O‘zA O`zbek

14.11.2019 Chop etish versiyasi

Qardosh, qondosh xalqlarmiz

Qardosh, qondosh xalqlarmiz

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasida Qozogʻiston xalq Assambleyasi raisi oʻrinbosari – Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi kotibiyat mudiri Janseit Tuymebayev rahbarligidagi delegatsiya bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Uchrashuvda Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi raisi R.Qurbonov va boshqalar mamlakatimizda turli millat va elat vakillari oʻrtasida hamjihatlikni taʼminlash, doʻstlik, ahillik, oʻzaro hurmat, saxovat, mehr-muruvvat muhitini mustahkamlash, yaqin davlatlar bilan yaxshi qoʻshnilik aloqalarini tobora kengroq yoʻlga qoʻyish masalasi Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan islohotlar jarayonida muhim oʻrin egallashini taʼkidladi.

Istiqlol yillarida mamlakatimizda azaldan tili, diniy qarashlari, anʼana va urf-odatlari bir boʻlgan qardosh qozoq diyori bilan oʻzaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, bunda yangidan-yangi imkoniyatlarni kengroq ishga solish masalasiga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizda bir yuz oʻttizdan ortiq millat va elat vakillari yagona va ahil oila farzandlaridek istiqomat qilayapti. Ular orasida qozoq millatiga mansub fuqarolar ham salmoqli oʻrin egallashi diqqatga sazovor. Yurtimiz maktablarida taʼlim yetti tilda – oʻzbek, qoraqalpoq, qozoq, rus, tojik, turkman, qirgʻiz tillarida olib boriladi. Tegishli oliy oʻquv dargohlarida qozoq filologiyasidan talabalarga taʼlim beriladi. Qardosh xalq tilida bosma nashrlar chop etilishi bilan birga, teleradio materiallar muntazam tayyorlanadi. Oʻzbekiston Qozoq milliy madaniyat markazi va uning joylardagi boʻlinmalari yoshlarni ezgu fazilatlar ruhida kamolga yetkazishda munosib hissa qoʻshib kelmoqda.

Keyingi yillarda mamlakatimizda qozoq diyori bilan oʻzaro munosabatlar yanada mustahkamlanib borayotgani, bunda yangi-yangi imkoniyatlar ishga solinayotgani eʼtiborga molikdir. 2018-yilda Qozogʻistonda Oʻzbekiston yili, bu yil esa mamlakatimizda Qozogʻiston yili katta muvaffaqiyat bilan oʻtkazilmoqda.

– Tashrifimizdan koʻzlangan asosiy maqsad mamlakatlarimiz, xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni yanada rivojlantirish va mustahkamlashdir, – dedi Qozogʻiston xalq Assambleyasi raisi oʻrinbosari J.Tuymebayev. – Qozogʻistonda 600 ming atrofida oʻzbek millatiga mansub fuqaro yashaydi. Ular iqtisodiyot, biznes, sanʼat, madaniyat kabi sohalarda samarali faoliyat koʻrsatib, mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshmoqda. Shuningdek, Nur-Sulton, Olmaota, Chimkent kabi shaharlarda oʻzbek etnomadaniy markazlari samarali ishlab turibdi. Oʻzbekistonda turli millat va elat vakillari inoqlikda yashashi tahsinga loyiqdir.

Uchrashuvda oʻzaro hamkorlikning yangi istiqbollari belgilandi. Delegatsiya tashrif davomida Bagʻrikenglik haftaligi doirasidagi anjumanlarda ishtirok etadi. Shuningdek, konsertlar, uchrashuv va muloqotlar ham oʻtkazilishi koʻzda tutilgan.

N.USMONOVA, OʻzA

626
N.USMONOVA, OʻzA