Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.03.2015 17:14 Chop etish versiyasi

Qadriyat, urf-odat, an’ana va yoshlar

Qadriyat, urf-odat, an’ana va yoshlar

Buxoroda viloyat hokimligi hamda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashi hamkorligida Navro‘zga bag‘ishlab o‘tkazilgan festival shunday nomlandi. 

Navqiron avlod ongida asrlar osha yashab kelayotgan va mustaqillik yillarida yangicha sayqal topgan milliy qadriyatlarimiz, an’ana va urf-odatlarimizga nisbatan hurmat, Vatanga sadoqat tuyg‘ularini shakllantirish, ularni “ommaviy madaniyat”ning turli yot g‘oyalaridan asrash, dunyoqarashini kengaytirishga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan tadbirda oliy o‘quv yurtlari talabalari, ta’lim muassasalari o‘quvchilari, jami 8 mingdan ziyod yoshlar ishtirok etdi.

Festival dasturidan o‘rin olgan tadbirlar viloyat markaziy madaniyat va istirohat bog‘iga tashrif buyurganlarga bahoriy va bayramona kayfiyat bag‘ishladi.

Xalqimizning o‘zligini namoyon qiladigan hazil-mutoyibali, syujetli harakatlar turli marosim va tadbirlar bilan bevosita bog‘liq. Tadbirda shular sirasiga mansub "Oq terakmi, ko‘k terak?", "Beshtosh", "Arg‘imchoq", "Chimildiq", "Kim oladi-yo, shuginani-yo" kabi ko‘plab jamoaviy harakatli o‘yinlar umrboqiy xalq ijodkorligi namunalari taqdimotiga aylandi. Mazkur loyiha bo‘yicha Qorako‘l tumani jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Navro‘z – tabiatning uyg‘onish, yasharish darakchisi. U qalblarga bir olam zavq-shavq bag‘ishlaydi. Festival doirasida o‘tgan “Navro‘z – mening nigohimda” tanlovi ishtirokchilari bog‘da chizgan suratlarda shu narsani ilg‘ash mumkin.

– Rassomlikni orzu qilmagan bo‘lsam-da, rasm chizishga qiziqaman, mashqlar qilib turaman, – deydi Kogon maishiy xizmat kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Oydinoy Yusupova. – Yosh rassomlar mahorat ko‘rigiga keldim-u, unda qatnashish istagi tug‘ildi. Tanlovda qadimiy va navqiron shaharning shu kungi shukuhini ifoda etuvchi “Buxoroda bahor” deb nomlangan asarim ko‘pchilik e’tiborini tortganidan xursandman. Umuman, bu yerdagi ijod namunalarini ko‘rib, yurtimizda yosh iste’dodlarga berilayotgan e’tibor samarasini yana bir bor his etish mumkin.

Festivalda milliy liboslar ko‘rgazmasi namoyish etildi. Ishtirokchilar viloyat yosh dizaynerlarining ijod namunalari – mahalliy iqlimimizga mos kamalakrang matolardan tayyorlangan liboslar kolleksiyasi bilan tanishdi.

Xalqimizning bahor bilan uyg‘un udum va an’analari o‘zgacha. Tabiiyki, Navro‘zga xos taomlar ham betakror. Viloyatning 13 tuman va shahari vakillari tuzagan dasturxon ayni shuning ifodasi bo‘ldi. 

Festival doirasida “Milliy sport musobaqalari”, ”Sumalak sayli”, “Varrak sayli”, “Dorbozlar chiqishi” kabi bir-biridan qiziqarli tadbirlar uyushtirildi. 

Tadbirda xalqimizning boqiy qadriyatlarini guldasta yanglig‘ mujassam etgan Navro‘zning xosiyati-yu sehri, yurtimiz tabiati, bag‘rikeng xalqimizning ahil-inoqligi, yoshlarda daxldorlik tuyg‘usi barqarorligi namoyon bo‘ldi. 

Festivalda taqdim etilgan loyihalar sovrindorlari rag‘batlantirildi. Yangragan kuy-qo‘shiqlar raqslarga ulandi. 

Erkin Yodgorov, Tohir Istatov (surat), O‘zA
17 403