O‘zA O`zbek

26.03.2020 Chop etish versiyasi

Qanday qarzdorliklarga jarima qoʻllanilmaydi?

Qanday qarzdorliklarga jarima qoʻllanilmaydi?

Prezidentimizning joriy yil 19-mart kuni “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi.

Mazkur hujjatda Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan mamlakatda koronavirus tarqalishiga qarshi karantin munosabati bilan jismoniy shaxslar va korxonalar uchun soliq yukini kamaytirish boʻyicha berilgan takliflar hisobga olindi. Shunday qilib, farmonda bir qator soliq imtiyozlari va yengilliklar tasdiqlandi.

Natijada, endilikda tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha muddati oʻtgan debitor qarzdorliklar uchun xoʻjalik yurituvchi subyektlarga jarimalarni qoʻllash toʻxtatildi.

Oʻzbekiston Respublikasining 1997-yil 29-avgustda qabul qilingan “Davlat soliq xizmati toʻgʻrisida”gi qonunida davlat soliq xizmati organlarining asosiy vazifalari qatorida yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan valyuta hamda eksport-import operatsiyalarini amalga oshirish chogʻida qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan oʻz vakolatlari doirasida nazoratni amalga oshirish yuklatilgan.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 29-iyundagi “Birjadan tashqari valyuta bozorini yana-da rivojlantirish va mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, chet eldan xorijiy valyutadagi tushum tushishi kechiktirilishiga yoʻl qoʻygan eksport qiluvchilar respublika byudjeti daromadiga qoʻshimcha jarima toʻlashi belgilangan edi.

Jumladan, tijorat banklari tomonidan 2020-yil 1-fevral holatiga taqdim etilgan maʼlumotda 65 ta korxonaning muddati oʻtgan debitor qarzdorligi 9 million 4,2 ming dollarni tashkil qilgan. Navoiy viloyati davlat soliq boshqarmasi tomonidan eksport va import kontraktlari boʻyicha muddati oʻtgan debitorlik qarzlarini qisqartirish yuzasidan 39 ta korxonaning 1 million 283,4 ming dollarlik muddati oʻtgan debitor qarzdorligiga talabnoma yuborilgan. 9 ta korxonaning qariyb 484 ming dollar yoki 4 milliard 600 million soʻm muddati oʻtgan debitor qarzdorligi soʻndirilgan.

Muddati oʻtgan debitor qarzdorligi soʻndirilmagan 8 ta korxonaga nisbatan qariyb 310 ming dollar yoki 2 milliard 940 million soʻm moliyaviy jarima qoʻllash boʻyicha sudga daʼvo ariza kiritilgan. Shundan 2 ta korxonaning 5,3 ming dollar miqdoridagi muddati oʻtgan debitor qarzdorligi daʼvo ariza koʻrilgunga qadar muddati oʻtgan debitor qarzdorligi soʻndirilganligi sababli moliyaviy jarima qoʻllash rad etilgan. 4 ta korxonaning 16,5 ming dollarlik muddati oʻtgan debitor qarzdorligiga moliyaviy jarima qoʻllash boʻyicha sudning hal qiluv qarori chiqarilgan.

Biroq yangi tartibga koʻra, eksport operatsiyalari bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlarning muddati oʻtgan debitor qarzlari boʻyicha jarima qoʻllanilmaydi. Bu mahalliy ishlab chiqaruvchi va tadbirkorlar uchun yana bir qulaylik yaratdi.

733
Nuriddin RAHIMOV, OʻzA