O‘zA O`zbek

21.09.2020 Chop etish versiyasi

Qadring baland boʻlsin, ona tilim

Qadring baland boʻlsin, ona tilim

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti tomonidan oʻzbek tilini rivojlantirish va xalqaro miqyosda nufuzini oshirish, davlat tili sifatida oʻqitilishida ilgʻor pedagogik faoliyatni qoʻllab-quvvatlash, ona tilining oʻqitish metodikasini takomillashtirish maqsadida tanlovlar eʼlon qilgan edi.

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazida mazkur tanlovlarning yakuniy bosqichiga bagʻishlangan brifing boʻlib oʻtdi. Unda ushbu tanlovlarning maqsad va vazifalari haqida maʼlumot berildi.
photo_2020-09-21_19-00-18.jpg

Davlat tilini rivojlantirish departamenti tomonidan Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, “Oʻzbekkino” agentligi, Oʻzbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar ijodiy uyushmalari bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Qadring baland boʻlsin, ona tilim” tanloviga 1 ming 750 ta ijodiy ish kelib tushgan.

– Tanlovda koʻplab yangi ijodkorlar nomlarini kashf etyapmiz, –deydi hakamlar hayʼati raisi Isajon Sulton. – Bu biz uchun qizgʻin jarayon. “Eng yaxshi badiiy asar” nasr yoʻnalishiga 125 ta, nazm yoʻnalishiga 712 ta, “Eng yaxshi publitsistik maqola” yoʻnalishi boʻyicha 426 ta, oʻzbek tilining xorijdagi eng yaxshi targʻiboti (oʻzbek millatiga mansub yoki chet el fuqarolari tomonidan yaratilgan, xorijda oʻzbek tilini targʻib qilishga qaratilgan ilmiy, badiiy, musiqiy asarlar hamda audio, video mahsulotlar)ga qaratilgan 75 ta, “Eng yaxshi ijtimoiy roliklar” nominatsiyasi uchun esa 412 ta ijodiy ish kelib tushdi. Gʻoliblarni saralash adolatli boʻlishini koʻzda tutganmiz. Har bir ishning til qoidalariga eʼtibor berib yozilgani, mazmuni va badiiyatini alohida tekshiryapmiz.

photo_2020-09-21_19-00-05.jpg

Davlat tilini rivojlantirish departamentining Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan hamkorlikdagi “Oʻzbek tilini oʻqitishning eng yaxshi metodikasi” tanloviga jami 128 ta ilmiy-ijodiy ish taqdim etilgan. Ularning 30 tasi filologik, 45 tasi nofilologik, 53 tasi esa metodik yoʻnalishda boʻlib, aksariyati oʻzbek tilida dars oʻtishda innovatsiyalarni qoʻllash, oʻquvchining tilga boʻlgan mehrini oshirishni targʻib qilgan.

Departament Xalq taʼlimi vazirligi bilan hamkorlikda “Oʻzbek tili boʻyicha eng yaxshi videodars” tanlovi uchun tashkiliy qoʻmitaga jami 4 ming 308 ta videodars kelib tushgan. 1 ming 634 tasi taʼlim boshqa tillarda olib boriladigan umumtaʼlim maktablarida oʻzbek tilini oʻqitish, 2 ming 674 tasi esa taʼlim davlat tilida olib boriladigan maktablarda ona tilini oʻqitish yoʻnalishiga bagʻishlangan.

photo_2020-09-21_19-00-25.jpg

Hakamlar hayʼati maʼlumotiga koʻra, tanlov uchun AQSH, Fransiya, Rossiya, Koreya Respublikasi, Xitoy, Turkiya, Eron, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Afgʻoniston, Tojikiston singari oʻndan ortiq mamlakatlardan ijodiy ishlar kelib tushgan. Bu tanlovning keng qamrovda oʻtganini anglatsa, oʻzbek tilining nufuzini xalqaro miqyosda ham oshganini bildiradi. Bugungi kunga kelib 10 dan ortiq mamlakatlarning 65 ta nufuzli oliy oʻquv yurtida oʻzbek tili oʻqitilishi bunga yaqqol misoldir.

Taʼkidlanishicha, gʻolib deb topilgan mualliflarning ishlari toʻplam shaklida nashr etilishi, metodik ishlanmalar amaliyotga keng tatbiq etilishi koʻzda tutilgan. Tanlov natijalari va gʻoliblarning roʻyxati boʻyicha taqdirlash marosimi Oʻzbek tili bayrami kuni arafasida oʻtkaziladi hamda tanlovning rasmiy sayti hamda ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.

photo_2020-09-21_19-00-08.jpg

5 310
D.MAMATOVA, Oqil GʻULOMOV (surat), OʻzA