O‘zA O`zbek

14.08.2019 Chop etish versiyasi

Qandli diabetga chalinganlar koʻpaygan

Qandli diabetga chalinganlar koʻpaygan

Mutaxassislarning maʼlum qilishicha, sohadagi mavjud muammolarni hal qilish va endokrin kasalliklarning oldini olish, erta tashxislash va davolash uchun chora-tadbirlar koʻrilmoqda.

Soʻnggi yillarda hududlarda endokrinologiya sohasini kompleks rivojlantirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasida tizimli ishlar qilindi. Natijada viloyatlardan poytaxtimizga kelib murojaat qiluvchilar qariyb 3 barobarga qisqargan. Ayni paytda yurtimiz boʻylab 650 nafardan ziyod endokrinolog shifokor bemorlarga xizmat koʻrsatyapti.

Sogʻliqni saqlash vazirligining 2018-yil 25-oktyabrdagi buyrugʻiga asosan, pilot viloyatlarda 45 yoshdan oshgan aholi orasida qandli diabet skriningi oʻtkazila boshlandi. Shuningdek, qandli diabetning surunkali asoratlarini kamaytirish, ularni yuzaga kelishini kechiktirish va bemorlarning hayot sifatini yaxshilashga yoʻnaltirilgan onlayn registr ishlab chiqilyapti.

2015-yilda qandli diabet bilan kasallangan 170 ming 536 ta bemor roʻyxatga olingan. Bugungi kunga kelib esa, 230 ming 610 ta bemor roʻyxatga va nazoratga olingan. Shundan maʼlumki, qandli diabetga chalinganlar oxirgi 3 yilda deyarli 60 mingtaga koʻpaygan.

Maʼlumotlarga qaraganda, hozirda shu 230 ming nafar bemordan 66 ming 765 tasiga davlat tomonidan insulin beriladi.

Turli kasalliklarga chalinmaslik uchun sogʻlom turmush tarzi va toʻgʻri ovqatlanish qoidalariga amal qilish lozim. Shu jumladan, qandli diabetga ham.

1 114
OʻzA