O‘zA O`zbek

03.08.2018 18:03 Chop etish versiyasi

Qalb va ruh tarbiyasi – ma’rifatli kelajakka yo‘l

Qalb va ruh tarbiyasi – ma’rifatli kelajakka yo‘l
Bugun ko‘p yillardan buyon menga qadrdon bo‘lib qolgan kitob do‘koniga kirdim. Xaridorlarni iliq chehra bilan kutib olayotgan sotuvchidan keyingi paytlarda kitob savdosi qanday bo‘layotgani haqida so‘radim, birdan uning yuziga nur yugurdi. Sezdimki, tanishimizning bozori baroridan kelgan.

001.JPG

Eshqobil Shukur,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi

– Bunaqasi bo‘lmagan, – dedi u mamnuniyat bilan. – Ishonsangiz keyingi bir yilda xaridorlarimiz soni kamida ikki barobar ko‘paydi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Do‘konimizga ota-onalar bolalarini yetaklab keladigan bo‘lishdi. Hatto bu udum bo‘layapti. Avvallari bunday hol kam kuzatilardi.

– Bolalarni kitobga o‘rgatgan yaxshi-da, – deyman o‘smoqchilab.

– Bolalarning o‘zlarida ham qiziqish katta, – deb urg‘u beradi sotuvchi. – Kecha kechqurun do‘konni yopamiz, deb turganimizda 12 yoshlardagi bir qizchani ota-onasi yetaklab kelib qoldi. Qizning onasi “Iltimos, yopmay turinglar. Biz qizimizning tug‘ilgan kuniga boshqa narsa sovg‘a qilmoqchi edik. Lekin qizimiz menga kitob sovg‘a qilinglar, deb turib oldi”, deydi. 80 ming so‘mlik bir necha kitob olishdi. Men erta-yu kech do‘konda o‘tiraman, keyingi paytlarda odamlar sovg‘aga kitob xarid qilishni odat qilishayotganiga o‘zim guvohman.

Modomiki, yurtda kitobga talab kuchayibdimi, bu – xayrli. Bu – kitobxonlikka Prezident darajasidagi e’tibor natijasi. Bir narsa aniqki, katta va ezgu ishlarning amalga oshishi uchun, tarixiy islohotlar ro‘yobi uchun, avvalo, jamiyatda shunga mos muhit hosil qilish kerak bo‘ladi. Busiz har qanday ezgu ishning amali qiyin kechadi. O‘zbekistonning kitobxon mamlakatga aylanishi uchun ayni shu muhit hosil bo‘layotganini hammamiz ko‘rib turibmiz. Kitobxon mamlakat degani esa, ulug‘ madaniyat, ma’rifatli kelajak degani.

Prezidentimizning mamlakatimiz ijodkor ziyolilari bilan uchrashganiga bir yil to‘ldi. 2017 yilning 3 avgust kuni bo‘lib o‘tgan bu tarixiy uchrashuvda davlatimiz rahbari mamlakatdagi madaniyat ishlarini mamlakat mudofaasi ishlari bilan teng qo‘yishini, mudofaa kuchlari mamlakatni tashqi tomondan himoya qilsa, madaniyat kuchlari ichki – ma’naviy tomondan himoya qilishini ta’kidlagan edi. Darhaqiqat, ma’naviy jihatdan himoyalanmagan xalq inqirozga moyil bo‘lishini jahon tarixi qayta-qayta isbotlagan. Xalqning butunligini uning ichki madaniyati, ma’naviyati belgilaydi. Madaniyat va ma’naviyatning eng katta dushmani, shubhasiz, jaholatdir. Shuning uchun Prezidentimiz o‘shanda bizni ogohlikka da’vat etib, quyidagi fikrlarni aytgan edi: “Biz bugun jaholat degan baloga iqtisodiyot sohasida ham, ta’lim-tarbiya, sog‘liqni saqlash, madaniyat tizimida ham, qo‘yingki, hayotimizning barcha jabhalarida duch kelayapmiz va bu illat qo‘l-oyog‘imizda bamisoli kishan bo‘lib turibdi. Bu kishandan xalos bo‘lmasdan turib, taraqqiyot va rivojlanish haqida hech qanday so‘z bo‘lishi mumkin emas”.

O‘sha uchrashuvdan so‘ng – 7 avgustdan 17 avgustgacha juda qisqa muddatda madaniyatimiz va ma’naviyatimizning bundan keyingi taraqqiyot yo‘lini belgilab bergan 10 ta tarixiy qaror qabul qilindi. 10 kunda shuncha ish, shuncha faoliyat katta shiddat bilan boshlandi. Holbuki, bunday qarorlarning bittasini soha vakillari yillab kutishar edi. Yig‘ilib qolgan muammolar arxiv taxlamlariday qalashib yotar edi. Prezident bu uchrashuvda barcha ijodkor ziyolilar ko‘nglidagi gaplarni topib gapirdi. Bu uchrashuv milliy madaniyatimiz va ma’naviyatimiz tarixida unutilmas uchrashuv bo‘lib qoldi. Shundan so‘ng madaniyat, adabiyot va san’at sohalarida katta harakatlar boshlanib ketdi.

Birgina adabiyotning o‘ziga e’tiborni oladigan bo‘lsak, Yozuvchilar uyushmasining muhtasham binosi 8 oyda bunyod etildi. Qarangki, to‘qson yilda bo‘lmagan ishlar sakkiz oy ichida bo‘ldi. Shitobni qarang! Bo‘lar ekan-ku! Yana bir narsani alohida ta’kidlash kerak, men bu haqda avval ham yozdim, Prezidentimiz Yozuvchilar uyushmasining binosini ko‘rishga borganida “Bu mening armonlarimdan biri edi”, dedi. Mana shu gapning o‘zi davlat rahbarining adabiyotga, ijodga e’tibori nechog‘li baland ekanini ko‘rsatadi. Shu gapning o‘zi o‘zini bilgan har qanday ijodkorga rag‘bat beradi.

O‘tgan bir yil ichida Jizzaxda Hamid Olimjon va Zulfiya ijod maktabi, Qashqadaryoda Abdulla Oripov, Farg‘onada Erkin Vohidov, Andijonda Muhammad Yusuf, Namanganda Is’hoqxon Ibrat, Qoraqalpog‘istonda Ibroyim Yusupov ijod maktablari faoliyat boshlashi muhim ma’naviy hodisalardir. Men Jizzaxdagi Hamid Olimjon va Zulfiya maktabiga bordim. Barcha zamonaviy sharoitlarga ega ajoyib maktab! Kirsangiz bahri dilingiz ochiladi, sizni Hamid Olimjon va Zulfiyaning ruhi kutib olganday bo‘ladi. Ijod maktabi o‘quvchilarining yonib turgan ko‘zlariga, navqiron chehralariga, otashin shijoatiga qarab, ko‘nglingiz tog‘day yuksaladi. Taniqli olim Nu’mon Rahimjonov bilan o‘quvchilarga dars o‘tdik. Dars jarayonida qarshimizdagi bolalar kelajagimiz adiblari, olimlari ekanini his etdik. Xuddi shu ijodiy maktablar ham ezgu va ulug‘ ishlarning amalga oshishi uchun yuqorida ta’kidlaganimiz muhitni yaratishga xizmat qiladi va o‘z hosilini beradi. Yaqindagina bo‘lib o‘tgan Yosh ijodkorlarning Zomin seminarida ham shunday qizg‘in jarayonlarga guvoh bo‘ldik. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Qolaversa, erta-indin mamlakatimizda katta ilmiy anjuman – “O‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotini xalqaro miqyosda o‘rganish va targ‘ib qilishning dolzarb masalalari” mavzusida xalqaro konferensiya boshlanadi. Unda jahonning 25 davlatidan shoirlar, adiblar va adabiyotshunoslar qatnashadilar. Konferensiyaning nechog‘li ahamiyatga ega ekani uning mavzusidan yaqqol ko‘rinib turibdi.

“Biz bor kuchimizni kurashga emas, ruh tarbiyasiga sarflaymiz!” Bu – qadimgi donishmandlarning gapi. Tarixning barcha sinovlaridan o‘tgan fikr. Adabiyot va san’atning vazifasi ham ayni shu ruh tarbiyasi bilan bog‘liq. Demak, muhimi, ijod. Ijod qilayotgan odam o‘zi bilan o‘zi mashg‘ulday tuyuladi-yu, lekin aslida jamiyatdagi ruh tarbiyasi bilan shug‘ullanayotgan bo‘ladi. Milliy madaniyat darajasi esa qalb va ruh tarbiyasi bilan chambarchas bog‘liq.

O‘zA
3 185