O‘zA O`zbek

17.05.2020 Chop etish versiyasi

QADRIYATLAR QADRI

QADRIYATLAR QADRI

Qadriyatlar har bir millatning oʻtmishi, buguni va kelajagini oynadek koʻrsatib turuvchi eng muhim omillardan biri. Olimlar qadriyatlarni milliy, diniy, mahalliy, mintaqaviy va umuminsoniy kabi bir qator turlarga shartli boʻladilar.

Milliy qadriyatlar mahalliy va diniy qadriyatlarga, umuminsoniy qadriyatlar esa koʻplab milliy qadriyatlarga tayanib shakllanadi va asrlar osha takomillashib boraveradi. Ammo bugungi tezkor globallashuv sharoitida ham oʻz milliy moddiy va maʼnaviy boyliklarini asrab-avaylayotgan, boyitib rivojlantirayotgan har qanday millat oʻziga xos anʼanalari, urf-odatlari va oʻlmas qadriyatlari bilan boshqa millatlardan ajralib turadi.

Tabiiyki, millatlarning bebaho qadriyatlari shunchaki bir-ikki yoki oʻn-yigirma yil ichida paydo boʻlib qolmaydi. Chunki xalq diliga chuqur oʻrnashgan biror-bir muhim urf-odat, kiyim-kechak, kundalik hayot tarziga xos alohida “narsa”ning anʼanaga, ayniqsa, qadriyatga aylanishi uzoq asrlarni talab qiladi. Yillar, asrlar davomida maʼlum bir qarash, odat, tushuncha, tajribalar shafqatsiz zamonlar, bir necha avlodlar sinovidan muvaffaqiyatli oʻtsagina yana-da sayqal topadi, rivojlanadi, xalq hayotida oʻz oʻrnini egallaydi.

Zamonlarning baland-past dovonlaridan oʻtgan sari qadriyatlar insonlarni tinchlik-totuvlikka, mehr-oqibatga, ezgulikka, hamjihatlikka chorlaydigan katta maʼnaviy kuchga aylana borgan. Bunday qadriyatlar millatning kundalik hayotida, madaniyati va maʼnaviyatida, ongu shuurida, oʻzaro madaniy muloqotida, boshqalarga boʻlgan munosabatida, qisqasi, har bir tashlagan qadamida oʻz ifodasini topadi. Shuning uchun ham mutafakkirlar qadriyatlar millat maʼnaviyatining koʻzgusi deyishgan.

Insoniyat tarixida jamiyat taraqqiyoti bir tekis kechmagan. Jamiyatda yuz berayotgan ijtimoiy-tarixiy hodisalarga turlicha munosabatda yondashish natijasida insonlarning dunyoqarashi, turmush tarzi, mentaliteti shakllanishi barobarida, milliy qadriyatlar ham takomillasha borgan. Milliy qadriyatlar har bir millatning tili, urf-odatlari, tarixi, madaniyati, anʼanalarini, barcha moddiy va maʼnaviy boyliklarini, iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha tomonlarini oʻz ichiga qamrab oladi. Shuning uchun ham qadriyatlar millatlarning maʼnaviy qiyofasini aks ettiradi.

Xalqimizning asrlardan asrlarga oʻtib kelayotgan oʻzi tugʻilib oʻsgan ona yurtiga – Vatanga muhabbat, ajdodlar xotirasiga sadoqat, mehmonga, oʻzidan kattalarga ehtirom, oʻzidan kichiklarga izzat-ikrom, ayniqsa ota-ona, qarindosh-urugʻlarga doimiy begʻaraz hurmat va xizmat koʻrsatish, birovning haqiga, ayniqsa, yetim-yesirlarning, qoʻni-qoʻshnilarning, ojiz-notavonlarning haqiga xiyonat qilmaslik, orttirgan mol-dunyosidan xayr-ehson qilish, har qanday sharoitda ham hayo va andisha saqlash, ahli ayoli – oilasini asrab-avaylash singari juda koʻplab insoniy fazilatlar milliy qadriyatlarimizning asosini tashkil etadi.

Afsuski, xalqimiz asrlar davomida eʼzozlab kelgan bir qator qadriyatlarni keyingi bir asrdan koʻproq vaqt ichida jamiyat hayotidan quvgʻin, xalq xotirasidan oʻchirishga harakat qilindi.

Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach zahmatkash xalqimizning tarixiy xotirasini, qadimgi urf-odatlari, anʼanalari, qadriyatlarini tiklash va eʼzozlash, muqaddas qadamjolarni asl holiga qaytarish boʻyicha ulkan ishlar amalga oshirila boshlandi. Bu jarayonda faqat tubjoy aholisininggina tili, dini va qadriyatlarini tiklash, rivojlantirish bilan cheklanilmasdan, shu yurtda istiqomat qiluvchi yuzdan ortiq millat va elatlarning ham nodir qadriyatlari kamol topishiga eʼtibor qaratildi.

Har toʻkisda bir ayb yoki guruch kurmaksiz boʻlmaydi, deganlaridek, qadriyatlarimizni qoʻllab-quvvatlash, ularga qatʼiy rioya etish borasida ham suiisteʼmolliklarga yoʻl qoʻyilyapti. Internetning hayotimizga shiddat bilan kirib kelishi, ijtimoiy tarmoqlarda har qanday maʼlumot yoki xabarlarning yashin tezligida tarqatilishi avj olayotgan shunday bir paytda qadriyatlarimiz toptalishiga olib kelayotgan ayrim nuqson va qusurlardan koʻz yumib boʻlmaydi.

Oʻtgan yilning oxirigacha toʻy va marosimlardagi dabdabalar haqidagi shov-shuvli xabarlar ijtimoiy tarmoqlardan tushmagan edi. Quvonchli tomoni shundaki, bugun bu kabi dabdababozliklarga barham berilmoqda.

Milliy va diniy qadriyatlarimizda ota-onaning qadr-qimmati koʻklarga koʻtarilganligini hech kim inkor eta olmaydi. Ammo ayrim tanbal farzandlar ota-onasiga gʻamxoʻrlik qilish oʻrniga, rahmdilroqlari yolgʻiz qolgan keksa otasi yoki onasini “Saxovat uyi”ga eltib tashlamoqda, razilroqlari esa ota-onasidan tezroq qutilish uchun ularga qoʻl koʻtarmoqda, maʼnaviy va jismoniy zulm qilmoqda, hatto tavqilaʼnatli “padarkush”ga aylanib qolmoqdalar. Nega?

Farzand ota-onaning dilbandi, ota-onaga ularsiz hayot rang-barangligining bir daqiqasi ham tatimaydi. Ammo bugungi kunga kelib ota deyishga ham til bormaydigan ayrim “otachalar” xotinini xiyonatda ayblab, “bu mening farzandim emas”, deb oʻz pushti kamaridan boʻlgan bolasidan sharmandalarcha voz kechyapti, farzandlarini qon-qaqshatib, oilasini tashlab ketyapti, roʻzgʻoridagi bor budini bir shisha aroqqa almashib, guldek farzandlari, xotini hayotini zindon azobiga aylantirmoqda.

Har qanday qirgʻin-barot urushlar, yillab davom etgan ocharchilik, qahatchilik, taqchillik, tanqislik, zulm-istibdod avj olgan davrlarda ham ayollarimiz oʻz onalik shaʼni, ayollik iffati, hayo-ibosini, islomiy iymon-eʼtiqodini yoʻqotmagan, sotmagan edi. Endi-chi? Ustida yal-yal yonadigan atlasu kimxob liboslar, turq-u tarovati binoyidek kelishgan yosh juvonlarning qayerlardadir erkak ovlashi, oilasi, yurtdoshlari obroʻ-eʼtibori, nomus-u orini yerga bukib, ularning taʼna-dashnomlarini bir chaqaga ham olmasligi qaysi qadriyatga mos keladi? Ayrimlari esa kasofat qilmishlari tufayli ona boʻlishdek ulugʻ baxtdan mosuvo boʻlib, nikohsiz orttirgan farzandini oʻzi boʻgʻib yoki sellofan xaltaga solib oʻldiryapti, chaqalogʻining koʻksiga tosh bogʻlab anhorga choʻktiryapti, hojatxonaga, koʻcha-koʻy, xiyobonlarga tiriklay tashlab ketyapti. Axir besh begona emas, oʻz farzandi, jigarbandini-ya. Hech bir hayvonda yoʻq bunday odat ayollarimizda qayerdan paydo boʻlyapti?!

Xalqimiz qadimdan qoʻshnining qoʻshnida haqi bor deb, yon qoʻshnilarini ulugʻlab kelgan. Shuning uchun ham qoʻshnilar bir-birlarining izzat-hurmatini joyiga qoʻygan. Biror tansiq taom pishirsa, yaqin qoʻshnilariga, albatta, bir kosa ilingan, bir-birining holidan xabardor boʻlib turgan. Biz-chi, biz bugunga kelib bordi-keldi qilish tugul, yonimizda yashayotgan qoʻshnimizni, uning bolalarini ham tanimaymiz. Hatto oyda bir marta ota-onamizni, tugʻishganlarimizni yoʻqlashni-da odat qilmaymiz, paysalga solamiz. Hovli qursak, uyimiz tomini qoʻshnining tomidan ikki qarich balandroq qilmasak, shipi olti metr, xonalari oʻnta boʻlmasa, koʻnglimiz aslo toʻlmaydigan boʻlib qoldi. Aslida ota-bobolarimiz yangi imoratini qoʻshnisi yashab turgan binodan bir qarichcha pastroq qilib, kamtarona qurganlar. Biz notavonlar esa yangi asrga kelib hovli-joy, mashina, narsa-buyum, mol-u dunyoning hirsiga berildik, hashamat, maishat, isrofgarchiliklarga toʻla ziyofatlar, koʻr-koʻrona taqlid va zoʻrma-zoʻrakilikka asoslangan dabdabali toʻy-tomoshalarning quliga aylanib boraverdik. Nega??!

Mahalla qadimdan qadriyatlar qadrlanadigan joy. Shuning uchun ham bir bolaga yetti mahalla ota-ona, deb aytishadi. Ammo biz oʻz ishimiz, oʻz uyimiz, oʻz tashvishlarimiz bilan shu darajada oʻralashib qolganmizki, oʻzimiz mahalla ishlariga koʻmaklashish oʻrniga mahalladan yoʻqlatsalar ham hafsalasizlik, loqaydlik qilamiz, mahalla tadbirlariga bosh-qosh boʻlmaymiz. Mahallada yoki biror oilada favqulodda bir holat yuz bermaguncha oqsoqollarga qoʻshilib mahallani bir aylanib, keksalardan hol soʻrab, bebosh yoshlarni tergamaymiz. Nega???

Qadriyatlarni qadrlash borasida aytaman desak gap koʻp. Joriy yilning yanvar oyidan beri insoniyat boshiga katta falokat – koronavirus nomli baloyi ofat yopirildi. U ham insoniy qadriyatlar qadrsizlanayotgan mamlakatlarda juda avjiga chiqmoqda. Minglab odamlar koʻzga koʻrinmas bu baloyi qazoni yuqtirib bevaqt vafot etmoqda. Bir yomonning bir yaxshi tomoni ham bor deganlaridek, ushbu pandemiya ham yoʻldan toygan insoniyat uchun bir achchiq saboq boʻlar. U ham bizni oʻz qadriyatlarimizga qarab ish tutishga daʼvat etar.

Qadriyatlar xalqimizning bebaho boyligi, jamiyatimiz, millatimiz, davlatimiz taraqqiyotining asosiy omillaridan biri. Shunday ekan, azal-azaldan xalqimizga xos boʻlgan milliy qiyofani shakllantiruvchi mardlik, tantilik, mehmondoʻstlik, saxovatpeshalik, oʻzaro hurmat, birodarlik, bagʻri kenglik, mehribonlik kabi betakror fazilatlar har bir yurtdoshimiz tomonidan amalda eʼzozlanishi, asrab-avaylanishi, ijobiy jihatlar qoʻshib boyitilishi, rivojlantirilishi baxtli kelajagimiz uchun eng muhim shartdir.

Mardon BOLTAYEV,
SamDU kengashi kotibi, dotsent

6 930
OʻzA