O‘zA O`zbek

23.10.2019 Chop etish versiyasi

Qamishni noqonuniy tashib ketilishiga chek qoʻyilmoqda

Qamishni noqonuniy tashib ketilishiga chek qoʻyilmoqda

Qamish oʻsimligi tabiat bioxilma-xilligining bir qismi boʻlib, choʻlning qum va changlari koʻchishini oldini olish, tirik organizmlarning yashash makoni, boshpanasi boʻlib hisoblanadi. Buxoro viloyati tabiatidan kelib chiqib saksovul, yulgʻun va bir qator choʻl oʻsimliklarining ahamiyati katta boʻlgani kabi qamishning ham oʻrni beqiyos.

Baʼzi bir qonunbuzar fuqarolar tomonidan saksovul va yulgʻun oʻsimliklarining tashib ketilish holati kuzatilmoqda. Jumladan, Buxoro viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi mutaxassis va inspektorlari tomonidan oʻtkazilgan tungi ekologik reyd tadbiri davomida A-380 avtomagistral yoʻlining Kogon – Qoravulbozor yoʻnalishida harakatlanib ketayotgan “GAZ-53” rusumli avtotransport vositasi noqonuniy ravishda qamish oʻsimligini tashib ketayotgan vaqtida toʻxtatib qolindi.

Ekologik surishtiruv chogʻida qonunbuzarlar avtotransport vositasi bortida boʻlgan qamish oʻsimligi “Xadicha” koʻliga tutashuvchi zovur boʻyidan olib kelinayotganligi maʼlum boʻldi. Shuni taʼkidlash kerakki, A-380 magistral yoʻlida shu hafta davomida 2 marotaba saksovul oʻsimligi tashib ketilishi holati sodir etilgan edi, bu esa sodir etilgan uchinchi qonunbuzilish holatidir.

Ushbu holat yuzasidan qonunbuzarlikni sodir etgan fuqarolarga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 79-moddasi 1-qismiga asosan tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, maʼmuriy ish qoʻzgʻatilib jarima va tabiatga yetkazilgan zarar hisoblandi.

Huquqbuzarlarning avtotransport vositasi Kogon tumani jarima maydonchasiga vaqtincha ushlab turish uchun qoʻyildi.

Buxoro viloyati Ekologiya va atrof-muhitni
muhofaza qilish boshqarmasi axborot xizmati

1 422
OʻzA