash, EHF aylanish tizimida hisobvaraq-fakturalarni shakllantirish yoʻli bilan tovarlarni (ishlar, xizmatlarni) realizatsiya yoki xarid qilish kabi huquqlarga ega. Shuningdek, EHF aylanish tizimidagi nosozliklar boʻyicha xizmat koʻrsatuvchi operatorga murojaat qilishga haqli.

Operatorning ommaviy ofertasida koʻrsatilgan shartlarni bajarish, EHFlar va elektron xabarlarni operatorga saqlash uchun topshirish esa ularning asosiy majburiyatlari qatoridan joy olgan. EHF foydalanuvchisi uchun operatorlarning vazifa va majburiyatlarini bilish ham muhim. Operator, eng avvalo, oʻz axborot tizimini rouming operatorining axborot tizimiga bogʻlagan boʻlishi zarur. Shuningdek, oʻzining maʼlumotlar bazasida tasdiqlangan EHFlarni kamida 5 yil davomida saqlanishi va ishtirokchilarning shaxsiy maʼlumotlari himoya qilinishi hamda EHFlar konfidensialligini taʼminlashi shart.

Operatorga qoʻyiladigan majburiyatlar orasida call-markaziga va axborot texnologiyalari, moliya, soliq yoki buxgalteriya sohalarida oliy maʼlumot hamda kamida 3 yillik ish tajribasiga ega boʻlgan kamida bir nafar mutaxassisga ega boʻlishi lozimligi ham belgilangan. Ayni vaqtda shu kabi vazifa va majburiyatlar asosida 18 EHF operatori faoliyat olib bormoqda.

Nimani qanday bajarish va qaysi vazifalar uchun qay bir tomon masʼul ekanini batafsil bilmay turib, EHF tizimi imkoniyatlaridan samarali foydalanish qiyin. Bu borada Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan operator maqomi berilgan “Soliqservis” DUK misolida yangi hisobvaraq-faktura shakllari hamda ishonchnoma, tovar transport yukxati, akt va boshqa oʻzgarishlar toʻgʻrisida qoʻllanmadan foydalanish qoʻl keladi. Mazkur qoʻllanmani esa soliq.uz yoki EHF rouming.uz saytlaridan yuklab olish mumkin.

Tizimning har bir ishtirokchisi oʻz huquq va majburiyatlari, vazifalarini oʻz vaqtida hamda toʻliq bajarishi EHFlarning qulaylik, tezkorlik, xavfsizlik kabi sifatlariga ishonchning asosiy kafolatidir.

1 901
Xurshid Qodirov tayyorladi, OʻzA