O‘zA O`zbek

21.02.2018 14:52 Chop etish versiyasi

Qalampirdan qancha daromad olish mumkin?

Qo‘qon davlat o‘rmon xo‘jaligida eng xaridorgir qalampir navini yetishtirish va ko‘paytirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Qalampir "qirq yillik qarzing bo‘lsa, bir yilda uzaman", der ekan. Rost gap. Bugungi kunda mamlakatimizda achchiq qalampir yetishtirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ham bejiz emas. Chunki jahon bozorida bu mahsulotga bo‘lgan talab katta. O‘tgan yili Indoneziyada bo‘lib, u yerda qalampir yetishtirish texnologiyasini o‘rganib qaytgan Farg‘ona viloyati o‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi vakillari ham bu borada amaliy ishlarga qo‘l urdi.

Ayni paytda Qo‘qon davlat o‘rmon xo‘jaligida 40 gektar maydonga ekish uchun Indoneziyadan keltirilgan achchiq qalampir urug‘i issiqxona sharoitida undirilmoqda. Ma’lumotlarga qaraganda, 1 gektarda qalampir yetishtirish uchun 25 million sarflab, 20 tonna hosil olish mumkin ekan.

– Bu achchiq qalampir navi bizdagiga qaraganda ikki-uch barobar ko‘p hosil beradi va bir gektardan o‘rtacha 40 million so‘mgacha daromad olish mumkin, – deydi Farg‘ona viloyati o‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i M.Xo‘jayev. – Eng muhimi, Indoneziya achchiq qalampiri jahon bozorida juda xaridorgir ekani bois, u asosan eksportga chiqariladi. Bitta qalampir ko‘chatidan 400-450 tagacha hosil olish imkoni bor. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, bizning iqlim sharoitimizda mazkur achchiq qalampir Indoneziyadagidan ham serhosil, serdaromad bo‘ladi.

Viloyatda yetishtiriladigan Indoneziya qalampiri 90 foiz xorijga eksport qilinishi rejalashtirilmoqda. Ayni kunlarda ushbu qalampirning tabiiy holda pishgani, konserva sifatida tayyorlanganiga katta miqdorda buyurtmalar shakllantirilayotir. Hozirgacha Rossiyaning deyarli barcha hududlari, Janubiy Koreya, Hindiston, Polsha, Gruziya, Moldova singari o‘nlab mamlakatlar bilan kelishuvlarga erishildi.

– Indoneziya qalampiri mahalliy navlarga qaraganda achchiqroq, hajmi biroz kichik, – deydi Qo‘qon davlat o‘rmon xo‘jaligi agronomi M.Jo‘rayev. – Bugungi kunda poytaxtimizdagi ixtisoslashgan markazlar, institutlar bilan hamkorlikda ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Laboratoriyamizda innovatsion g‘oya va texnologiyalarni qo‘llagan holda, ushbu qalampir navini mahalliy iqlim sharoitiga to‘liq moslashtirish maqsadida turli tajribalar o‘tkazilayotir. Bioo‘g‘itlar bilan ishlash, zararkunandalarga qarshi kurashish sohasidagi ilk xulosalar shu kunlarda amaliyotga tatbiq etiladi.

Ta’kidlash joizki, to‘rt faslda ham havosi mo‘tadil bo‘ladigan Indoneziya sharoitida achchiq qalampir asosan ochiq yer maydonlarida fermer va kichik dehqon xo‘jaliklarida yetishtiriladi. Mutaxassislarimiz mazkur navni yurtimizda issiqxona sharoitida yetishtirib, ertachi hosil olishni ham maqsad qilishgan. Bu borada boshlangan dastlabki sa’y-harakatlar yaqin vaqtlarda o‘z samarasini berishi aniq. Shu tariqa mazkur navdagi achchiq qalampirni aholi tomorqasida ham yetishtirish imkoniyati yaratiladi. Boisi, 60-80 kunda tayyor bo‘ladigan achchiq qalampirni tomorqa xo‘jaligida yetishtirish orqali bir oila bir mavsumda o‘rtacha 9-10 million so‘m daromad olishi mumkin. O‘z navbatida, Qo‘qon davlat o‘rmon xo‘jaligi mutaxassislari mazkur qalampir navini viloyatdagi fermer xo‘jaliklari dala maydonlarida boshoqli don ekinidan so‘ng parvarishlab, katta daromad olish bo‘yicha zarur tavsiyalar ishlab chiqmoqda.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
15 443