O‘zA O`zbek

04.07.2020 Chop etish versiyasi

Qadriyatlar ulugʻ, anaʼanalar bardavom

Qadriyatlar ulugʻ, anaʼanalar bardavom

Termiz shahrida mamlakatimizda joriy etilgan karantin talablariga qatiy rioya qilingan holda “Ajdodlardan avlodlarga oʻtar anʼana” mavzuiga bagʻishlangan davra suhbati oʻtkazildi.

Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mahalla fuqarolar yigʻini raislari, katta hayot tajribasiga ega yoshi ulugʻ otaxonlar, kayvoni onaxonlar ishtirok etdi.

Tadbirda Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi masʼul xodimi B.Norov, Termiz shahar hokimi oʻrinbosari – shahar mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi boshligʻi A. Karimov va boshqalar soʻnggi yillarda mamlakatimizda mahallaning nufuzini mustahkamlash, oilalar tinchligi, toʻkinligi va farovonligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidladi. Keksa avlod vakillarining jamiyatdagi oʻrni va ijtimoiy faolligini oshirish, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, notinch oilalarda sogʻlom muhitni shakllantirishda ularning boy hayotiy tajribasidan samarali foydalanishga alohida ahamiyat berilayotgani qayd etildi.

Prezidentimizning 2020-yil 18-fevraldagi “Jamiyatda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish, mahalla institutini yana-da qoʻllab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni hamda “Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini yana-da oshirishda muhim omil boʻlmoqda. Shunga muvofiq mamlakatimizda mahalla va oilaga koʻmak beradigan yangi tuzilma tashkil etilib, ular faoliyati bir tizimga solindi. Bunda Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlimlari, Xotin-qizlar qoʻmitasi, “Nuroniy” jamgʻarmasi va “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi birlashtirilib, yangi tuzilma tashkil etildi. Fuqarolar yigʻini zimmasida boʻlgan 200 dan ortiq vazifaning 46 tasi, profilaktika inspektoridagi yuzdan ziyod vazifaning oʻndan ortigʻi bekor qilinib, ularning bevosita oilalar bilan ishlashi uchun qulay muhit yaratildi.

–Qadriyatlari ulugʻ, anaʼanalari bardavom millatmiz, – deydi Termiz shahar mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi boshligʻining keksalar va faxriylarni qoʻllab-quvvatlash, yoshlarda vatanparvarlik ruhini mustahkamlash boʻyicha oʻrinbosari N. Ostanaqulov.– Keyingi yillarda mahalla va oila institutini qoʻllab-quvvatlash yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlar asrlar davomida xalqimiz qalb qoʻrida saqlab kelgan bebaho anaʼanalarimizni kelgusi avlodlarga bekamu-koʻst yetkazishga qulay imkoniyat yaratdi. Bu jarayonda yoshi ulugʻ otaxon va kayvoni onaxonlarimizning alohida xizmatlari bor. Ushbu tadbirda shu haqda ham soʻz yuritib, galdagi vazifalarni bamaslahat belgilab olganimiz ayni muddao boʻldi. Zero, azaldan yurtimizda yoshlarni Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat va qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashni, ularning keksalarga hurmat hissini mustahkamlab, urf-odatlarimizga zid harakatlardan qaytarishni ham yoshi ulugʻ nuroniylarimiz oʻz burchi sifatida eʼzozlab kelgan.

Davra suhbatida “Keksalar maslahati” guruhi, “Nuroniylar jamoatchilik nazorati kengashi”, “Buvijonlar maktabi”ning vazifalari hamda joriy yilda mamlakatimiz boʻylab ilk marta oʻtkazilayotgan “Obod xonadon“, Obod koʻcha” va “Obod mahalla” tamoyili asosidagi dolzarb uch oylikning mazmun-mohiyati xususida fikr almashildi. Ehtiyojmand oilalar xonadonlarini tartibga keltirib, taʼmirlash, koʻcha va mahallalar hududini obodonlashtirish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.

1 874
O'zA